28 fevral kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov raisligida respublika diniy soha xodimlarining tanqidiy-tahliliy videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deya xabar bermoqda idora matbuot xizmati.
Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda jarayonida mehnat intizomiga rioya etmagan, vazifasiga vijdonan yondoshmagan, mo‘min-musulmonlar ehtiyojini qondirishga jiddiy sa’y-harakat qilmagan va diniy soha xodimi maqomiga munosib bo‘lmagan bir nechta imom-xatib ishdan olindi, ayrimlariga hayfsan berildi.
Xususan, Surxondaryo viloyati bosh imom-xatibi o‘rinbosari Abdusalom Fatullayev, Qumqo‘rg‘on tumani bosh imomi va «Shoh Mashrab» masjidi imom-xatibi Hafizullo Zayniyev, Samarqand viloyati Oqdaryo tumani bosh imom-xatibi Habibulla Abloqulov va Xorazm viloyati Shovot tumani «Xo‘roz Eshon bobo» masjidi imom-xatibi Davronbek Ro‘zmetov egallab turgan vazifalaridan ozod etildi.
Jizzax viloyati bosh imom-xatibi Mehmonali Jabborov, Jizzax shahar bosh imom-xatibi Faxriddin Shayzaqov, Toshkent viloyati «Rahbar ota Akbar o‘g‘li» masjidi imom-xatibi Rahmanov Muhammadiy va Farg‘ona viloyati So‘x tumani «Oftobro‘y» masjidi imom noibi Ilhomiddin Toirovga «hayfsan» intizomiy jazosi berildi.
Bundan tashqari, Toshkent shahri «al-Hudaybiya» masjidi imom noibi Shuhrat Ziyayev mehnat intizomiga rioya etmagani uchun chora sifatida boshqa ishga o‘tkazildi.
Shuningdek, ish faoliyatdagi xato-kamchiliklar sababli o‘tgan yilda 25 nafar imom-xatib, 19 nafar imom-noibi va 2 nafar muhtasib vazifasidan ozod etilgani, shuningdek, 56 nafar imom-xatib va imom noibiga «hayfsan» intizomiy chorasi berilgani ma’lum qilindi.
«Muftiy yig‘ilishda soha xodimlari tomonidan yoshlar ta’lim-tarbiyasiga jiddiy e’tibor qaratish, xalq bilan muloqot qilish, kitob mutolaasiga targ‘ib qilish, tahdidlarga qarshi kurashish, imom-xatiblar ijtimoiy tarmoqlarda chiqish qilish odobiga amal qilish va doimiy bilim saviyalarini oshirish yuzasidan tavsiya hamda ko‘rsatmalarni bayon etdi», — deyiladi xabarda.
Telegramdan foydalanasizmi? Muhim yangiliklarni o‘tkazib yubormaslik uchun kanalimizga a’zo bo‘ling.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq arab tili kursidagi yosh qizga yuragini sug‘urib olish bilan tahdid qilgan Toshkent tumanidagi «Eshonxo‘ja ota» masjidi imom-xatibi Avazxo‘ja Bahromov 3 sutkaga qamalgandi.