Bir yilda nechta kitob o‘qiysiz? Kuningizning qancha qismini mutolaaga sarflaysiz? Xohlaganingizdan ko‘ra kam, to‘g‘rimi? Ish-tashvishning tugamasligi yoki shunchaki hafsala, xohish yo‘qligi bahona bunga. “Gazeta.uz” kitobxonlikni targ‘ib etish, o‘quvchini ko‘p va xo‘b o‘qishga undash niyatida “Nima o‘qiymiz?” savoli bilan olim, tadqiqotchi, jamoat faoli, yozuvchi-shoir, tarjimon va boshqalarga yuzlanadi, ularning yil davomida o‘qigan yo o‘qilishi shart deb sanagan kitoblari tavsiyasini sizga yetkazadi. Maqsad juda oddiy — kitobxon bo‘laylik!

“Nima o‘qiymiz?” loyihasining navbatdagi mehmoni — taniqli iqtisodchi, “Gazeta.uz” kolumnisti, “Iqtisodchi kundaligi” blogi, “Hoshimov iqtisodiyoti” videoblogi muallifi Behzod Hoshimov. U Daron Ajemo‘g‘li va Jeyms Robinsonning “Mamlakatlar tanazzuli sabablari: Qudrat, farovonlik va kambag‘allik manbalari” kitobining o‘zbek tiliga tarjimasiga muharrirlik qilgan, Yoshlar ishlari agentligining “100 kitob” loyihasi ekspertlar guruhi a’zosi hisoblanadi. U “Yuksalish” umummilliy harakati tomonidan tuzilgan O‘zbekiston blogerlari va inflyuyenserlarining 30 talik ro‘yxatiga kiritilgan edi.

Behzod Hoshimov Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha Oksus jamiyati, Amerika Iqtisodchilar Assotsiyatsiyasi va AQShdagi Strategik menejment jamiyati a’zosi. AQSh Patent va Tovar belgilari idorasidan iqtisodiy model patenti sohibi, Xalqaro iqtisodiyot olimpiadasining (IEO) hakamlar hay’ati tarkibidan o‘rin olgan. U ayni vaqtda O‘zbekiston Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Jamoatchilik kengashi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi budjet masalalari qo‘mitasi huzuridagi Ekspertlar kengashi va “Mikrokreditbank” kuzatuv kengashi a’zosi hisoblanadi.

Yaqin bir yilda o‘qilgan kitoblardan tavsiyalar

Oded Galor. The Journey of Humanity: The Origins of Wealth and Inequality. Dutton nashriyoti. 2022-yil. 304 sahifa

беhзод hошимов, kitob, kitobxonлиk, мuтолаа, nima o‘qiymiz, tavsiyalar

Braun universiteti professori Oded Galor o‘zining “Insoniyatning tarixi: Boylik va tengsizlikning asoslari” kitobida boyish va boylikni so‘nggi 40 ming, 10 ming, oxirgi 500 yil nuqtai nazaridan tahlil qiladi. Tarixiy yo‘nalishdagi ushbu ajoyib kitobni o‘qish davomida hozir qanday yaxshi, farovon zamonda yashayotganimizni, insoniyat tarixidagi qanchalar omadli avlod ekanimizni anglab yetish mumkin. Bir qarashda bu kitob Yuval Noa Xararining “Sapiyens”siga o‘xshaydi, ammo Galor nafaqat tarixchi, balki iqtisodchi ham bo‘lgani bois, u o‘z kitobini Xarari yo‘l qo‘ygan xatolarni qilmay, juda zo‘r yozgan.

Mark Koyama, Jared Rubin. How the World Became Rich: The Historical Origins of Economic Growth. Polity nashriyoti. 2022-yil. 240 sahifa

беhзод hошимов, kitob, kitobxonлиk, мuтолаа, nima o‘qiymiz, tavsiyalar

Mark Koyama va Jered Rubinning o‘tgan yili chiqqan “Dunyo qanday boyidi? Iqtisodiy o‘sishning tarixiy manbalari” ham Oded Galorning kitobi bilan bir xil mavzuda, qaysidir ma’noda Galorning kitobiga “kompliment” deyish ham mumkin. Tavsiya qilarkanman, bu kitob haqida oddiy qilib shunday degan bo‘lardim: dahshatli darajada zo‘r kitob! Har ikkala kitobda — har xil yondashuv bilan — bir xil narsa haqida yozilgan. Faqat bunisida mavzu nisbatan chuqurroq, nisbatan yaxshi tadqiq qilingan, ko‘p narsani o‘rganish mumkin.

