Sirdaryoda baliq ovlashga qarshi ekologik nazorat reyd tadbirlarida hayvonot dunyosiga 80 million so‘mdan ortiq zarar yetkazgan brakonerlar aniqlandi. Bu haqda «Sevimli» telekanalining «Zamon» dasturida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, Tabiat resurslari vazirligining Sirdaryo viloyati boshqarmasi tomonidan viloyat prokuraturasi va viloyat ishki ishlar xodimlaridan iborat ishchi guruh tuzilib viloyatining Hovos tumani va Yangiyer shahrida tungi reydlar amalga oshirilgan.

Reyd vaqtida, Yangiyer shahar va Xovos tumani hududidan o‘tuvchi markaziy zovurda ikki fuqaro tomonidan noqonuniy ov quroli hisoblangan elektr qarmoq yordamida «Qizil kitob»ga kiritilgan 8 turdagi 104 dona — 2 ta Amudaryo mo‘ylovdori, 53 dona tovon baliq, 28 dona laqqa, 2 dona cho‘rtan baliq, 1 dona oq amur, 5 dona zog‘ora, 2 dona ilonbosh va 11 dona boshqa turdagi baliqlarni noqonuniy ravishda ovlangani aniqlangan.

Ular O‘zbekiston Respublikasining hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risidagi qonunining 51, 49, 35 moddalari talablarini buzgan va 86 mln 400 ming so‘m zarar yetkazgani aniqlandi.

Holat bo‘yicha fuqarolardan bir dona rezina qayiq, bir dona akkumulyator, elektr qarmoq va tutilgan baliqlar dalil sifatida olindi. Holat bo‘yicha tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan.