O‘zbekistonda 28 fevral yovvoyi hayvonlar va qushlarni ovlashga ruxsat berilgan so‘nggi kun bo‘lib, 1 martdan ov mavsumi yakuniga yetadi. Bu haqda Tabiat resurslari vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Ta’kidalanishicha, ushbu muddat “Ov qilish va ovchilik xo‘jaligi to‘g‘risida"gi qonunda keltirib o‘tilgan.

Shu munosabat bilan barcha ovchilardan ov yo‘llanmalarini 10 kun muddatda Ovchi va baliqchilik sporti birlashmalari va uning hududiy bo‘linmalariga qonunda belgilangan tartibda topshirishi so‘raladi.

Vazirlik fuqarolardan taqiq kuchga kirganidan so‘ng qonun buzilishi holatlariga duch kelinganda, 1157 qisqa ishonch raqami yoki hududiy boshqarmalarga xabar berishlarini so‘ragan.