AQSh Davlat departamenti rahbari Entoni Blinken chorshanba kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi savdoni diversifikatsiya qilish va munosabatlarni chuqurlashtirish zarurligini ta’kidladi.

«Gazeta.uz» muxbirining AQSh va mintaqa davlatlari o‘rtasidagi hamkorlik haqidagi savoliga Entoni Blinken shunday javob berdi: «Biz Markaziy Osiyoning barcha davlatlari bilan imkon qadar chuqur hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun har kuni ishlayapmiz. Buning zamirida esa ularning suvereniteti, mustaqilligi, hududiy yaxlitligini so‘zsiz qo‘llab-quvvatlashimiz hamda ushbu davlatlarning har biri o‘z kelajagini ana shu tamoyillar asosida belgilay olishiga bo‘lgan qat’iyatimiz yotadi».

Blinken mintaqadagi har bir davlatning boshqa davlatlar bilan munosabati uzoq tarixga ega ekani, har bir davlat dunyoning boshqa davlatlari bilan sheriklik aloqalarini kengaytirishga intilayotganini alohida ta’kidladi. «Va bunda Qo‘shma Shtatlar ishonchli hamkor hamda bu mintaqadagi odamlar uchun yangi imkoniyatlar yaratish maqsadida ular bilan ishlaydigan sherik bo‘lishni xohlaydi», dedi AQSh Davlat kotibi.

Entoni Blinkenning qayd etishicha, AQSh Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi Markaziy Osiyo xalqlari uchun qanday oqibatlarga olib kelishini yaxshi biladi.

«[Urushning] to‘g‘ridan-to‘g‘ri oqibatlariga energiya va oziq-ovqat narxlarining ko‘tarilishi, shuningdek, inflyatsiya kiradi. Sababi oddiy. [Rossiya prezidenti Vladimir] Putin energiyani turli joylarga yetkazib berishni cheklab, Ukrainani bo‘ysundirishga urinishida energiyadan qurol sifatida foydalanishga harakat qildi. Bu narxlarning oshishiga olib keldi. Biz jahon bozorlarida narxlarni pasaytirish uchun yetarli energiya mavjudligini ta’minlash uchun barcha sa’y-harakatlarimizni qildik. Biz Putin tomonidan energiyadan qurol sifatida foydalanib bevosita nishonga olingan mamlakatlarga yordam taklif qildik. Bu ta’sirlar bu yerda, Markaziy Osiyoda ham sezilmoqda. Biz ularni yumshatish ustida ishlayapmiz».

«Oziq-ovqat [borasida]. Putin oziq-ovqatdan ham qurol sifatida foydalandi. U dunyoning don ombori — Ukrainani bloklab, katta miqdorda don va oziq-ovqat eksport qilinishiga to‘sqinlik qildi. Va faqat BMT va Turkiyaning muvaffaqiyatli faoliyati tufayli biz Qora dengiz don yo‘lagini yaratishga muvaffaq bo‘ldik, bu Ukrainadan g‘alla va boshqa mahsulotlarni jahon bozorlariga yana eksport qilish imkonini berdi», — dedi AQSh Davlat departamenti rahbari.

U, shuningdek, Rossiyaga qarshi nafaqat AQSh, balki boshqa ko‘plab davlatlar tomonidan joriy qilingan sanksiyalar va eksport nazorati sabablariga ham to‘xtalib o‘tdi.

«Biz o‘sha kuni uyg‘onib, [o‘z-o‘zidan] „Qani, Rossiyaga qarshi sanksiyalar va eksport cheklovlarini qo‘yaylik“, demaganmiz. Buning sababi, Rossiyaning Ukrainaga qarshi tajovuzi. Mamlakatlar Ukrainani Rossiya agressiyasidan himoya qilish, Rossiyani o‘z xatti-harakatlarini o‘zgartirishga, tajovuzni to‘xtatishga va uning bu tajovuzni davom ettirishini qiyinlashtirishga majburlash uchun birlashdi. Bor gap shu».

Entoni Blinken Qo‘shma Shtatlar Markaziy Osiyo davlatlari tomonidan sanksiyalarga rioya etilishini kuzatib borishini ta’kidladi.

«Biz buni diqqat bilan kuzatyapmiz. Mamlakatlarning [Rossiya] sanksiyalarni chetlab o‘tishning oldini olish bo‘yicha qilgan ishlarini qadrlaymiz, chunki Rossiya sanksiyalangan faoliyatlarda ishtirok etish yo‘llarini qidirmoqda. Shuning uchun biz mintaqa davlatlari hukumatlari bilan yaqindan ishlayapmiz, ularga sanksiyalar aynan nimani talab qilishini tushunishga yordam beramiz va ular sezayotgan salbiy ta’sirlarni yumshatish yo‘llarini izlayapmiz», — dedi u.

Davlat kotibining ta’kidlashicha, Qo‘shma Shtatlar ham mintaqaga savdo aloqalarini diversifikatsiya qilish, boshqa davlatlar bilan yangi sheriklik va munosabatlarni yo‘lga qo‘yishda yordam bermoqda.

«Toki ular (Markaziy Osiyo davlatlari) biron bir davlatga yoki biron bir savdo va sarmoya manbasiga bog‘liq bo‘lmasin. Ular Markaziy Osiyoning o‘zida ham savdo va sarmoyani oshirmoqda. Bu bozor juda kuchli salohiyatga ega. Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik, hamkorlik shunchalik ko‘p bo‘lsa, bu bozor shunchalik kuchli bo‘ladi, Markaziy Osiyodan tashqaridan shunchalik ko‘p sarmoya jalb etadi», — dedi Entoni Blinken.