Farg‘ona shahrida yashagan B.E. tanishi A.A. bilan noma’lum moddadan zaharlanishi oqibatida vafot etgani haqida xabar tarqaldi. Viloyat prokuraturasi holat yuzasidan munosabat bildirdi.

Aniqlanishicha, 2022 yil 26 dekabr kuni Ahmad Yassaviy ko‘chasida yashagan B.E. tanishlari A.A. va X.M. bilan birga noma’lum moddadan zaharlanib, B.E. va A.A. voqea joyida vafot etgani, X.M. esa og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgani haqida xabar kelib tushgan.

Hodisa joyi shahar prokurori rahbarligida sud-tibbiy ekspertiza bo‘limi eksperti, tezkor-tergov guruhi, FVB Farg‘ona shahri bo‘limi, SEO va JSX shahar bo‘limi va «Hududgaz Farg‘ona» GTF shahar bo‘limi xodimlaridan iborat mutaxassislar ishtirokida tekshirilgan.

Murdalar ko‘zdan kechirilganida ularda tashqi tan jarohatlari va izlar aniqlanmagan.

Tergovga qadar tekshiruv natijasiga ko‘ra, fuqarolarning is gazidan zaharlanib vafot etgani holati bo‘yicha shahar prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atish rad etish haqida qaror qabul qilingan. Qarorning qonuniyligi o‘rganilib, bekor qilingan va hozirda qo‘shimcha tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilmoqda.