U yoki bu mamlakatga asossiz ravishda bostirib kirayotgan zo‘ravon davlatlar o‘z xatti-harakatlariga oqlov sifatida, xususan, AQShning 2003 yili Iroqqa qilgan hujumini misol qilib ko‘rsatadi. Iroqlik xalqaro jurnalist, tarjimon va fotograf G‘aif Abdul Ahad (Gaith Abdul-Ahad) 2023 yilning fevral oyida The Guardian nashri uchun yozgan maqolasida, 20 yil avvalgi voqealarni xotirlarkan, Iroq demokratiyani olabo‘ji qilib ko‘rsatuvchi diktatorlar uchun qanday qilib qulay misolga aylanib qolganini tushuntirishga harakat qiladi. “28 yoshimda AQSh Bag‘dodga kirib keldi. Amerikalik harbiylar xaloskorlar qabilida tanishtirildi va ularning rahbari demokratiya haqida so‘zladi. Saddam tuzumi va haykalining qulatilishi, boshboshdoqlik va mazhablararo nizolarga guvoh bo‘ldim”, deb boshlaydi u o‘z xotiralarini. “Gazeta.uz” Abdul-Ahadning maqolasini o‘zbek tiliga o‘girdi.

2003 yilning 9 aprelida Bag‘doddagi uyimning tomida musaffo osmonga termulib o‘tirgandim. Shahar sokin edi. Amerikaliklar ayni shu kunning tongida portlatish, bomba tashlashni to‘xtatgandi. Uzoqda uylar tomon pastlab uchayotgan vertolyotga ko‘zim tushdi. Biznikilar foydalanadigan o‘ngu chapiga irg‘ishlab, kalla urishtiradigan ulkan qo‘chqorlarga o‘xshash rus vertolyotlaridan farqli bu galgi “mehmon” o‘ta chaqqon, misoli badjahl qovoqariga o‘xshardi.

Mamlakatni 35 yil boshqargan Saddam Husayn hokimiyati hech qanday iz, nishonasiz bir kechada yo‘q qilindi. Qo‘rquv va bosim shahri bo‘lmish Bag‘dod atigi bir soatgagina — diktatorning ketishi va mustamlakachining kelishi orasida — ozod bo‘ldi.

Urush yillaridan avval zo‘r-bazo‘r bitta yotoq karavot va sandiq sig‘adigan chorsidek xonada yashardim. Bir burchakda gaz plitasi, chanoq (rakovina) va hojatxona joylashgandi. Sal bezak bo‘lsin deb bir tarafdagi devorni sarg‘ish qizil rangga bo‘yagandim, qaynoq Bag‘dod quyoshini lang‘illatib, xonamgayam tarqatib bergandek bo‘ldi. Eski konditsioner allaqachon kuyib buzilgan, tuzatay desam yonimda sariq chaqa yo‘q edi. 2002 yilning yozida xona devorlari go‘yo ustimga bostirib kelayotgan, to‘rt tarafdan qisayotgandek tuyulardi. Olti oydan beri ijara haqini ham to‘lamagandim. Xususiy idorada me’mor edim. Lekin bir necha oy uchun 50 dollar haq olardim, xolos. Sanksiyalar e’lon qilingan yillari xunukdan xunuk qurilgan uylari uchun haq to‘lashga qodir didsiz kimsalarga xizmat ko‘rsatib, ko‘ngil tortmagan ishlarni bajarardim. Mamlakatdan chiqib ketgim, sayohat qilib, turfa shahar ko‘chalarini kezgim kelar, biroq dezertir edim va hujjatlarim yo‘qligi uchun pasport ololmasdim.

Rejimning xavfsizlik xizmati bo‘lmish Muhobaratning zulmiga yo‘liqmadim, oila a’zolarimdan birortasi ommaviy qabrga ko‘milmadi, biroq boshqa vatandoshlarimdek na umidim va na maqsadlarim qolgandi. Rahnamoyimiz kunlarning birida to‘satdan kasal bo‘lib qolsa-chi, o‘lib-netib qolsa, hayotimiz qay tomon o‘zgaradi, keyin uning o‘g‘illaridan biri bizni boshqaradimi, ahvolimiz hozirgidan yaxshiroq bo‘larmikan yoki yomon qabilidagi savollar javobi qiziqtirardi. Bostirib kirmaslaridan avvalgi yillari hayotim sekin-asta do‘zaxdek qaynoq va zulmkor maskanga suzib borayotganini sezdim. Mana, endi 28 yoshimda boshqacha hayotim bo‘lishi mumkindek tuyulyapti.

Qo‘shnim eshigimni taqillatib kelganida tomdan xonamga tushib yangiliklarni eshitayotgandim. “Amerikaliklar shu yerda”, dedi u shodligini yashirmay.

