Tarmoqlarda Toshkentning Chilonzor tumanidagi 181-maktabning 9-sinf o‘quvchilari Instasamka nomi bilan tanilgan rossiyalik estrada xonandasi Darya Zoteyevaning «Za dengi da» qo‘shig‘iga qalbaki dollarlarni sochib o‘ynagani aks etgan hazilomuz video tarqaldi.

Avvaliga mazkur video Telegram kanallarda turli sarlavha va izohlar, shu jumladan, «tiktokchi maqtanchoq qizlar» nomlari ostida tarqala boshladi. Shundan so‘ng, 28 fevral kuni maktabda o‘quvchilar, ularning ota-onalari, IIO va Chilonzor tuman Xalq ta’limi bo‘limi xodimlari ishtirokida profilaktik suhbat o‘tkazildi.

Poytaxt Xalq ta’limi bosh boshqarmasi xabariga ko‘ra, «yig‘ilishda o‘quvchi-qizlarning yuqoridagi xatti-harakatlari odob-axloq qoidalariga zid ekani, milliy urf-odatlarga to‘g‘ri kelmasligi yana bir bor tushuntirib o‘tilgan». Qolaversa, o‘quvchilardan birining onasi qizlarning «chuqur mohiyatini anglamasdan» video tarqatgani uchun ota-onalar nomidan maktab ma’muriyatidan uzr so‘ragan.

Biroq xabarda qizlarning aynan qaysi xatti-harakati «milliy urf-odatlarga to‘g‘ri kelmasligi yoki odob-axloq qoidalariga zid ekanligi» aniq ko‘rsatib o‘tilmagan.

Shu bois, «Gazeta.uz» turlicha talqin qilinayotgan ushbu video yuzasidan to‘liqroq ma’lumot to‘plash maqsadida Chilonzor tumanidagi 181-maktabga borib, surishtiruv o‘tkazdi. Suhbat davomida maktab psixologi Guljahon Mansurova o‘smir yoshdagi bolalar o‘zining «meni»ni topish yo‘lida bor iqtidorini namoyish qilishga urinishlarini ma’lum qildi.

Guljahon Mansurova. Ma’murjon Obrahmatov / «Gazeta.uz».

«Bular ana shu roliklari orqali o‘zlarining iqtidorlari, ijodkorligini ifoda qilishmoqchi bo‘lgan. Psixolog sifatida ularning ishini qoralay olmayman. Bu o‘quvchilarimiz maktabimizning eng yaxshi, a’lochi, har tomondan o‘zini ko‘rsata olgan o‘quvchilarimizdir. Ya’ni, bu o‘quvchilarimizning 3 nafari aktyor, aktrisa bo‘lishga juda qiziqishadi. Bu videoni internet tarmoqlariga joylaganligi — bolalarning katta xatosi, deya olmayman. Chunki ular aynan shu [balog‘at] yoshida, o‘zlarining ishlarini to‘g‘ri deb bilishadi. Bir mutaxassis, bir ona sifatida bolalarning (yig‘ilish va internetdagi muhokamalardan keyingi — tahr.) bugungi holatini ijobiy baholay olmayman», — dedi u.

Qayd etish joizki, hozir internetda Instasamkaning mazkur qo‘shig‘i ostida har xil hazilomus videolar joylashtirish urfga aylangan. Bu borada bloger Nurbek Alimov ham o‘z munosabatini bildirib o‘tdi.

«Qizlarni manavi beg‘ubor bolalarcha videolari sababli Ma’naviyat korpusi qo‘riqchilari ularning ota-onalarini uzr so‘rattirib chiqishibdi. Shundoq ham san’at o‘lib yotibdi, talant chiqdi, ezib o‘ldirishadi bular. Qolibga tiqaman, pishirib yeyman deyishadi», — deya tanqid qildi bloger.

Uning posti ostida ham ko‘pchilik qizlarni qo‘llab-quvvatlagan. Kimdir, video o‘zbek segmentidagi kliplardan yaxshiroq chiqqanini aytsa, yana kimdir ota-onalari nima uchun uzr so‘ragani, ular qanday huquqbuzarlik qilganini savol ostiga olgan.

181-maktab, гuлжаҳон мансuроva, иқтидорли ёшлар, poytaxt хтбб, тикток, o‘quvchi qizlar, шербек шохўжаев, эркин холбобоев

«Ba’zi bir blogerlarning tarmoqlarida negativ sarlavhada maktab ma’muriyati, o‘qituvchilar, o‘quvchilar nomiga har xil salbiy so‘zlar yozilgan. Lekin men mutaxassis sifatida 16 yillik tajribamdan kelib chiqib, bolalarning bugungi qilgan ishini aynan balog‘at yoshidagi xos hislatlari va o‘zlariga mos bo‘lgan sho‘xliklari deb atashim mumkin. Qaysidir ma’noda bizning mentalitetimizga mos emas deb baholangan video rolik, ular uchun iqtidorini namoyish qilish bilan ifodalanayapti», — dedi Guljahon Mansurova.

