21 fevral kuni Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahrida 2 fuqaro ichki ishlar organlari xodimlarining maxsus kiyimini noqonuniy ravishda kiyib, video suratga oldi va uni ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirdi. Vayn (qisqa video)da yigitlar haydovchi va undan pora olayotgan YPX xodimi obrazini yaratgan.

Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, holat yuzasidan sud bo‘lib o‘tdi va yigitlarga jazo tayinlandi.

Holat yuzasidan olib borilgan surishtiruvlarda ular Shahrisabz shahrining «Navro‘z» va «Loliston» mahallalarida yashovchi fuqarolar ekani aniqlandi. Video esa shaharning G‘afur G‘ulom ko‘chasida olinib, Instagram ijtimoiy tarmog‘iga joylangan.

«Ichki ishlar xodimlari kiyimini kiyib, tartibni buzganimdan juda afsusdaman. Bu boshqa takrorlanmasligiga va’da beraman», — dedi qoidabuzarlardan biri.

Sud qarori bilan yigitlar Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 34 va 183-moddalarida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etganlikda aybdor deb topilib, ularga nisbatan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.