MittiVine taxallusi bilan ijod qilib kelgan taniqli vayner va bloger Farhod Mannopov 5-martga o‘tar kechasi vafot etdi. Bu haqda marhumning do‘stlariga tayanib, Kun.uz xabar bermoqda.

Avvalroq u basseynda suzish jarayonida boshidan jarohat olgani haqida xabar berilgandi.

Shundan so‘ng operatsiya qilingan, ammo komaga tushib qolib, o‘ziga kelmagan.

Ma’lumot uchun, 27 yoshli vaynerning Instagram sahifasidagi (MittiVine) obunachilari soni 1,1 milliondan ortiqni tashkil etadi.

Uning do‘sti, hajviy videolarda birga ko‘rinish beradigan Ulug‘bek Shodibekov (mitti.me) Farhod Mannopovning vafoti yuzasidan post qoldirdi.

“Hamma narsa biz o‘ylaganimizdek bo‘lmas ekan. Barchasi Yaratganning qo‘lida — qachon berib, qachon olishini faqat o‘zi bilarkan. Hammasi uchun rahmat, sendan juda ko‘p narsa o‘rgandik. Sen haqiqiy lider eding, jamoa asoschisi, har qanaqa vaziyatda suyanchiq eding! Do‘stim, bizdan rozi bo‘l, biz sendan mingdan-ming rozimiz”, — deb yozadi bloger.