— Ha, Hillaga yetib kelishganini radiodan eshitgandim, — dedim Bag‘doddan 60 mil uzoqlikda joylashgan shaharni nazarda tutib.

— Hilla deysanmi? — dedi qo‘shnim kulimsirab. — Ular shu yerda, ko‘chada.

Ko‘chaga chiqib qarasam, uyim yaqinida bir necha qayiqsimon zirhli amfibiya mashinalari paydo bo‘lgan, go‘yo binolar ortida Normandiya qirg‘oqlari turardi. Ularda chang-chung o‘tirgan askarlarning katta yo‘lxaltalari bilan to‘la edi. “Qayiq"larning biridan men avval ham televizorda, ko‘chamda, shahrimda ko‘rganimga o‘xshash amerikalik askarlar tushib keldi.

Askarlar ko‘cha bo‘ylab tarqaldi, tizzalab cho‘kkalagach, qo‘lidagi qurolini bizga qarata o‘qtaldi, bir hovuch olomon esa ularni kuzatardi. Askarlar ortidan ko‘k nimcha va kattadan katta kameralarini ko‘tarib bir qancha erkaklar keldi. Boshidagi himoya dubulg‘asiga “TV” so‘zi o‘yib yozilgandi.

Atrofdagi imoratlarda qurol-aslahasini o‘qtalayotgan askarlarni kuzatgancha yo‘l chetida o‘tiraverdim. Daroz, kiyimi ko‘k, kalbosh kimsa qo‘rqa-pisa, qo‘lidagi katta ko‘zli ikkita kamerasini ko‘tarib biz tarafga yaqinlashar, misoli vahshiy hayvonlarni cho‘chitishni istamay, biroq hayvonlarning kutilmaganda unga hujum qilish-qilmasligiga ishonchi komil bo‘lmagan yovvoyi tabiat suratkashidek harakat qilardi. Ro‘paramda tizzalab o‘tirdi-da, uzun oq obyektivini menga to‘g‘rilashga tutindi. Jin ursin, haydab soldim uni. Yangiliklarning bir matohiga aylanishni, mag‘lub bo‘lgan millat yuzi bo‘lishni istamasdim. Askarlar zirhli mashinasiga tirmashib, ortga qayta boshladi va milliy teatr, Sa’dun ko‘chasi bo‘ylab harakatlana boshladi. Ularga kichik olomon bilan bolalar ergashdi.

Zirhli mashinalar suruvi va olomon sekin-asta oldinga siljirkan, Vatikan elchixonasi oldidan o‘tayotib, beliga binafsharang kamar bog‘lagan qop-qora ridodagi papa diplomati shaharga kirib borayotgan armiyani zimdan kuzatib turardi. U бошиni afsuslangannamo chayqar va unga quloq solishga holi bor har kimsaga bu noqonuniy, o‘ta yomon bosqin ekanini ming‘irlab uqtirardi. Ko‘chaning narigi betidagi do‘kon ostonasida turgan to‘lachadan kelgan, o‘rta yoshli iroqlik do‘kondor tashrifchilarni bo‘ralatib so‘kar, biroq amerikaliklar ortidan ergashayotganlarning ko‘pi hayajondan entikardi. Ko‘hna va chirigan tuzum qulagandi. Qurollangan bo‘linma aksar xalqaro ommaviy axborot vositalari uya qurgan Meridian va Sheraton mehmonxonalari qarshisiga kelib to‘xtadi. Mehmonxonalar ro‘parasida Saddamning ulkan haykali bor edi. Haykalning o‘ng qo‘li osmonga qarata cho‘zilgan, go‘yo uzoq davom etgan bazm-jamshid tugaganiga qaramay, chaqirilmagan mehmon hamon qaqqayib turgandek pastdagi olomonnning masxara va nafratini qo‘zitardi.

Bir necha iroqlik birodar va jurnalistlar olomoni ichidan serg‘ayrat, hayajondan bo‘g‘riqqan kimsalarning haykalni temir tayoq, bolg‘alar bilan ura boshlagani va faqat marmar qoplamali asosni archalay olishganini kuzatib turardim. Bu anchaga cho‘zilgani uchun jurnalistlar zerikib ketdi. Shu payt ortida katta krani bor zirhli mashinalardan biri maydon to‘g‘risiga yo‘l soldi. Dengiz piyoda askari haykal tepasiga sakrab chiqdi-da, qalin arqonni Saddam haykali bo‘yniga aylantirib tashladi-da, keyin Amerika bayrog‘ini yonidan chiqardi. “Yo‘q, yo‘q, bunday qilolmaysiz”, pichirladim men, “ozodlik sharpasi hech yo‘g‘i bir kungina davom etishiga izn bering”. Ammo unday bo‘lmadi. Tarixda o‘tgan jamiki takabbur bosqinchi askarlardek, u ham mag‘lub diktator yuzini ozod millat bayrog‘i bilan yopib qo‘ydi. Bu holat uzoq davom etmadi, ammo shuning o‘zi ham yig‘ilgan ko‘pchilik ko‘z o‘ngida bosqin taqdirini hal etish uchun yetarlicha uzoq edi.

