O‘zbekiston Ozarbayjon bilan ustav kapitali 500 mln dollar bo‘lgan qo‘shma investitsiya jamg‘armasi tashkil etiladi. Kelishuv hujjati 24 fevral kuni Toshkent shahrida o‘tgan hududlararo forumda imzolandi.

Tadbirda O‘zbekiston tomonidan investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov, tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Baxtiyor Saidov qatnashdi. Ozarbayjondan esa iqtisodiyot vaziri Mikayil Jabborov delegatsiyalarga rahbarlik qildi.

Savdo aloqalarini kengaytirish va o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 1 mlrd dollarga yetkazish maqsad qilingan. Buning uchun yaqin kelajakda ikki mamlakat bozorlariga talabga ega mahsulotlarni o‘zaro yetkazib berishni ko‘paytirish, muntazam savdo va biznes missiyalarini o‘tkazish, tadbirkorlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni o‘rnatish uchun platformalar yaratish rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, Buxoro va Lankaron, Xiva va Shusha, Qo‘qon va Sheki, Samarqand va Ganja shaharlari o‘rtasida qardoshlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish yuzasidan qator muhim hujjatlar, Toshkent va Boku o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha «Yo‘l xaritasi» imzolandi.

Tadbir doirasida ishtirokchilarning B2G va B2BB formatidagi uchrashuvlari hamda O‘zbekiston-Ozarbayjon ishbilarmonlar kengashining 3-yig‘ilishi tashkil etildi.

Forum yakunlari bo‘yicha har ikki mamlakat hududiy rivojlanishining ustuvor tarmoqlarida jami 11 ta savdo-iqtisodiy hujjat imzolandi.