O‘zbekistonda endi yo‘laklarda harakatlanuvchi piyodalar uchun sariq jiletlardan foydalanish tartibi joriy etilishi haqida xabar berilgandi. Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati bu xabar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 12 apreldagi «Yo‘l harakati qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risidagi» 172-sonli qarori mavjud.

Unga muvofiq, fuqarolarning, ayniqsa, bolalarning YTH va oqibatlaridan himoyalanganini ta’minlash maqsadida sutkaning qorong‘i vaqtida va yetarlicha ko‘rinmaydigan sharoitda yo‘lni kesib o‘tishda, yo‘l yoqalaridan yoki qatnov qismining chetidan harakatlanishda piyodalarning ustki kiyimida nur qaytaruvchi elementlar bo‘lishi inson hayotini saqlab qolish uchun muhim ekanini keng targ‘ib qilish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirilishi belgilangan. Bu norma tavsiyaviy ahamiyatga ega.

Yo‘l harakati qoidalarining 167-bandiga ko‘ra, velosiped yo‘lkasi bo‘lmagan holda yo‘lning qatnov qismida harakatlanayotgan velosipedchilar sutkaning qorong‘i vaqtida va yetarlicha ko‘rinmaydigan sharoitda nur qaytargichli kamzulda yoki nur qaytaruvchi elementli parchalari bo‘lgan ustki kiyimda bo‘lishi shartligi belgilangan.

Xizmat jamoatchilik va OAVdan turli taxmin va mish-mishlardan iborat axborotni tarqatmaslikni so‘radi.