Lekin keyinchalik nega u Amerika bayrog‘ini tik ko‘tarmadi? Ehtimol, urushni oqlamoqchi bo‘lib o‘z chiqishlarida hurlik va demokratiya haqida og‘ir ko‘pirtiradigan yetakchilar va yo‘lboshlovchilar oldida aynan shu dengiz piyoda askarining xatti-harakatlari samimiyroqdir; u bu urushni AQSh va Iroq o‘rtasidagi va uning vatandoshlari g‘alaba erishgan nizo sifatida tushungan edi. U bayroqni o‘rnatishga haqli edi.

Bag‘dodning Firdavs maydonidagi Saddam Husayn haykali AQSh dengiz piyoda kuchlari tomonidan yiqitilmoqda. 2003 yilning apreli. Foto: Trinity Mirror / Mirrorpix / Alamy.Bag‘dodning Firdavs maydonidagi Saddam Husayn haykali AQSh dengiz piyoda kuchlari tomonidan yiqitilmoqda. 2003 yilning apreli. Foto: Trinity Mirror / Mirrorpix / Alamy.

Zirhli mashina haykalni o‘ziga tomon torta boshlagandi, hech qanday o‘zgarish sezilmadi, lekin keyin haykalning oyog‘i sal ko‘tarildi. Maydonni gumburlagan ovoz qoplab oldi. Yo‘lboshlovchi Saddamning o‘zidek, haykali ham ichidan g‘ovak bo‘lib, quruq metall tirgagi bor ekan, xolos. O‘nlab, balki bundanam ko‘p kishi haykal ustiga sakrab chiqdi, qo‘llaridagi zanjir va tuflilar bilan tepkilab, ura ketdi. Ushbu ramziy manzara Iroq haqidagi har bir xabar, reportajda qayta va qayta ko‘rsatilaverdi: haykalni tepkilayotganlar butun boshli millatdek, ularning tantanasi adolat qaror topganidek, ularning tentakona qilig‘iga ergashish mumkindek talqin etildi. Haykalning boshi uzib olinib, ko‘chalar bo‘ylab olib yurilganida ko‘pchilik unga tupurib, tinmay qarg‘ardi.

Maydonda turgan do‘stimga yo‘liqdim. Binolar atrofida tentirab, endi nima bo‘lishini o‘zimizcha tasavvur qilardik: umidlar, kelajak va tashvishlar. Maydondan 50 metrcha narida joylashgan, amerikaliklar qo‘nim topgan YUNISEF binosi talon-toroj qilinayotgandi.

Suv xo‘jaligi va to‘g‘onlar boshqaruvi boshqarmasidan gilam quchoqlab chiqayotgan keksa onaxon oldimizdan chiqdi. “Bu mening haqim, Saddam mendan o‘g‘irlab olgan pulga olingan”, — dedi u. Gilam judayam eski va titilgan, hech vaqoga yaramasdi. Ammo u buni rejimning bir parchasi, Saddam zulmi va hukmronligining bo‘lagi, deb o‘ylagandirki, uning necha o‘n yillik azob-iztiroblariga malham bo‘lguvchi sehrli buyum deya da’vo qilishiga asos bo‘lgandir.

Ertasi kuni uyim garajining eski-tuskiga to‘lib-toshgani ustidan chiqdim. Teskari ag‘darilgan stol-stul, ishdan chiqqan konditsioner, kompyuter bo‘laklari, bir-birining ustiga mingashtirilgan monitorlar — hammasi yaqin atfrodagi “Ba's” partiyasi gazetasi idoralaridan talon-toroj qilingandi. Qo‘shnim bilan ikki o‘g‘li qo‘lga kiritilgan o‘ljalarni mamnuniyat-la ko‘zdan kechirishardi. Qo‘lida yana bir kompyuter jamlanmasini ko‘tarib eshikbon kirib keldi.

