Davlat xavfsizlik xizmati boshqa idoralar bilan birgalikda qo‘shni davlatlardan kontrabanda yo‘li bilan o‘tkazilgan narkotik moddalar bilan bog‘liq qator holatlarga chek qo‘yilgani haqida xabar berdi.

Sirdaryo viloyatida Tojikistondan noqonuniy olib kirilgan 42,89 kg gashish va 4,81 kg opiy musodara qilindi. Tekshiruv davomida ma’lum bo‘lishicha, muqaddam narkotik moddalar bilan bog‘liq jinoyat sodir etgani uchun sudlangan Marg‘ilon shahrida yashovchi (1986 yilda tug‘ilgan) fuqaro tanishi — Toshloq tumanida yashovchi (1987 yil) bilan birgalikda Beshariq tumani hududidan o‘tib, Tojikistonning So‘g‘d viloyatining viloyati Zafarobod tumaniga borgan. U yerda ular mahalliy aholidan biri bilan uchrashib, 10 ming dollar evaziga Sirdaryoning Xovos tumaniga narkotik olib kelishga kelishib olgan. O‘zbekistonga qaytganlarida ular qo‘lga olingan.

Avvalroq Samarqand viloyati Urgut tumanida yashovchi (1992 yil) fuqaroning uyidan sotishni rejalashtirgan 7,3 kg opiy topilgani haqida xabar berilgandi. Jinoyat ishini tergov qilish doirasida uning qarindoshining uyidan yana 6,4 kg opiy olindi. Bu moddalar ham Tojikistondan olib kelingan.

DXX Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat bojxona boshqarmasi bilan hamkorlikda Yuqori Chirchiq tumanida o‘tkazilan tezkor tadbirda Andijon viloyatining Baliqchi tumanida yashovchi, 1963 va 1968 yillarda tug‘ilgan, muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq jinoyatlari uchun sudlanib, jazo muddatini o‘tagan 2 nafar fuqaro 1 kg 399 gr gashish moddasini 15 ming dollarga sotayotgan vaqtlarida ushlandi. Bu holatda narkotik modda Qirg‘izistondan olib kelingan.

DXX Andijon viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda viloyat IIB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Andijon shahrida yashovchi, 1979, 1984, 1987 yillarda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan 3 nafar shaxs qo‘lga olindi. Ularning yonlari va xonadonlari ko‘zdan kechirilganda Qirg‘izdan keltirilgan jami 546 gr gashish moddasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.