6 mart kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar qildi.

Ikki tomonlama munosabatlar kun tartibining dolzarb jihatlari yuzasidan fikr almashildi.

Tovar ayirboshlashning o‘sish sur’atlarini qo‘llab-quvvatlash, ikki mamlakatning yetakchi kompaniya va korxonalari ishtirokida iqtisodiyotning turli tarmoqlarida investitsiya loyihalarini ilgari surish va sanoat kooperatsiyasini kengaytirish masalalari muhokama qilindi, deyiladi xabarda.

Hududlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish, madaniy-gumanitar almashinuvni faollashtirishga alohida e’tibor qaratildi. Davlat rahbarlari mintaqaviy sheriklik masalalarini ham ko‘rib chiqdilar.

Kreml matbuot xizmatining xabar berishicha, tomonlar «Rossiya-O‘zbekiston strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirishning bir qator dolzarb masalalarini, jumladan, savdo-iqtisodiy sohada istiqbolli loyihalarni amalga oshirish bilan bog‘liq masalalarni» muhokama qilgan.

Bungacha O‘zbekiston va Rossiya prezidentlari ikki hafta oldin, 16 fevral kuni telefon orqali muloqot qilgan edilar.

Shu kuni, 6 martda Vladimir Putin Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Tokayev bilan ham telefon orqali muloqot qildi. Savdo-iqtisodiy, jumladan, energetika, transport, logistika va gumanitar sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.