Prezident qarorgohi tomon yurgim keldi. Rahnamoyimiz yashagan makonni ko‘rishni xohlardim. U yurgan yo‘laklar, hammaslaklari bilan maslahatlashgan, minglab insonlar taqdirini hal etgan buyruqlari jarang sochgan xonalar devori meni unga yanayam yaqinlashtirarmikan, uning aslida kimligini tushunishimga, bizning hayotimiz va o‘zi yozib bergan tariximizni tuzukroq anglashga ko‘maklasharmikan deya tusmollardim o‘zimcha. Yoki bu muqaddas hokimiyatning muqaddas maskanini tahqirlash, talon-torojga zo‘r berayotgan vatandoshlarimning qilig‘ini takrorlashga o‘xshab qolarmikan…

Hali barvaqt edi, ko‘chalar deyarli bo‘m-bo‘sh. Bir kecha avval ship-shiydam qilingan binolar derazalaridan qop-qora tutun ko‘kka o‘rlardi. Qarshimdan tikanli mis bilan o‘ralgan Amerika nazorat punkti chiqdi. Ularga qayerga ketayotganimni tushuntirib, Britaniya jurnalisti ekanimni, Iroq politsiyasi hujjatlarimni olib qo‘yganini aytdim.

Orqamdagi ryukzagim va Bi-bi-si xalqaro xizmatiga xos talaffuzim ish berdi. Jimhuriya ko‘prigiga yetib, Dajlani kesib o‘tdim. Prezident qarorgohi majmuasiga kiraverishda zirhli mashinalar orasidan o‘tdim. Ulov ustida toliqqan, qo‘lida qurol ushlagan askardan ichkariga kirishga ruxsat so‘ragandim, qo‘lini siltadi.

AQSh harbiylari 2003 yil aprelida Bag‘dod tashqarisida nazorat tadbirini o‘tkazmoqda. Foto: DPA Picture Alliance / Alamy.AQSh harbiylari 2003 yil aprelida Bag‘dod tashqarisida nazorat tadbirini o‘tkazmoqda. Foto: DPA Picture Alliance / Alamy.

Baland arkali darvozadan o‘tib, juda yaxshi asfaltlangan, qatorasiga daraxt va atirgul butalari ekilgan top-toza yo‘ldan pastga tushib boraverdim. Yo‘l yarmida bir chetda shishib, qorayib ketgan jasadga ko‘zim tushdi. Shu vaqtgacha o‘likni ko‘rmaganimga dovdirab qoldim, lekin keyin yana yurishda davom etdim.

Uzoqdan prezident qarorgohi ko‘rindi. Rahnamoning to‘rtta ulkan birinj byustlari qarorgohning to‘rt tarafini bezab turardi. Quddusdagi Qoya gumbaziga monand dubulg‘a kiygan mo‘ylovli bosh yuqorida o‘ta sokin va ulug‘vor ko‘rinar, saroyini egallab olgan surbet askarlarga parvo qilmay olisdagi ufqqa tikilib turardi.

Ichkarida yosh amerikalik ofitser meni bepoyon, yog‘och shifti behad chiroyli bo‘lgan mehmonxona, endi esa o‘nlab sim karavotlar yonma-yon taxlangan va yotoqxonaga aylantirilgan joy bilan tanishtirdi. Men esa rejimning yana bir ramzi bo‘lmish maxsus xizmat shtab-kvartirasiga tomon borgim kelardi.

Biroq amerikaliklar u yerda hamon jang ketayotganinini aytishgandi, ortimga, darvoza tomon qaytdim va The Guardian’da ishlaydigan britaniyalik jurnalist Jeyms Mik bilan atrofni aylanib ketaverdim. U meni o‘ziga tarjimon qilib oldi.

2003 yili Bag‘dodda tartibsizlik hukm surdi. Har qanday ishga ruxsat berilgan va hammasining imkoni yaratilgandi. Pivo va viskilar piyodalar o‘tish yo‘lagida yoki shundoq to‘xtab turgan ulovlar orqasiga terilib sotilardi. Amerika tanklari bilan himoyalangan Neft vazirligidan boshqa qolgan barcha hukumat idoralari va vazirliklarni olomon ayamay talon-toroj qildi. O‘maruvchilar fabrikalarni buzib kirib, eshiklarini qo‘porishdi, elektr simlarini devorlardan sug‘urib olib, qo‘lga kiritilganlarning hammasini metallolomga pullashdi. Harbiy lager va omborlardan talangan qurol-yaroq, o‘q-dorilar ochiq bozorda sotildi. Oyu yillar o‘tgani sayin ayni shu zaxiradagi va sotilgan qurollar Iroq va Suriyada fuqarolar urushiga moy sepaverdi, kontrabanda yo‘llari bilan keltirilganlari esa Yaman va Somalida uzoq vaqtlardan beri davom etib kelayotgan urushlarni “oziqlantiraverdi”.

