2 mart kuni Adliya vazirligida haydovchilar tayyorlovchi ta’lim tashkilotlari o‘qituvchi va haydovchi-yo‘riqchilarini qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tartibga soluvchi [ro‘yxat raqami 3421] nizom davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Bu haqda vazirlik xabar bermoqda.

Nizomga ko‘ra, har 3 yilda bir marta avtomaktab o‘qituvchi va haydovchi-yo‘riqchilari shartnoma asosida Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida qayta tayyorlanadi va malakasini oshiradi. Bunda tinglovchilar asosiy ish joyidan ajralgan holda o‘qitiladi. O‘quv jarayonida bir guruhda 25 nafardan ortiq tinglovchi qatnashmaydi.

Mazkur kurslarda o‘qish uchun talabgorlar Akademiyaning rasmiy veb-sayti orqali ariza bilan murojaat qiladi. Ariza kelib tushgan kundan e’tiboran 3 ish kuni ichida o‘rganib chiqilib, kamchiliklar aniqlanmagan taqdirda Akademiya va talabgor o‘rtasida shartnoma tuziladi.

To‘lov miqdorlari:

  • haydovchi-yo‘riqchilarni qayta tayyorlash, shuningdek malakasini oshirish kurslarining har biri uchun — BHMning 4,5 baravari (1 mln 350 ming so‘m);
  • o‘qituvchilarni qayta tayyorlash kursi uchun — BHMning 4 baravari (1,2 mln so‘m), ularning malakasini oshirish kursi uchun — BHMning 7 baravari (2,1 mln so‘m).

Tinglovchilarga ularning o‘quv jarayonida ishtirokini ta’minlash hamda o‘quv dasturlarini o‘zlashtirishda tyutor (o‘qituvchi-konsultant) yordamlashadi.

Spot`ning yozishicha, o‘qituvchilar va haydovchi-instruktorlar uchun qayta tayyorlash kurslarining davomiyligi 72 ta o‘quv soatini (2 hafta) tashkil etadi. Instruktorlar 90 soat (2,5 hafta), o‘qituvchilar 144 soat (4 hafta) malaka oshirishdan o‘tadi.

Qayta tayyorlash kursini muvaffaqiyatli tamomlagan tinglovchiga diplom, malaka oshirish kursini tamomlagan tinglovchiga esa sertifikat beriladi.