Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentdagi maktablardan birining o‘quvchi qizlari Instasamka nomi bilan tanilgan rossiyalik estrada xonandasi Darya Zoteyevaning «Za dengi da» qo‘shig‘iga qalbaki dollarlarni sochib o‘ynagani aks etgan hazilomuz videosi tarqaldi. Toshkent shahri xalq ta’limi bosh boshqarmasi bunga munosabat bildirib, holat uchun ota-onalar kechirim so‘raganini ma’lum qildi.

Boshqarmaning qayd etishicha, videoda 181-maktabda o‘quvchi 4 nafar qiz aks etgan. Ishchi guruh ularning darsdan keyin sinfxonada suvenir pullarni sochgani va buni sinfdoshi tasvirga olganini aniqladi. Video O‘zbekistonda bloklangan TikTok ijtimoiy tarmog‘iga yuklangan.

Shundan so‘ng 28 fevral kuni ta’lim muassasasida o‘quvchilar va ularning ota-onalari, tuman xalq ta’limi bo‘limi vakillari, mahalla faollari, Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi rahbari, profilaktika inspektori va psixolog-mayor ishtirokida profilaktik suhbat o‘tkazilgan.

«Yig‘ilishda o‘quvchi-qizlarning yuqoridagi xatti-harakatlari odob-axloq qoidalariga zid ekani, milliy urf-odatlarga to‘g‘ri kelmasligi yana bir bor tushuntirib o‘tildi», — deyiladi xabarda.

Shuningdek, maktab direktori M.Saburova Xalq ta’limi vazirligining 2022 yil 28 iyundagi «Odob-axloq va ichki tartib qoidalari to‘g‘risida»gi buyrug‘i haqida tushuntirib, o‘quvchilarni bunday holatni boshqa takrorlamasligi bo‘yicha ogohlantirgan.

Boshqarma xabariga ko‘ra, videoda qatnashgan o‘quvchilardan birining onasi qizlarning «chuqur mohiyatini anglamasdan» video tarqatgani uchun ota-onalar nomidan maktab ma’muriyatidan uzr so‘ragan.

Ayni paytda tarqalgan video yuzasidan Chilonzor tumani profilaktika inspektor-psixologlari tomonidan o‘rganishlar davom etmoqda, deyiladi xabarda.

Biroq xabarda qizlarning aynan qaysi xatti-harakati «milliy urf-odatlarga to‘g‘ri kelmasligi yoki odob-axloq qoidalariga zid ekanligi» aniq qayd etilmagan.

Hozirda internetda TikTok`da ommalashib borayotgan «Za dengi da» qo‘shig‘i uchun yuzlab hazilomuz videolarni topish mumkin. Trek 2022 yil noyabr oyi oxirida Instasamkaning YouTube kanaliga qo‘yilgan va hozirgacha 42 milliondan ortiq ko‘rishlar soniga ega bo‘lgan. «Za dengi da» matnida qo‘shiqchi o‘zining daromadi, boy eri va pulga bo‘lgan muhabbati bilan maqtanadi.