24 fevral kuni prezidentning «Ipakchilik tarmog‘ini yanada rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori (PQ-73-sonli) qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining Telegram`dagi «Huquqiy axborot» kanali ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar institutida Ipakchilik va tutchilik fakulteti ochildi.

Shuningdek, 2023 yil 1 martdan 2026 yil 1 yanvargacha pillani qayta ishlash va pilla qurti urug‘ini ishlab chiqaruvchilarga ular tomonidan bevosita pilla boquvchilarga yetkazib berilgan har quti ipak qurti urug‘i uchun 120 ming so‘m miqdorida subsidiya beriladi.

1 apreldan «O‘zbekipaksanoat» uyushmasi tarkibidagi korxonalar tomonidan o‘zlari ishlab chiqargan ipak mahsulotlarini eksport qilish operatsiyalari bo‘yicha muddati o‘tkazib yuborilgan debitor qarzdorlik hosil bo‘lishini hisoblashning yagona muddati bojxona yuk deklaratsiyasi rasmiylashtirilgan sanadan 360 kun etib belgilandi.

1 martdan xom ipakni eksport qilish tartibi soddalashtiriladi. Ma’lumot uchun, prezident qarorida ko‘zda tutilgan soliq va bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlarning amal qilish muddati 2026 yil 1 yanvargacha uzaytirilgan.

Eslatib o‘tamiz, hukumat qarori bilan pilla yetishtiruvchi jismoniy shaxslarga ular tomonidan yetishtirilgan pilla (ho‘l pilla) hosili uchun subsidiya ajratish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlangan edi. 2022 yil 1 yanvardan 2025 yil 1 yanvargacha pillaning har kilogrammi uchun 5 ming so‘m subsidiya beriliishi nizomda keltirib o‘tilgan.