Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanida chorva mollarini hokimlik binosi oldiga haydab borgan fuqaro yetti sutkaga qamaldi, deya xabar bermoqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati.

27 fevral kuni fuqaro J. P. akasiga tegishli chorva mollarini G‘uzor tuman hokimligi ma’muriy binosi oldiga haydab borgan. Tuman hokimligining ma’lum qilishicha, fuqaro akasining huquqni muhofaza qilish idoralari tomonidan «asossiz ravishda tergovga jalb etilganidan norozi bo‘lib ushbu harakatni amalga oshirgan».

Shundan so‘ng, fuqaroning xatti-harakati yuzasidan G‘uzor tuman IIB tomonidan tergovga qadar surishtiruv harakatlari olib borilgan.

Boshqarma xabariga ko‘ra, fuqaro jamoat joyida yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan qilgan xatti-harakatlari bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasida (Mayda bezorilik) nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan.

Mazkur huquqbuzarlik yuzasidan to‘plangan hujjatlar jinoyat ishlari bo‘yicha Qamashi tuman sudiga yuborilgan. Sudning 3 martdagi qaroriga ko‘ra, huquqbuzar J. P.ga yetti sutka qamoq jazosi tayinlangan.