Mixail Zigar. “Imperiya doljna umeret”. “Alpina” nashriyoti. 2017-yil. 1020 sahifa

беhзод hошимов, kitob, kitobxonлиk, мuтолаа, nima o‘qiymiz, tavsiyalar

“Imperiya o‘lishi kerak” — Rossiya imperiyasining qulashi arafasidagi voqea va vaziyatlar: rus-yapon urushi, Nikolay Ikkinchining saroyidagi mashmashalar, imperator va umuman rus elitasi nimalarga, qanday konspirologiyalarga ishonishi kabi mavzular atrofida aylanuvchi kitob. Zigar ushbu kitobini ham o‘ziga xos o‘yinqaroqlik bilan qiziqarli qilib yozgan. Bu kitobni hozir ham o‘qishda davom etyapman.

Petr Aven. “Vremya Berezovskogo”. “Corpus” nashriyoti. 2017-yil. 816 sahifa

беhзод hошимов, kitob, kitobxonлиk, мuтолаа, nima o‘qiymiz, tavsiyalar

Avenning “Berezovskiy davri” kitobini o‘tgan yilning oxirlarida o‘qib bitirdim. 1990-yillar haqida, bahsli joylari ko‘p, ammo ichida ko‘p yaxshi ocherklar berilgan. Shu davr, shu mavzuga qiziquvchilar uchun qiziq, yaxshi kitob, degan bo‘lardim.

Sebastian Mallaby. The Power Law: Venture Capital and the Making of the New Future. Penguin Press nashriyoti. 2022-yil. 496 sahifa

беhзод hошимов, kitob, kitobxonлиk, мuтолаа, nima o‘qiymiz, tavsiyalar

Bu kitob AQShdagi venchur kapital tarixi haqida. Birinchi venchur shartnomalar tarixi, venchur investorlar boshida qanday fikrlaganu, hozir qanday fikrlayotgani haqida ko‘p qiziq narsalar yozilgan, shu mavzuga qiziquvchilar, men kabi shu mavzuda ilmiy tadqiqot olib borayotganlar ancha-muncha yangilik olishi mumkin. Zo‘r muallifning zo‘r kitobi, degan bo‘lardim.

Ethan Mollick. The Unicorn’s Shadow: Combating the Dangerous Myths that Hold Back Startups, Founders, and Investors. Wharton School Press nashriyoti. 2020-yil. 116 sahifa

беhзод hошимов, kitob, kitobxonлиk, мuтолаа, nima o‘qiymiz, tavsiyalar

Men hozir Viskonsinda tadbirkorlik bo‘yicha dars beraman. Yaqinda o‘qib chiqqanim va hozirda o‘z talabalarimga ham tavsiya qilayotganim ushbu kitob esa tadbirkorlik mavzusida yaxshi tadqiqotchi tomonidan yozilgan yaxshi kitoblardan biri hisoblanadi. Hajman qisqa bo‘lsa-da, tadbirkorlar va tadbirkorlik haqidagi afsonasifat qarashlarni yo‘qqa chiqarib tashlay oladi. Tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan odamlarga bu kitob qiziq bo‘ladi.

Ran Abramitzky, Leah Boustan. Streets of Gold: America’s Untold Story of Immigrant Success. PublicAffairs nashriyoti. 2022-yil. 256 sahifa

беhзод hошимов, kitob, kitobxonлиk, мuтолаа, nima o‘qiymiz, tavsiyalar

“Oltin ko‘chalar” — Amerikaga immigratsiya haqida juda yaxshi yozilgan kitob, muhojir oilalar o‘zining “Amerika orzusi”ni qanday qilib ro‘yobga chiqarishi haqida zo‘r tadqiqot. Tarixchi Ren Abramitski va iqtisodiy tarixchi Lea Boustan tomonidan yozilgan ushbu kitobda Amerikaga kelgan immigrantlar qanday qilib muvaffaqiyatga erishishi, ular qanchalik tez o‘rta va yuqori sinf vakillariga aylanishi va, shu bilan birga, immigratsiya AQSh uchun naqadar muhimligi haqida hikoya qiladi.

Yoshlarga tavsiyalar

Badiiy (fiction) va ilmiy-ommabop (non-fiction) degan bo‘linuvni subyektiv va notabiiy deb hisoblayman. Masalan, Kafkaning “Jarayon” yoki Oruellning “1984” yoki Makiavellining “Hukmdor” asarlari huquq, adolat va qudratni tushuntirishda Aflotunning “Davlat” yoki Rolzning “Adolat nazariyasi”dan kamroq o‘rganiladigan asarlar emas. Yoki bo‘lmasa Shekspirning “Venetsiyalik savdogar”ini olasizmi, “Me’yor ustida me’yor”ini olasizmi, ularni kontekst bo‘yicha ham, ma’nosi jihatdan ham g‘irt yuridik asarlar deb atash mumkin. Tavsiyalarimda juda ko‘plab “badiiy” deb nomlangan, lekin g‘oyasi aslida badiiy bo‘lmagan asarlar o‘rin oladi.

