O‘zbekiston Transport vazirligi Polsha Belarus bilan chegaradagi nazorat punktini vaqtincha yopgani sababli avtotransportda xalqaro yuk tashuvlari faoliyati bilan shug‘ullanuvchilarga murojaat bilan chiqdi.

Qayd etilishicha, Polsha Ichki ishlar vazirligining tegishli qarori bilan 21 fevraldan Belarus orqali Kukuriki-Kozlovichi chegara nazorat o‘tkazish punkti orqali barcha yuk avtotransport vositalari harakatlanishi ikki tomonlama (kirish-chiqish) vaqtincha noma’lum muddatga to‘xtatildi (bunda Yevropa Ittifoqiga va Yevropa erkin savdo assotsiatsiyasiga a’zo mamlakatlarda ro‘yxatga olingan yuk avtotransport vositalari mustasno).

Buninig oqibatida ushbu chegara nazorat o‘tkazish punktida xorijiy mamlakatlar yuk tashuvchilarining transport vositalari to‘planib qoldi. Shu munosabat bilan vazirlik milliy tashuvchilardan Yevropa mamlakatlariga yuk tashuvlarini amalga oshirish jarayonida bu holatni inobatga olishlarini so‘radi.

Vazirlik matbuot xizmatining «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, aynan hozir to‘xtab qolgan milliy tashuvchilarning avtotransport vositalari to‘g‘risida ma’lumot yo‘q.

«Hozirda o‘zbek milliy tashuvchilari yuk transport vositalarining Litva chegara nazorat o‘tkazish punktlari orqali to‘siqlarsiz harakatlanishini ta’minlash yuzasidan muzokaralar olib borilmoqda», — deyiladi xabarda.

Yevropa davlatlariga yuk tashuvlarini amalga oshirayotgan milliy tashuvchilar ushbu vaziyat yuzasidan savollar tug‘ilganda quyidagi telefon raqamlariga qo‘ng‘iroq qilishlari mumkin:

  • +998 71 202 05 01 (114);
  • +998 97 709 16 00.