Amerika hujumlaridan himoya tariqasida harbiy bazalar tashqarisidagi cho‘llarga berkitilgan sovet qiruvchi samolyotlari qirg‘oq qumlog‘iga botgan kit skeleti kabi yarmigacha qumga ko‘milib ketgandi. Bularning ham metall yuzasi, quroli ship-shiydam qilib yechib ketilgandi. Biroq Iroq muzeyini o‘marish, zarar yetkazish va talashdek og‘ir musibat bo‘lmasa kerak. Qariyb 15 ming eksponat o‘g‘irlandi, ayrimlari butunlay gumdon bo‘ldi. Qurollangan to‘dalar shahar ko‘chalari bo‘ylab izg‘ib, talashga yaroqli binolarni izlar, ko‘ngilga yoqqulik buyum uchramasa, shartta o‘t qo‘yib ketardi. Milliy kutubxona, televideniye va radio arxivlarining kunlab yongani bunga misol. Bag‘dod markazidagi milliy ma’muriyat binosidan o‘rlayotgan tutunni ko‘rdim: markaz arxivi va qaydnomalari yonardi. Ha, hammasini yo‘q qilinglar, deb o‘ylardim o‘zimcha o‘taketgan soddalik bilan. Millatlar ishlari bo‘yicha boshqarmaning bizga nima keragi bor? Saddam o‘z manfaati yo‘lida xalqni manipulyatsiya qilmadimi? Minglab insonlarni quvg‘in qilib, millionlab kimsaning yashash istagini bo‘g‘ib-o‘ldirmadimi? Butun boshli davlatimiz uning istak-xohishlari asosiga bino etilmaganmidi? Unda nega barini buzib-yanchib, qirg‘inbarotdan qo‘rquv yo tazyiqi yo‘q, hamma erkin va teng, farovon yashaydigan yangi mamlakat qurmaslik kerak?

Muallifning o‘zi chizgan suratMuallifning o‘zi chizgan surat

“Buyuk rahnamo” hayotimizga ega chiqqandi va butun millatni bir necha o‘n yillab o‘z qolip-andozasiga solib boshqargandi. Shu bois uning haykali qulatilganida odamlar yillar bo‘yi yig‘ilgan zulm uchun intiqom olishni istashar, ular nafaqat uning qudrati ramzi, qarorgohi, shahar bo‘ylab o‘rnatilgan boshqa haykallari, murallarini buzishar, yana davlat ramziga aylangan har narsaga g‘azab-nafratlarini sochishardi. Chunki yo‘lboshlovchining o‘zi aytganidek, davlat — bu Saddam, Saddam esa — davlat edi. Hatto vatanparvarlik, birdamlik, fuqarolik kabi so‘zlarning ohori to‘kildi. Negaki bu jumlalar uning qonun-qoidasiga chambarchas bog‘langan edi. Ayni shu vayronkor muhitda aksar iroqlik va xorijliklar Iroq davlati konsepsiyasini butunlay parchalab tashlashga tayyor edi.

Qashshoqlar xaroba, gavjum mahallalaridan chiqib, harbiy lagerlar o‘rnida va hukumat yerlarida imorat sola boshladi. Mag‘zavali ariqlar va axlat uyumlariga to‘la ushbu yangi, betondan qurilgan bir qavatli xarobalar Saddamning AQShga qarshi so‘nggi jangi nomi bilan Havasim deb ataldi (urushdan keyin bemisl boyliklarga ega chiqqan odamlar ham shunday ataladigan bo‘ldi).

Rejim va uning gumashtalari sodir etgan bor dahshat-terrorni ochiqlashning ayni fursati — mudhish onlar yetgandi. Qamoqxonalar yaqinidan ommaviy qabrlar topildi, 1991 yildagi qo‘zg‘olondan keyin o‘ldirilgan kishilar jasadi ovloq yo‘l chetlaridan chiqdi.

Buldozerlar sarg‘ish kulrang tuproq uyumlari ostidan jasad qoldiqlarini qazib olishdi. Qora libosga burkangan ayollar quruq, issiq va changli shamol choyshabini ko‘targan plastik qutilardagi suyak qoldiqlari, bosh chanoqlarini ko‘rib, uvvos tortib, yuzlarini timdalashardi. Ayrimlar yo‘qolgan yaqinini jasad cho‘ntagidan chiqqan surat, shaxsini tasdiqlovchi hujjatlardan tanishar, boshqalar esa duch kelgan suyakni shosha-pisha yig‘ishtirib, dafn etishga yugurar, nihoyat, yo‘qotgan bolalarining endi qabri bo‘lib, aza tuta olishardi. Uylarida bo‘lsa rejim sabab uzoq vaqtdan beri bor-yo‘qligi noma’lum yoki o‘ldirilgan yaqinlarining surati osig‘liq turardi. Endi ular bir necha hafta oldin suratini ham yashirishga majbur bo‘lgan odamlarini boshqalarga faxr-la ko‘rsatishardi. Boshqa bir xonadonlarda yaqin-yaqingacha Rahnamo surati osig‘liq changli devorlarda oppoq to‘rtburchaklar paydo bo‘ldi.