“Kitobni o‘qishdan maqsad nima?”, degan savolga ham javob berish kerak. Menimcha, kitob o‘qishdan ko‘zlangan maqsadlardan biri — jamiyat qanday fikrlar, farazlar, miflar yoki, yangicha so‘zlar bilan aytganda, qanday memlar ustida turgani, qurilganini ko‘rishdir. Masalan, o‘zga sayyoralik kimdir biror bir mamlakatga kelsa, u o‘sha mamlakatda bo‘layotgan munozaralarni tushunishi uchun qaysi asarlarni, nimani o‘qishi kerak? Shunday ekan, ayrim kitoblarni nafaqat zavqli va foydali bo‘lgani uchun, balki ular favqulodda muhim bo‘lgani va ularni o‘qish kerak bo‘lgani uchun ham o‘qish kerak.

Kitoblarni model sifatida tushunmoq kerak. Bunda model degani — haqiqatning qandaydir reduksion formasi va o‘sha haqiqatni o‘ylashga imkon beradigan juda foydali shakl. Masalan, tibbiyot oliygohlarida sizga skeletning modelini berishadi — skeletning modeli odamning to‘liq ko‘rinishi emas, albatta, lekin u suyaklarni o‘rganish uchun yetarli. Yoki odamning qon, tomirlari joylashuvi, yurak modeli bor — u ham insonni to‘liq anglash uchun yetarli emas, ammo aynan qonni o‘rganish uchun yaxshi tasavvur beradi. Ya’ni, siz, umuman barcha insonlar ham qandaydir modellar asosida fikrlaydi. Men uchnu kitoblar ham ma’lum bir modellardir. Mening kitob tavsiyalarim ham modellar nuqtai nazaridan, modellarni tushunish uchun yo‘naltirilgan, degan bo‘lardim.

Shuni alohida ta’kidlashim kerakki, men hali 30 yoshga to‘lmaganman va bu tavsiyalar, avvalo, o‘z tengdoshlarimga qaratilgan:

