Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari prokuratura, sud, Milliy gvardiya va advokatura xodimlarini qo‘lga oldi, deb xabar bermoqda DXX matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, xizmatning Navoiy viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat prokuraturasi bilan hamkorlikda tadbir o‘tkazilgan. Unda viloyat prokuraturasi noziri mahalliy fuqarodan 10 mln so‘mni firibgarlik yo‘li bilan olganlikda gumonlanib ushlangan.

Nozir tanishlari imkoniyatlari orqali uni Navoiy shahri hokimligi uy-joy va yotoqxonalardan foydalanish boshqarmasi tasarrufidagi yotoqxonalardan biriga navbatsiz joylashtirib qo‘yishni va’da qilgani aytilmoqda.

Shuningdek, Jizzax viloyati jinoyat ishlari bo‘yicha Do‘stlik tumani sudi xodimi Sharof Rashidov tumanida yashovchi, muqaddam sudlangan shaxs bilan birga Jizzax shahrida yashovchi fuqaroning nikohdan ajratish haqidagi da’vosini fuqarolik ishlari bo‘yicha sudda ishlaydigan tanishlari orqali uning foydasiga ijobiy hal qilib berish evaziga 4 ming dollar talab qilib, oldindan 2 ming dollar olgan vaqtida ushlangani xabar qilindi.

Muqaddam firibgarlik jinoyati uchun sudlangan Guliston shahridagi Advokatlar hay’ati advokati 2021 yilda mahalliy mas’uliyati cheklangan jamiyatga bankdan 240 ming dollar miqdorida kredit ajratilishida yordam bergani uchun xizmati evaziga uning rahbaridan 12 ming dollar olgani gumon qilinmoqda.

Bank tomonidan olib borilgan monitoring jarayonida mas’uliyati cheklangan jamiyat kredit mablag‘ini maqsadsiz ishlatgani aniqlanib, prokuratura organlari tomonidan uning rahbariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

DXX Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda viloyat prokuraturasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda advokat muqaddam olgan 12 ming dollardan 1000 dollarni MCHJ rahbariga qaytarib bergan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi, — deyiladi xabarda.

Yana bir holatda esa Milliy gvardiyaning Samarqand viloyati Qo‘riqlash boshqarmasi Ishtixon tumanlararo qo‘riqlash bo‘limida qorovul lavozimida ishlovchi shaxs qarindoshiga muqaddam hokimlik tomonidan bog‘dorchilik qilish uchun berilgan 70 sotix yer maydonini xaridorga 175 ming dollarga sotishga kelishib, oldindan 100 ming dollar olgan vaqtida ushlangan.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168- (Firibgarlik) va 211- (Pora berish) moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.