Rahnamo yozgan tarix oydinlashayotgandi, omma yolg‘onlar to‘g‘rilanishini talab etardi. Ular kompensatsiya to‘lanishi, zulm barham topishi, o‘n yillik qamoqqa nohaq hukm etilganlar oqlanishini xohlardi. Ommaviy qabrlar eksgumatsiya qilinarkan, tuzumning monolit kuchi ostida o‘n yillar davomida ko‘milgan mahalliy kurashlar, noroziliklar yuzaga qalqib chiqaverdi. 2003 yil aprelining oxirida minglab kishilarning Karbalo tomon ketayotganiga guvoh bo‘ldim. Ularning oyog‘i tagidan quyuq chang buluti ko‘tarilardi. Ular o‘n ikki asr avval imom Husayn o‘ldirilgan Ashuro kunidan 40 kun o‘tib Arbainni nishonlashardi. Bu an’anaviy qayg‘u va iztirob kuni edi — odamlar ko‘ksiga urib-urib, faryod urardi — ammo ne tongki, shu kuni baxt-quvonch lahzalari kelgandi. Negaki rahnamo tomonidan necha zamonlardan beri diniy va madaniy o‘zliklari kuch bilan bostirilgan shialar ilk bora o‘zlarini emin-erkin ko‘rsatishardi. Tuzum qulatilishidan atigi bir necha hafta oldin — urush boshlanmasidan Bag‘doddagi eng katta shialar ziyoratgohi Kozimiyaga zum kirib, tezda ortiga qaytgan kishilarni kuzatib o‘tirganim Ashuro kunidan mutlaqo farq qilardi bu manzara.
Amerikalik askarlar Bag‘dodning Firdavs maydonidagi Saddam Husayn haykalini qulatishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. 2003 yilning apreli. Foto: Science History Images / Alamy.Amerikalik askarlar Bag‘dodning Firdavs maydonidagi Saddam Husayn haykalini qulatishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. 2003 yilning apreli. Foto: Science History Images / Alamy.

2003 yilning mayida Bag‘dod sharqidagi gavjum ham kambag‘al bir dahada keksa otaxonga duch keldim. U bo‘m-bo‘sh qalay qutida mamnun jilmayib o‘tirardi. Mana bu barcha samolyotu tanklarni olib kelgan amerikaliklar atigi bir necha haftada hammasini do‘ndirib to‘g‘rilashadi, derdi u.

U amerikaliklar uning mahallasiga ham elektr keltirishi va bu joylar ham jannatga aylanashiga umid bog‘lardi. U tor-tanqis, allaqachon o‘zgartirilgan, oyog‘i ostidan oqayotgan sassiq oqava yo‘qotilib, qashshoqlik barham topgan, beton qoldiqli uylar tozalanib, yangitdan bo‘yalganini ko‘rgan kimsadek so‘zlardi. Biroq haftayu oylar o‘tdi, vaziyat esa yomonlashaverdi. Tuzum qulashga quladi, iroqliklarning jamoaviy sarmastligi ham tezda barham topdi, Bag‘dod ahli sarxushlikdan umidsizlikka, so‘ng g‘azablanishga o‘tdi.

Kasalxonalarga ish tushsa, ko‘rishdiki, hammasi shir yalang‘och qilib o‘marilgan. Maktablar hamon yonar yo kelgindilar boshpanasiga aylangandi. Jamiyatni nazorat qiladigan kimsa qolmagani uchun jamoatchilik xizmatlari chuvalashib ketaverdi. Neft quduqlari va neftni qayta ishlash zavodlari talon-toroj payti vayron etilganiga yonilg‘i quyish shoxobchalarida uzundan uzun navbatlar paydo bo‘ldi. Elektr stansiyalari uchun yonilg‘i yo‘qligi, elektr uzatish minoralari, yuqori voltli kabellar yechib olingani va mis parchasi sifatida qora bozorda sotilgani uchun elektr ta’minoti ham ishdan chiqqandi. Chiroq yo‘qligidan suv nasoslari, suv tozalash inshootlari ishi to‘xtadi, xomashyo kanalizatsiyasi quvurlari daryoga to‘g‘rilandi. Shifokorlar va hamshiralar hali talon-toroj qilinmagan kasalxona va klinikalarni qurol ko‘tarib qo‘riqlardi.

