Hindistonning IndiGo aviakompaniyasi 2023 yil avgustidan Dehli va Toshkent o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni yo‘lga qo‘yadi, deya xabar berdi Uzbekistan Airports matbuot xizmati.

Dehli-Toshkent-Dehli yo‘nalishi bo‘yicha muntazam reyslar haftasiga 4 marta Airbus A320 va A321 samolyotlarida amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Bu taklifni aviakompaniya vakillari O‘zbekiston Transport vazirligi va Hindistondagi elchixona ko‘magida Uzbekistan Airports bilan muzokaralar chog‘ida bildirgan.

Uch tomonlama uchrashuv yakunlari bo‘yicha IndiGo aviakompaniyasi delegatsiyasining O‘zbekistonga kelishi doirasida muzokaralarning navbatdagi bosqichini o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

Ma’lumot o‘rnida, IndiGo — bosh qarorgohi Hindistonning Gurgaon shahrida joylashgan hind xususiy loukoster aviakompaniyasi. U muntazam qatnovlar va samolyotlar soni bo‘yicha mamlakatdagi eng yirik aviatashuvchi hisoblanadi.