3 mart kuni Senatning o‘ttiz yettinchi yalpi majlisida «Energiya resurslaridan qonunga xilof ravishda foydalanganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun muhokama qilindi, deya xabar bermoqda uning matbuot xizmati.

Mamlakatda energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish bilan bog‘liq qonunbuzarliklar soni ortib bormoqda. Xususan, Bosh prokuratura tomonidan 2022 yil va 2023 yilning o‘tgan davri yuzasidan elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish qoidalarini buzganlik holatlari bo‘yicha 433 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ushbu jinoyatlar oqibatida davlat manfaatlariga 368,1 milliard so‘m miqdorda moddiy zarar yetkazilgan.

Suv ta’minoti tarmoqlariga 1624 ta noqonuniy ulanishlar aniqlanib, qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘ygan shaxslardan 7 milliard 144 million so‘mlik qo‘shimcha to‘lovlar undirilgan.

«Elektr, gaz va vodoprovoddan tijorat maqsadlarida qonunga xilof ravishda foydalanish — o‘g‘irlik, deb belgilanmoqda. Sababi oddiy: mazkur ne’matlar xalqimizniki, ya’ni ko‘pchilikning haqqi. Shunday ekan ularni talon-taroj qilish, o‘g‘irlash ko‘pning haqqiga xiyonat qilish bilan bab-baravar. Demak, javobgarlik ham shunga yarasha qat’iy bo‘ladi», — dedi Senat raisi Tanzila Narboyeva.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu masalada Bosh prokuratura, Energetika vazirligidan tashqari parlament va jamoatchilik ta’sirini ham oshirish zarur. Ta’kidlanishicha, mazkur qonun energiya resurslaridan noqonuniy foydalanganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilganligi bilan ahamiyatli.

Xususan, umumiy foydalanishdagi elektr, issiqlik, gaz yoki vodoprovod tarmoqlariga tijorat maqsadlarida o‘zboshimchalik bilan ulanish yoxud ularni hisobga olish asboblari va plombalariga qasddan shikast yetkazish, shuningdek, ushbu qilmishlarni kommunal xizmati tashkilotlarining mansabdor shaxslari yoki xodimlari bilan til biriktirib, sodir etilgan jinoyat holatlari endilikda o‘g‘rilik jinoyati deb baholanishi nazarda tutilmoqda.

Shu bilan birga, Jinoyat kodeksiga «tijorat maqsadi» tushunchasi kiritilib, jismoniy va yuridik shaxslarning muayyan faoliyatida foyda, daromad olish, naf ko‘rishga qaratilgan maqsad ekani belgilanmoqda.

Energiya resurslaridan noqonuniy foydalanganlik uchun nazarda tutilgan jinoyatlarga doir ishlar bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari prokuratura organlari tomonidan amalga oshirilishi qonun bilan mustahkamlanmoqda.

Senatorlar sohada davlat nazoratini to‘liq ta’minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida O‘zenergoinspeksiya tomonidan berilgan yozma ko‘rsatma va taqdimnomalarni bajarmaganlik uchun ma’muriy javobgarlikni ko‘rib chiqish vakolati sudlarga berilishini muhokama qildi.

Shuningdek, senatorlar elektr energiyasi va gazdan foydalanish qoidalariga rioya etmaslik holatlarini tezkorlik bilan bartaraf etish masalalariga oid vakolatlar sudlardan O‘zenergoinspeksiya va uning hududiy boshqarmalariga o‘tkazilayotganligiga alohida e’tibor qaratdi.

Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.