Bag‘dod jaziramasidan esankiragan amerikalik askarlar betartiblik ichida nima qilishga hayron bo‘lib turaverdilar, necha o‘n yillik markazlashgan samarali byurokratiyaga o‘rganib qolgan iroqliklar esa amerikaliklarning mamlakatni shoshqaloqlik va o‘zboshimchalik bilan boshqarayotganidan lol edi. Hamma ishlar yo‘l-yo‘lakay hal qilinardi. Gohi askarlar talonchilarni to‘xtatishga urinardi, lekin ko‘pincha chetda tomoshabin bo‘lib turardi; ba’zan ulkan tirbandlikni nazorat qilishga tirishishardiyu, so‘ng beso‘naqay tanklarini yo‘l o‘rtasiga qaqqaytirib, vaziyatni yanayam chigallashtirishardi. Yangi mustamlakachi xo‘jayinlari bosqindan keyin bo‘ladigan ishlarga biror tayyorgarlik ko‘rmaganiga iroqliklarning ishongisi kelmasdi. Amerika olib kelgan farovonlik haqidagi afsona bosqin haqiqati bilan to‘qnashgach, tartibsizlik va boshboshdoqlik, vayronagarchilik boshlandi. O‘tgan yillar davomida bostirilgan qahr-g‘azab birdan otilib chiqdi.

Me’morchilikni yig‘ishtirdim. Avvaliga tarjimon va musahhih, keyin yangiliklar bo‘limi yordamchisi bo‘ldim — sharafli tarjimon va musahhih — antiqa hayot tarzga ega edim. Yillar bo‘yi bir mehmonxonadan boshqasiga ko‘char, Iroqning eniyu bo‘yi qolmay sayyohat qilib chiqqandim. Aslida men — Iroqni sira tark etmagan iroqlik — mamlakatimni misoli xorijlik jurnalistlardek ilk marta kashf etayotgandim. Yagona ustunligim ona tilida so‘zlashim edi.

Kundalik topadiganim me’mor paytim to‘langan maoshlar bilan taqqoslaganda yer bilan osmoncha edi. Kamera sotib olib, atrofimdagi tartibsizliklarni suratga tushiraverdim. Avval bitta suratim, keyin boshqasi chop etilaverdi. 2004 yili telegraf agentligiga stringer sifatida yollandim.

O‘sha yillari the Guardian’da birinchi maqolam chop etildi. Saddam va men Amerika qamoqxonasi kamerasida bir kechani qanday o‘tkazganimiz haqida yozgandim. Rahnamo o‘sha kuni barvaqtroq olib kelingandi. Tarjimonlik qilayotgan amerikalik jurnalistim Rahnamoning ona shahrini u qo‘lga olingan kuni ko‘rsatish mantiqsizlik deb o‘ylagani uchun o‘zim ko‘ngilli sifatida borib, atrofdagilarning qisqa-qisqa fikrini jamlayverdim. O‘sha tunda ortga qaytayotib, Bag‘dod shimolidagi nazorat punktida to‘xtadik. Amerikalik ofitser haydovchi ikkimizdan shubhalangandek bo‘ldi (soqol o‘stirgandim). Bir soat o‘tib ko‘zlarimiz bog‘loqliq holda Amerika harbiy bazasiga olib ketishdi va kameraga qamashdi. Oyoq ostidagi sovuq beton polga uzala tushib uxladik va ertasi kuni tashqariga olib chiqqanlarida, ko‘rganlarimdan achchiq-achchiq kuldim: bizni hozirda amerikaliklar ishlatayotgan Iroqning eski harbiy bazasiga qamashgan ekan. Qarangki, Iroq harbiy xizmati xodimlarining qo‘lga tushirishlaridan qochib, yillarini g‘urur-la o‘tkazgan odam nihoyat “amerikalik xaloskorlar” tomonidan Iroq harbiy qamoqxonasiga tiqilgandi.

Oradan ancha vaqt o‘tib Iroqdagi urush uzoqni ko‘ra bilmaydigan AQSh neokonservatorlarining bir qutbli dunyoda Amerikaning qudratini ko‘rsatib qo‘yish maqsadida uyushtirilganini aytishdi; ular “Iroqdagi tuzumni o‘zgartirolsak, nafaqat Iroqqa, balki butun Yaqin Sharqqa demokratiya keltirgan, uni AQShga yaqinlashtirgan bo‘lamiz”, deb ta’kidlagan. Ular Iroqning neft boyligi uni qayta tiklashga yetib ortadi, deb o‘ylagan. Ayrimlar hozir ham Eron bilan urushish uchun hamon shuni dov-dastak qiladi.

