O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari, Oliy sud rahbariyati bilan uchrashdi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadov. Uchrashuvda Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan xalqimiz tomonidan kelib tushgan takliflar yakunlari bo‘yicha maslahatlashuv bo‘lib o‘tdi.

«Deputatlar jamoatchilik tomonidan yuborilgan 200 mingdan ortiq takliflarning har birini sinchiklab o‘rganib chiqishdi, bunda xalqaro tajriba ham inobatga olindi, turli sohalardan yetuk mutaxassislar va ekspertlar jalb etildi», — deya qayd etdi prezident matbuot kotibi.

Bir necha oy davom etgan o‘rganishlar natijasida O‘zbekiston Konstitutsiyasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi Konstitutsiyaviy qonun loyihasining yakuniy tahriri tayyorlandi.

Xabarda qayd etilishicha, «mazkur qonun loyihasida ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va davlat boshqaruvi sohalariga oid o‘ta muhim o‘zgarishlar aks etgani sababli qonun loyihasini referendumga qo‘yishdan avval deputatlar O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 83-moddasida belgilangan qonunchilik tashabbusiga ega subyektlar bilan maslahatlashuvlar o‘tkazmoqda».

Bunda parlament va hukumat, jamoatchilik vakillari qonun loyihasiga o‘z takliflari va fikr-mulohazalarini bildirmoqda.

Shuningdek, mazkur qonun loyihasi Konstitutsiyaviy sud tomonidan alohida ko‘rib chiqilishi va xulosa berilishi qayd etildi, degan matbuot kotibi maslahatlashuvlar davom etishini qo‘shimcha qildi.