Samarqand shahrida er-xotinni $40 ming evaziga AQShga jo‘natmoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi, deya xabar bermoqda Davlat xavfsizlik xizmati.

Ma’lum qilinishicha, Samarqand shahrida yashovchi 1987 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan shaxs Sirdaryo viloyatining Oqoltin tumanida yashovchi fuqaro va uning turmush o‘rtog‘ini o‘zining tanishlari yordamida avval Yevropaga, so‘ngra Meksika orqali AQShga yuborishni va’da qilib, evaziga 40 ming dollar so‘ragani gumon qilinmoqda.

Uni DXX Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining hududiy boshqarmasi xodimlari Samarqand shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda 12 ming dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlagan, deyiladi xabarda.

Surishtiruv harakatlari davomida u avval pul evaziga bir nechta fuqaroni Qo‘shma Shtatlarga noqonuniy yuborgani ma’lum bo‘lgan. Hozirda bu fuqaroga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.