Ijtimoiy tarmoqlarda Jizzax shahridagi 11-maktabda ota qizining 3 nafar sinfdoshini ayovsiz do‘pposlagani aks etgan video yuzasidan viloyat Ichki ishlar boshqarmasi munosabat bildirdi.

Boshqarma holat rostan ham shu maktabda ro‘y berganini tasdiqlab, jabrlangan o‘quvchilardan birining onasi holat yuzasidan ichki ishlar organlariga murojaat qilganini ma’lum qildi.

Matbuot xizmatining «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, voqea 31 yanvar kuni sodir bo‘lgan, bolalarning qizga gap otgani ortidan shu holat ro‘y bergan.

O‘tkazilgan sud-tibbiy ekspertizasi o‘quvchiga sog‘lig‘ining buzilishiga olib kelgan tan jarohati yetkazilganini tasdiqladi.

Holat yuzasidan fuqaro B.M. (ota)ga nisbatan Jinoyat kodeksining 109- moddasi (Qasddan badanga yengil shikast yetkazish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.