Jizzax viloyati Do‘stlik tumanida taqiqlangan usullar va ov qurollari bilan 218 dona baliqni ovlayotgan fuqarolar qo‘lga olindi. Bu haqda Tabiat resurslari vazirligining viloyat boshqarmasi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ta’kidlanishicha, bo‘lim inspektorlari tomonidan nazorat tadbiri o‘tkazilgan. Jarayon davomida tumanning «Saritepa» mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi zovurdan fuqarolar U.G. va G. N. taqiqlangan usullar va ov qurollari (elektrqarmoq) bilan 1 dona sudak, 47 dona karas, 160 dona vobla va yana 10 dona — jami 218 dona baliqni ovlayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

жиззах viloyati, ноқонуний балиқ ovлаш

Foto: Tabiat resurslari vazirligi Jizzax viloyati boshqarmasi matbuot xizmati

«Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida»gi qonunning 35, 53-moddalari talabini buzgan huquqbuzarlarga amaldagi qonunchilikka muvofiq ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi hamda hayvonot dunyosiga 28 million 890 ming so‘m zarar belgilandi», — deyiladi boshqarma axborotida.

Qo‘shimcha qilinishicha, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 90-moddasi 4-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlik sodir etilgani sababli ushbu holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar jinoyat ishlari bo‘yicha Do‘stlik tumani sudiga taqdim etilgan.