Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahrida 20 yoshli yigit oilaviy kelishmovchilik sabab onasini pichoqlab o‘ldirdi. Bu haqda Sevimli telekananalining Zamon dasturida xabar qilindi.

Keltirilishicha, «Do‘stlik» MFYda yashovchi fuqaro A.R. onasining yelka qismiga pichoq bilan qasddan urgan. Oqibatda ayol voqea joyida halok bo‘lgan.

MFY raisi Azimjon Shokirovning so‘zlariga ko‘ra, o‘sha kuni janjal marhuma va uning kelini o‘rtasida bo‘lgan. A. oilasini janjaldan olib chiqib ketish maqsadida narsalarini yig‘ishtirgan.

«Bizga shu mahallada janjal bo‘lyapti, deb xabar qilishdi. Men, xotin-qizlar faoli, profilaktika noziri kirib borayotganimizda shu holat ro‘y berdi», — dedi rais.

Sudlanuvchi A.R.ning ilgari tayinlangan 12 yillik qamoq jazosidan norozi bo‘lib, voyaga yetmagan farzandi [voqeadan bir muddat oldin farzandli bo‘lgan] va 2 nafar ukasi borligi, otasini kasal deb, apellyatsiya tartibida qilgan shikoyati viloyat sud apellyatsiyasi instansiyasida qayta ko‘rildi.

Ammo sud hukmi to‘g‘ri kvalifikatsiya qilingan deb topilib, o‘zgarishsiz qoldirildi.