2003 yilning mayida BMT Xavfsizlik kengashi amerikaliklarga Yaqin Sharqdagi “bosqinchilik” so‘ziga xayrli ma’nolarni qo‘shib “mustamlaka hokimiyat maqomi"ni berdi va noqonuniy urushni qonuniy tusda talqin etdi. Bir necha hafta shu mavzu chaynalgach, Vashingtondagi neokonservatorlar hammaslagi Pol Bremer boshchiligida Amerikaning yangi ma’muriy boshqarmasi tashkil etildi. U to‘laqonli noib va mamlakat hukmdoriga aylandi, unga Britaniyaning bir zamonlar Hindistondagi mulklarini boshqargan vitse-qirolinikini eslatuvchi keng qonuniy va ijroiya vakolatlari berilgandi. Muvaqqat koalitsion ma’muriyat (MKM) nomini olgan yangi mustamlaka hukumati tarkibi xojalari xohlagan Iroqni yaratishga mutaassib darajada ishtiyoqmand va sodda yoshlar bilan to‘ldirildi. Ular mustamlakachilik kibr-havosi, irqiy ayirmachilik va jinoyat darajasidagi uquvsizlikning eng yomon qorishmasini o‘zida namoyon qilgandi. Ehtimol, aksari keyinchalik arablar o‘lkasidagi qahramonona kurashlari haqida kitoblar ham yozgan chiqar. MKMning ba’zi rasmiylari ayrim vazirliklarga rahbar bo‘ldi va mavjud ma’muriy tizimlarning oyog‘ini osmondan qilib tashladi. Boshqalari esa butun boshli shaharlar va hatto viloyatlarni boshqarishga tayinlandi.

Muallifning o‘zi chizgan suratMuallifning o‘zi chizgan surat

Bag‘doddagi prezident qarorgohi, sobiq hukumat binolari va unga yondosh ko‘chalar yashil hududga, soxta ma’muriyat markaziga aylantirildi. Dasta-dasta dollarlar hech bir nazoratsiz qo‘lma-qo‘l ulashilgan o‘sha alg‘ov-dalg‘ov kunlarda amerikaliklarga yo‘l topa olish yangi davlatning asosiga aylangan korrupsiya modelini keltirib chiqardi. Hech qachon qurilmagan loyihalarga shartnomalar narxi oshirilaverdi, ba’zi hollarda korrupsiya MKMning ichida edi. Buning ortidan kimlardir boyidi, korrupsiya esa tizimlashtirildi. Yashil hudud darvozalaridan tashqarida uzun navbatlar paydo bo‘ldi: ular orasida nodavlat notijorat tashkilot ochish uchun Amerikaning samimiy yordamiga ko‘z tikkan oddiy odamlar ham, tan olinishini va moliyaviy qo‘llovga ko‘z tikkan qabila shayxlarini va har qanday imkoniyatdan foydalanish payidagi opportunistlar ham bor edi.

Keyingi yillarda G‘arbning ko‘plab yozuvchi va jurnalistlari Bremerning dastlabki ikki jiddiy xato qarori — Iroq armiyasi va barcha xavfsizlik organlarini tarqatib yuborilishi, shuningdek, “Ba's” partiyasi a’zolarining davlat lavozimlarida ishlashi taqiqlanishini hamda buning oqibatida yuz minglab erkaklarning ishsiz va nafaqasiz qoldirilishi — butun mamlakatni qamrab olgan isyonga sabab bo‘lganini ta’kidladi.

G‘arbning bu pontifikatorlari Bush va neokonservatorlarning ahmoqligidan zorlandi. Ularning fikricha, agar “uyga vazifa” bajarilib, Iroqqa bostirib kirilganidan keyingi harakatlar rejasi tayyorlanganida edi, hammasi butunlay boshqacha bo‘lardi. Ammo haqiqat shundaki, bu okkupatsiya avvalboshdan muvaffaqiyatsizlikka mahkum edi, negaki bir mamlakatni, uning xalqini bombardimon qilib, kamsitib va sanksiyalarga ko‘mib, so‘ng yana bombardimon qilib, oxirida “darhol demokratiyaga aylanlaring” deb buyruq berib bo‘lmaydi. Hech qanday reja ushbu noqonuniy bosqinni “ozodlikka olib chiqish"ga aylantira olmasdi.

Yolg‘onga asoslangan bu urush nafaqat Iroqni vayron qilib, butun mintaqani qamrab olgan mazhablararo qurolli nizoni keltirib chiqardi, shu bilan birga Yaqin Sharqdagi demokratiya umidlarini ham butkul yo‘qqa chiqardi. Alalxusus, demokratiya uquvsizligi jinoyat darajasidagi ma’muriyatning navbatdagi qurboniga aylandi. “Sizga demokratiya kerakmi? Mana, demokratiya deganlari Iroqni ne ko‘yga solganini ko‘rmadingizmi?” qabilidagi gap-so‘zlar mintaqadagi diktatorlar va hukmdorlarning sevimli naqoratiga aylandi.