Ba’zida kino ko‘rging keladiyu, lekin nima ko‘rishni bilmaysan. Kinodan ko‘pi bormi, lekin bir tavsiya bo‘lsayu, unga ishonib, tomoshani boshlasang. “Gazeta.uz” mushtariylarning dam olish kunlari mazmunli o‘tishiga ko‘maklashish niyatida yangi — “Nima ko‘ramiz?” loyihasini boshladi. Loyiha doirasida shu savolga kino ijodkorlari, ssenariynavislar, yozuvchi va shoirlar, jurnalist va blogerlar, jamoat faollari har hafta birma-bir javob beradi. Maqsad shuki, kino ko‘raylik, ammo vaqtimiz behuda ketmasin.

“Nima ko‘ramiz?” loyihasining ilk mehmoni — kinorejissyor Sarvar Karimov. Uning Xudoyberdi To‘xtaboyev asarlari asosida suratga olingan “Sehrli qalpoqcha” (2012), “Sehrli qalpoqcha 2: Sariq devni minib” (2014) va Chingiz Aytmatovning asari asosida suratga olingan “Sarvqomat dilbarim” filmlari ayniqsa mashhur.

Izoh: Shu vaqtgacha o‘zbek tiliga o‘girilgan xorijiy filmlarning nomlari efirga ketgan yoki xalq orasida o‘rnashgan nomlari bilan berildi, o‘zbek tiliga o‘girilmagan filmlarning nomlari tahririyat tomonidan erkin tarjima qilindi.

So‘nggi vaqtlarda ko‘rilgan (asosan yangi) filmlardan tavsiyalar

“Etik kiygan mushuk 2: So‘nggi istak”

“Puss in Boots: The Last Wish”, 2022

2001 yilgi “Shrek” — multiplikatsiyada inqilob yasagan film. Disneydan farqli o‘laroq, Spilberg boshchiligidagi DreamWorks studiyasi animatorlari G‘arb ertaklarini dekonstruksiya (san'atda muayyan janrning temir qonun-qoidalariga yangicha nigoh bilan yondashish) qilgan.

Mehrtalab ajdahoga qon emas, sevgi kerak. Oq ot mingan shahzoda o‘rnida Eshak va Shrek, go‘zal malika o‘rnida esa Odinaxon, aniqrog‘i — Fiona. Bunday ajoyib personajlar orasida etik kiygan Mushuk qalbimizdan alohida o‘rin olgan. Bu personajning ko‘zlarini lo‘qqaytirib turgan holda mustaqil mem darajasiga ko‘tarila olgani — XXI asrda juda katta hodisa, men sizga aytsam.

2011 yilgi birinchi filmdan salkam 12 yil o‘tib, “Etik kiygan Mushuk"ning ikkinchi qismi chiqayotganini eshitib, ochig‘i, bir xavotirga tushdim. Kamdan kam hollarda sikvel originalidan ustun chiqadi. Ammo 2022 yilgi “Etik kiygan Mushuk 2"ni ana shunday noyob filmlar sirasiga kiritsa bo‘ladi.

Film konsepsiyasi “mushuklarning 9 ta joni bo‘ladi”, degan naqlga qurilgan. Butun umrini shon-shuhratli jang-u jadallarda o‘tkazgan Mushuk roppa-rosa 8 marta o‘lganini va hozir to‘qqizinchi — oxirgi umrini yashayotganini anglaydi. Avvaliga buni tan olishni istamasa-da, katta yovuz bo‘ri qiyofasidagi O‘lim bilan uchrashgach, qahramonimiz qalbini qo‘rquv egallaydi.

U o‘ziga soxta qabr yasab, oddiy mushuk kabi hayot kechira boshlaydi: soqol o‘stirib, qorin qo‘yadi. Ammo taqdir Mushukka yana bir imkoniyat beradi. U sehrli xarita yordamida Orzular yulduzini topib, o‘ziga yana 9 ta jon tilab olishi mumkin! Faqat buning uchun eski muhabbati — Momiqpanja Mushukoy bilan bellashishiga to‘g‘ri keladi.

“Mushuk 2” avvalo kattalar uchun (shunday bo‘lsa-da, Tillazulf (“Zlatovlaska”, Goldilocks) va Uch ayiq, Jek Xorner va ko‘ppak Perrito bolachalarni ham zeriktirib qo‘ymaydi). U bizni umr va keksalik, asl baxt nimada ekani, oilaning hayotimizda tutgan o‘rni haqida o‘ylashga undaydi. Tarkovskiyning “Stalker” va Bergmanning “Yettinchi muhr” filmlariga ommaj (badiiy ehtirom)lardan iborat bo‘lsa-da, oila davrasida ko‘rish uchun ajoyib multfilm.

“Tashrif”

“The Visit”, 2015

M. Nayt Shyamalanning hayot yo‘li kino qilishga arzigulik. U Hindistonda tug‘ilib, Nyu-York universiteti qoshidagi kinomaktabni tamomlagan. 29 yoshida o‘zi yozgan ssenariy asosida “Oltinchi his” (“The Sixth Sence”, 1999) trillerini suratga olib, butun dunyoga tanilgan: budjeti 40 mln dollarlik mazkur film prokatda salkam 700 mln ishlagan.

