2−11 mart kunlari Qirg‘iziston poytaxti Bishkek shahrida birinchi marta qarlar o‘rtasida Osiyo chempionati o‘tkazilmoqda. Unda ishtirok etgan o‘zbekistonlik taekvondochilar jami 14 ta medalni qo‘lga kiritdi. O‘zbekiston karlar jamiyati «Gazeta.uz»ga sportchilarning egallagan o‘rinlari haiqda ma’lumot berdi.

Musobaqada Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Eron, Janubiy Koreya, Yaponiya, Iroq, Mo‘g‘uliston va O‘zbekiston jami 8 ta davlat ishtirok etadi. Mazkur Osiyo karlar terma jamoalari sportning taekvondo WT, dzyudo, yunon-rum kurashi va erkin kurash kabi sport turlari bo‘yicha 75 ta medallar jamlanmasi uchun o‘zaro kurashishadi.

O‘zbekiston delegatsiyasidan sportning faqat taekvondo turidan 13 nafar sportchi qatnashdi. Ular musobaqada munosib ishtirok etib, 3 ta oltin, 2 ta kumush, 9 ta bronza medaliga ega chiqdi.

2 mart, qiz bolalar o‘rtasida sparring bo‘yicha:

-67 kg: Shahnoza Hayitqulova — 1-o‘rin;

-49 kg: Dilbar Tojiboyeva — 3-o‘rin;

-46kg: Asal Hayitboyeva — 3-o‘rin;

-53 kg: Shahrizoda Nuriddinova — 3-o‘rin;

-57 kg: Go‘zal Eshmirzayeva — 5-o‘rin.

Pumseye bo‘yicha:

Robiya Miraskarova — 3-o‘rin;

Asadbek Turdaliyev — 3-o‘rin;

Taekvondoning ushbu turi hujum va mudofaa texnikasi majmuasi bo‘lib, ma’lum bir ketma-ketlikda qo‘l va oyoq texnikasining kombinatsiyasini taqdim etish, hayoliy raqib bilan duelni nazarda tutadi. Pumseye musobaqalari qoidalari individual va sinxron jamoaviy musobaqalarda qo‘llaniladi.

Juftlik bahslarida:

Robiya Miraskarova — 3-o‘rin;

Asadbek Turdaliyev — 3-o‘rin.

3 mart kuni, o‘g‘il bolalar o‘rtasida o‘tkazilgan sparring bahslarida:

-54 kg: Anvar Xolboyev — 1-o‘rin;

-63 kg: Shoxruz Abdurahmonov — 1-o‘rin;

-80 kg: Doniyor Toshmirzayev — 2-o‘rin;

-68 kg: Muhammad Usmonov — 2-o‘rin;

-74 kg: Xojiakbar Saidmurodov — 3-o‘rin;

-58 kg: O‘tkirbek Turdaliyev — 3-o‘rin.

Osiyo chempionatida sovrindor bo‘lgan sportchilar 2024 yili Xorvatiyada o‘tkaziladigan Jahon chempionatida ishtirok etish huquqiga ega bo‘ladi. Bundan tashqari yaxshi reyting ochkolarini to‘plaganlar avtomatik tarzda keyingi Surdlimpiada o‘yinlariga yo‘llanma oladi. Sportchilar 6 mart kuni Bishkek-Toshkent parvozi orqali vatanga qaytishi belgilangan.