181-maktab, гuлжаҳон мансuроva, иқтидорли ёшлар, poytaxt хтбб, тикток, o‘quvchi qizlar, шербек шохўжаев, эркин холбобоев

Guljahon Mansurova. Ma’murjon Obrahmatov / «Gazeta.uz».

«Hurmatli blogerlar, internet tarmog‘ida faoliyat olib borayotgan aka-ukalarimiz, opa-singillarimiz, sizning farzandlaringizning ham har xil qobiliyatlari mavjud. [Ular] ana shu qobiliyatlarini har xil ifodalaydi. Kimdir pazandachilik, kimdir rasm chizish orqali, umuman olganda o‘quvchilar iqtidorini turli holatda namoyish qiladi. Albatta, bu ularga har qanday video olishga ruxsat degani emas… Bunday videoroliklarning bir nechtasini ko‘rib chiqdim. Va shundan kelib chiqib aytishim mumkin, [o‘quvchilarning videosi] juda ham chiroyli ishlangan, ketma-ketlik to‘g‘ri tanlangan. Bolalar iqtidori va qiziqishlarini videoda chiroyli joylab ham berishgan», — dedi u.

Bundan tashqari, «Gazeta.uz» holat yuzasidan izoh olish maqsadida poytaxt Xalq ta’limi bosh boshqarmasiga 2 kundan beri bog‘lanishga harakat qilmoqda. Avvaliga bolalarning xatti-harakatlari odob-axloqqa zidligini uqtirgan boshqarma matbuot xizmati rahbari Erkin Xolboboyev endi izoh berishdan bosh tortmoqda. U telefon raqamini bergan Chilonzor tuman XTB rahbari Sobir Ergashevich esa intervyu bermasligini uqtirishga urindi va keyingi qo‘ng‘iroqlarga javob bermay qo‘ydi.

Qizig‘i, ilk suhbat chog‘ida Erkin Xolboboyev bolalarning ota-onalari jarimaga tortilishini ham ishonch bilan ta’kidlagandi. Mazkur ish bilan shug‘ullangan tuman IIB xodimi Sherbek Shoxo‘jayev esa buning aksini, ya’ni bolalar hech qanday huquqbuzarlik sodir etmaganini qat’iyat bilan ma’lum qildi.

181-maktab, гuлжаҳон мансuроva, иқтидорли ёшлар, poytaxt хтбб, тикток, o‘quvchi qizlar, шербек шохўжаев, эркин холбобоев

Sherbek Shoxo‘jayev. Foto: Ma’murjon Obrahmatov / «Gazeta.uz».

«O‘rganish jarayonida o‘quvchilarning xatti-harakatlarida ma’muriy huquqbuzarlik holatlari aniqlanmadi hamda jamoat tartibi buzilmadi. O‘quvchilarning ota-onalariga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilmadi. Ular namunali o‘quvchilar safida turganligi ma’lum bo‘ldi», — dedi Chilonzor tumani IIB Voyaga yetmaganlar masalasi bo‘yicha katta inspektor-psixologi, katta leytenant Sherbek Shoxo‘jayev.

Mazkur videoni odamlar o‘zining turli xil shaxsiy qarashlari orqali ta’riflayotgani va izohlar qoldirayotgani birinchi galda bolalarga salbiy ta’sir ko‘rsatgan, deya qo‘shimcha qildi maktab psixologi Guljahon Mansurova.

Qolaversa, ota-onalar va o‘quvchilar bilan o‘tkazilgan tushuntirish ishlarida yoshlarning ko‘ngligini o‘ksitib qo‘ymaslikka harakat qilingani ta’kidlandi. «Tushuntirish ishlarida o‘quvchilarning shaxsiyatiga tegmagan holatda to‘g‘ri tushunchalar berdik», — dedi psixolog.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bolalar hozir tushkun kayfiyatda. Hozirda ularning kayfiyati va ishtiyoqini ko‘tarishga harakat qilishmoqda.

«Ular hozir jim bo‘lib qolishgan. Qaysidir ma’noda ularning [hayotdan] maqsadlari yo‘qolib qolgani sezilyapti. Ularda ozgina tushkunlik [kayfiyati] bor, shu bilan birga, bolalar yakkalanib ham qoldi. Xudo xohlasa, biz bolalar bilan ishlaymiz, treninglar o‘tkazamiz. Chiroyli musobaqalar tashkil qilamiz. Albatta o‘rtoqlari orasiga qo‘shishga, jipslashishlariga harakat qilamiz», — dedi psixolog Guljahon Mansurova.

Maktab direktori Malohat Saburova esa o‘qituvchilarga ushbu o‘quvchilar bilan muloqot davomida ularning ruhiy jihatdan shaxsiyatlariga tegmaslik, o‘qishga bo‘lgan qiziqishini so‘ndirib qo‘ymaslik haqida tushuntirishlar berilganini ta’kidladi.