Shundan so‘ng AQSh kinosanoatida “Shyamalan effekti” degan tushuncha shakllanadi. Ya’ni, asar yakunida shunday kuchli syujet burilishi yuz beradiki, filmni yana bir bor ko‘rishni istab qolasiz.

Nolinchi yillardagi muvaffaqiyatsiz kartinalardan so‘ng, Shyamalan bir yil rihlatga chekindi va “Tashrif"ning ssenariysini yozdi. Gollivud o‘lchovi bilan aytganda, arzimagan 5 mln dollarga olingan filmdan salkam 100 mln daromad oldi. Undan keyingi “Split” (“Split”, 2017), “Shisha” (“Glass”, 2019), “Davr” (“Old”, 2021) kartinalari esa rejissyor karerasida navbatdagi muvaffaqiyatli bosqich boshlangani ko‘rsatdi.

“Tashrif” xorror va triller janrlarida, mokyumentari uslubida tasvirga olingan. Bu uslubni yana “topilgan kinotasma” deb nomlashadi — film go‘yo noprofessional videokamera yoki mobil qurilmaga tasvirga olingan “haqiqiy” kadrlardek tomoshabinga taqdim etiladi. Mokyumentari pulni tejash kerak bo‘lganida ham qo‘l keladi.

Xullas, 10−13 yoshli opa-uka Rebekka va Teylor birinchi marta ta’tilga buvi va buvasinikiga — qishloqqa ketishyapti. Bolalarning onasi uzoq yillar burun o‘zining ota-onasi bilan urushib, shaharga chiqib ketgan-u, shu bilan qaytib ko‘rishmagan. Shu boisdan bolalar uchun chinakam ilk uchrashuv.

“Buvimnikida o‘tgan yozgi ta’til” ko‘rinishida boshlangan hikoya qonli dahshat bo‘lib tugaydi. Umuman olganda, xorror janriga qiziqsangiz, Blumhouse studiyasining boshqa ishlari bilan ham tanishib chiqishni tavsiya qilgan bo‘lardim.

“Yangi tartib”

“Nuevo orden”, 2020

Bu filmni o‘tgan yili ko‘rgandim, ammo hozir tavsiya qilmasam, o‘zimni kechirolmayman!

Meksika. Boy xonadon egalari to‘y qilayotgan kun mamlakat bo‘ylab inqilob boshlanadi. Avvaliga och xalq bosh ko‘taradi, hukmron elita chet elga qochadi; hokimiyat harbiylar qo‘liga o‘tadi. Xaos, hamma bir-birini qirgan, hamma bir-birini sotgan, hamma bir-birining ustidan pul ishlagan.

Sen o‘rgangan osuda hayot bir soniyada shu qadar o‘zgarib ketib, bankdagi xisob-raqamingda necha mlrd puling borligi, kattalar"dan kimlarni tanish-tanimasliging, jamiyatning qaysi pog‘onasida ekaning sariq chaqaga arzimay qolishi mumkinligini rejissyor Mishel Franko sovuqqonlik bilan ko‘rsata olgan.

Menga ushbu film bir tomchi pafossiz ishlangani uchun yoqdi. “Boylar yomon”, “kambag‘allar yaxshi”, “ana, endi qilgan jinoyating uchun javob berasan”, degan oldi-qochdi yo‘q. Mazkur film 18+, asabi bo‘shlar ko‘rmasin. Unda hech qanday xeppi-end bo‘lmaydi. Chunki bu film biz uchun odatiy bo‘lgan balandparvoz propagandaga emas, mantiqiy realizmga qurilgan.

Hamma ko‘rishi tavsiya etiladigan filmlar o‘nligi

  1. “Katta shahar chiroqlari” (“City Lights”, 1931 yil) — “Insoniylik nima?” degan savolga javob topmoqchi bo‘lsa, o‘zga sayyoraliklar aynan shu filmni ko‘rishi kerak;
  2. “Qiyomat qoyim” (“Apocalypse Now”, 1979) — kino nafaqat san’at, balki murakkab sanoat ekanini his qilish uchun;
  3. Yulduzlar jangi: 4-epizod — Yangi umid” (“Star Wars”, 1977) — erkin ijod insoniyatga qanchalik katta foda keltirishi mumkinligini anglash uchun;
  4. Kino tarixidagi eng buyuk film 1994 yilda suratga olingan, ammo u Shoushenkdan qochishmi yoki Forrest Gamp — bilmadim;
  5. PiKey” (“PK”, 2014) — nafaqat zerikarli art-xaus, balki hatto an’anaviy hind kinosi orqali ham falsafiy mushohada yuritish mumkinligining isboti;
  6. Stenli Kubrikning istalgan bir filmi. Agar faqat bittasini tanlash kerak bo‘lsa, u holda “To‘liq metalli qoplama” (“Full Metal Jacket”, 1987);
  7. “21 gramm” (“21 Grams”, 2003) — kinotil imkoniyatlarini, biroz qiynalib bo‘lsa-da, tushunish uchun;
  8. Shina” (“Rubber”, 2010) — kino naqadar xilma xil bo‘lishi mumkinligini shunchaki ko‘rish uchun;
  9. “Egrilik sari” (“Breaking Bad”, 2008−2013) — haqiqiy dramatik serial qandan bo‘lishini bilish uchun;
  10. O‘zim 1000 marta ko‘rgan guilty pleasure — Enagalar” (“Twin Sitters”, 1994). Har bir odamning o‘z “Enaga"si bo‘lishi kerak!