Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahrida ichki ishlar organi xodimining choyxonada o‘tirgan paytida yoniga kelib, tasvirga olgan va ijtimoiy tarmoqlarga tarqatgan fuqarolar 15 sutkaga qamaldi, deya xabar bermoqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati.

Ma’lum bo‘lishicha, bir necha erkak ovqatlanish shoxobchalaridan birida yo‘l-patrul xizmati xodimini uchratib qolgan. Ular kameralar bilan xodimning yoniga kelib, videoga olgan va ijtimoiy tarmoqlarda tarqatgan. Shundan so‘ng 102 tezkor raqamiga yolg‘on xabar berib, voqea joyiga Shahrisabz shahar ichki ishlar bo‘limi tergov-tezkor guruhini chaqirgan.

«Choyxonaga „dostavka“ olish uchun kirsam, hamkasbim o‘tirgan ekan. Ofitsiantga ko‘k choy olib kelishini so‘radim, boshqa hech narsa kerakmasligini aytdim. Oradan 10−15 daqiqa o‘tdi, bir odam kirib keldi, orqasidan yana 5 nafar odam suratga olib kirib keldi. Ovqatlanishga haqqim yo‘qmi, deb savol berdim. Kirib kelib, senlar bu yerda nima qilib o‘tiribsan, senlarga mumkinmi bu yerda o‘tirish, deyapti. To‘rt nafari eshikni ushlab o‘tirdi, tashqariga chiqishimga ham qo‘yishmadi», — dedi xodim.

Ta’kidalnishicha, voqea 26 fevral, yakshanba — IIO xodimining dam olish kunida sodir bo‘lgan. Holat yuzasidan surishtiruv harakatlari olib borilib, to‘plangan hujjatlar chora ko‘rilish uchun jinoyat ishlari bo‘yicha Shahrisabz shahar sudiga yuborilgan.

5 nafar erkak Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalarida ko‘rsatilgan huquqbuzarliklarni sodir etganlikda ayblanib, 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.