Toshkent shahridagi Forumlar saroyi yaqinida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan yig‘ilishga qurollanib kelishi aytilgan «Ryodan» harakatiga ergashuvchi voyaga yetmagan shaxslar ushlandi, deya xabar qilmoqda poytaxt IIBB.

Qayd etilishicha, 5 mart kuni «Ryodan» guruh a’zolari tomonidan soat 18:00 da Forumlar saroyi oldida yig‘ilish o‘tkazilishi va pnevmatika, sovuq qurollar, o‘qotar qurollar bilan qurollanib kelishligi haqida xabar chiqarilgan. Mazkur xabarlarni tekshirish va jamoat tartibi buzilishini oldini olish maqsadida Toshkent shahar IIBB tomonidan maxsus tezkor-profilaktik tadbirlar o‘tkazildi.

5 mart kuni taxminan soat 18:00 larda poytaxtning xalqaro Forumlar saroyi oldida 50 ga yaqin voyaga yetmaganlar to‘plangani aniqlandi. Ular Yashnobod tumani IIO FMBga olib borilib, profilaktik suhbat o‘tkazildi. O‘rganishlar jarayonida 9 nafar voyaga yetmagan shaxslar ijtimoiy tarmoqlardagi «Ryodan» kanaliga a’zoligi aniqlandi. Barcha voyaga yetmagan shaxslar shu kunning o‘zida ota-onasi yoki yaqinlari bilan birga uyiga qo‘yib yuborilgan, hech kim protsessual tartibda ushlanmagan.

«Ryodan» harakati a’zolari tomonidan tarqatilgan xabarlar va shu mazmundagi boshqa xabarlarning barchasi Ichki ishlar organlari tomonidan tekshiriladi, har bir holat o‘rganiladi va qonuniy baho beriladi, deyiladi IIBB xabarida.

Bloger Shahnoza Soatova IIBB bayonotidan avval uning farzandi ushbu jarayonga guvoh bo‘lganini ma’lum qildi (postni ayrim juziy tahrir bilan taqdim etiladi).

«Kecha o‘g‘lim o‘sha yerda edi, 8 ta sinfdosh shahar aylangani chiqishgan, jahli chiqib kirib keldi. „Prosto KFC da o‘tirgandik, bir gala o‘smirlar qochib kirdi, orqasidan shtatskiyda quvlab kirishdi, surishtirmay biz tengilarni ushlab bosib ketaverishdi, qochdik. Bitta bola ko‘chada telefonga suratga olayotgandi, qo‘liga urishdi, telefoni otilib ketdi, bolani yerga bosib, qo‘lini qayiltirishdi, avtobusga solib ketishdi“, dedi (hozircha tarmoqqa ushbu tadbirdan olingan birorta video yo foto oqmadi, bilishimcha). O‘g‘lim yana bitta o‘rtog‘i bilan yo‘nalishli avtobusga chiqib qutulib qolishibdi. 6 nafar sinfdoshini olib ketishgan», — deyiladi postda.

«Manimcha haqiqat o‘rtaliqda: IIVga signal tushgan bo‘lsa kerak. Lekin ularning bu xatti-harakatlari maqsadga muvofiqmi, aynan shunday hammani tumtaraqay qilib, o‘smirlarda battar norozilik kayfiyatini uyg‘otib, ota-onalarni vahimaga solib, voyaga yetmaganlarga ota-onasiga qo‘ng‘iroq qilishga ham bermay bosib olib ketish (Andijonda o‘lgan o‘smir voqeasi hammaning esida) to‘g‘rimi? O‘sha avtobuslarda olib ketilganlardan nechtasi «Ryodan»chi ekanu, qolganlari uchun uzr ham so‘ralmaydimi?», — deya qayd etgan bloger.