  • Qadimgi Yunon va Rim falsafasi (Seneka (“Lutsiliyga xatlar”), Aflotun (“Davlat”), Mark Avreliy, Gomer (“Iliada”), Arastu (“Nikomax falsafasi”) va boshqalar) — hozirgi dunyoni va ko‘p g‘oyalarning “oyog‘i qayerdan o‘sayotgani”ni tushunish uchun;
  • Uilyam Shekspir asarlarini (“Qirol Lir”, “Romeo va Juletta”, “Venetsiyalik savdogar”, “Me’yor ustidan me’yor”, umuman, hamma asarlari — bari muhim) — hozirgi G‘arb dunyosini tushunish hamda zamonaviy san’at va madaniyat anglash uchun;
  • Nikolay Гоголniнг “Revizor” komediyasi — jamiyat qanday tuzilganini anglash uchun. Umuman, rus klassiklaridan nafaqat Gogol (ayniqsa, “Shinel”, “Peterburg hikoyalari”, “O‘lik jonlar”), balki Aleksandr Pushkin (hamma asarlari), Aleksandr Griboyedov (“Aqldan voy”), Mixail Saltikov-Shchedrin, Anton Chexov (“Olchazor”, “6-palata”), zamonaviylaridan Sergey Dovlatovni tavsiya qilgan bo‘lardim;
  • Fyodor Достоевсkийniнг “Telba”si — insonning chuqur rag‘batlari, nimalarni yoqtirish-yoqtirmasligi, nimadan nafratlanishi va qo‘rqishi, bir so‘z bilan aytganda, inson psixologiyasini tushunish uchun. Uning boshqa asarlari (“Yerto‘ladan maktublar”, “Aka-uka Karamazovlar” va h.k.) ham shu maqsadga xizmat qiladi;
  • Lev Tolstoy asarlari (“Urush va tinchlik”, “Hojimurod”) — insonlar nima uchun jamiyatda o‘z o‘rnini qidirishi, nega inson uchun iqtisodiy mavqedan ko‘ra ijtimoiy nufuz muhimroqligini tushunish uchun. Sotsiologiyaga qiziquvchilar albatta o‘qishi kerak;
  • Aleksis de Тоkвилniнг “Amerikada demokratiya”si — AQShdagi siyosiy jarayonlarni tushunish uchun. AQSh haqidagi eng yaxshi kitob fransiyalik tomonidan XIX asrda yozilgan va hali ham eskirmagan;
  • Tomas Ҳоббсniнг “Leviafan” va Jon Ролзniнг “Adolat nazariyasi” — siyosiy fikr haqida tushuncha hosil qilish uchun.
  • Abdulla Qodiriy, Abdulhamid Cho‘lpon, O‘tkir Hoshimov asarlari — o‘zbek falsafasini, hozirgi o‘zbek tafakkurini tushunish uchun. Zamonaviy o‘zbek tili mana shu mualliflar yozgan asarlarning o‘rta arifmetigi atrofida yaratilgan, ko‘p qayg‘ular hamon o‘sha-o‘sha. Shuningdek, o‘zbek adabiyotidan “Boburnoma”ni ham (iloji bo‘lsa, ingliz tiliga qilingan nasriy bayonini) o‘qishni tavsiya qilgan bo‘lardim;
  • Jorj Oruell asarlari (“1984”, “Molxona”) — jamiyatdagi ko‘plab muammolarni bizga ko‘rsata olish qobiliyatiga ega bo‘lgani uchun; bu asarlarni hamma o‘qishi kerak;
  • Alber Kamyu (“Vabo”), Erix Mariya Remark (“Uch og‘ayni”, “G‘arbiy frontda o‘zgarish yo‘q”) asarlari — Yevropa falsafasini tushunish uchun.
  • Rey Бредбериniнг “Farengeyt bo‘yicha 451 daraja” asari — jamiyat nimalarga qodirligini tushunish uchun. Amerika adabiyotidan, shuningdek, Ernest Heminguey, Martin Lyuter King kabilarni ham o‘qish kerak;
  • Yuval Noa Xarari (“Sapiens”, “Homo Deus”), Nassem Taleb (“Qora oqqush”) kitoblari — yaxshi yoki qiziqarli bo‘lgani uchun emas, bu dunyodagi ko‘p narsalar shu kitoblarda yozilgan narsalar ustiga qurilgani uchun;
  • O‘rxon Pomuq asarlari (“Mening ismim Qirmizi”, “Qor”, “Istanbul: Xotiralar va shahar”, “Javdatbey va o‘g‘illari” va boshqalar) — hozir turk tafakkurini, turk modellarini, memlarini tushunish uchun, juda muhim.
  • Chingiz Aytmatov asarlari (xususan, “Jamila”) — postsovetdan oldingi O‘rta Osiyoni anglash uchun;
  • Yegor Гайdaрniнг “Gibel imperii” kitobi — hozirgi O‘zbekiston atrofidagi iqtisodiyotni, O‘zbekistonning mustaqillikdan avvalgi iqtisodiy kasalliklari qayerdan kelib chiqqanini tushunish uchun. O‘zbekistonliklar bu kabi kitoblarni o‘qishi kerak, deb o‘ylayman.

Iqtisodiyot bo‘yicha ko‘plab kitoblarni tavsiya qilishim mumkin, lekin hozircha faqat quyidagilar bilan cheklanaman:

  • Daron Ajemo‘g‘li, Jeyms A. Robinson. “Mamlakatlar tanazzuli sabablari” (buni hamma o‘qishi kerak);
  • Jared Daymond. “Guns, Germs, and Steel”;
  • Genri Hezlitt. “Economics in One Lesson: The Shortest and Surest Way to Understand Basic Economics”;
  • Daniel Kaneman. “Thinking Fast and Slow”;
  • Stiven Lendsburg. “The Armchair Economist: Econimics and Everyday Life”;
  • Avinash Diksit, Barri Neylbaff. “The Art of Strategy: A Game-Theorist's Guide to Success in Business and Life”;
  • Thomas C. Schelling. “The Strategy of Conflict: With a New Preface by the Author”;
  • Sylvia Nasar (Zulfiya Nazar). “A Beautiful Mind”.
  • Elvin Rot. “Who Gets What ― and Why: The New Economics of Matchmaking and Market Design”;
  • Devid Fridman. “Hidden Order: The Economics of Everyday Life”;
  • Devid Fridman. “Law's Order: What Economics Has to Do with Law and Why It Matters”;
  • Robert Shiller. “Narrative Economics: How Stories Go Viral and Drive Major Economic Events”;
  • Joel Mokir. “A Culture of Growth: The Origins of the Modern Economy”.
  • Steven D. Levitt, Stephen J. Dubner. “Freakonomics” seriyasi;
  • Deirdre Nansen McCloskey. “The Bourgeois Virtues: Ethics for an Age of Commerce”;
  • Eric A. Posner, Glen Weyl. “Radical Markets: Uprooting Capitalism and Democracy for a Just Society”.