Hozirda 2 millionga yaqin O‘zbekiston fuqarosi dunyoning turli nuqtalarida mehnat qilmoqda. Bu haqda 21 fevral kuni Toshkentda o‘tkazilgan xalqaro konfrensiyada kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri Behzod Musayev ma’lum qildi.

Vazirlik axborot xizmatining «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, vazir o‘z nutqida mamlakatda aholi bandligini ta’minlash maqsadida olib borilayotgan ishlar va natijalar haqida ma’lumot berdi.

беҳзод мuсаев, ishsizлар soni, kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi

Behzod Musayevning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda hokim yordamchilari faoliyati yo‘lga qo‘yilishi natijasida 2 milliondan ziyod ishsiz fuqaro bandligi ta’minlangan.

«Kambag‘allikni kamaytirish va bandlikni ta’minlash bo‘yicha tizimli ishlarni yo‘lga qo‘yish maqsadida mutlaqo yangi tizim — „hokim yordamchilari“ instituti tashkil etildi. Hozirda respublikadagi mavjud mahallalarda 9 ming 370 nafar hokim yordamchilari faoliyat yuritib, ular tadbirkorlikni rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Hokim yordamchilarining subsidiyalar ajratish, ish bilan ta’minlash, kasbiy tayyorgarlikka jalb qilish va biznes yuritish asoslaridagi ishtiroki tufayli qariyb 2,2 million kishining bandligiga erishildi», — dedi vazir.

Uning ta’kidlashicha, ayni paytda respublika bo‘ylab 26 ta ishga marhamat yagona markazi, 53 ta kasb-hunarga o‘qitish va 539 ta kasb-hunar ta’lim markazlari faoliyat yuritmoqda. U yerlarda mehnat bozorida talab katta bo‘lgan 70 dan ortiq kasblar bo‘yicha ishsiz fuqarolar o‘qitilmoqda.

беҳзод мuсаев, ishsizлар soni, kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi

Foto: Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi axborot xizmati.

«Bundan tashqari, qonuniy mehnat migratsiyasini ta’minlashga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Fuqarolarning kasbiy tayyorgarligini oshirish maqsadida xorijga chiqishdan avval hududiy monomarkazlarda 30 ga yaqin mutaxassislik va 5 ta chet tili o‘rgatilyapti. Bugungi kunda 2 millonga yaqin fuqaro xorij mamlakatlarida mehnat qilmoqda», — dedi u.

«Hozirda O‘zbekistonda mehnatga layoqatli aholining 1,3 millioni ishsiz qolmoqda. Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida ishsizlik darajasi 8,9 foizga tushirildi. Qashshoqlik darajasi ko‘rsatkichi 17 foizdan 14,1 foizga tushdi. 2023 yilda barcha imkoniyatlarimizni ishga solib, qashshoqlik darajasini 12 foizgacha kamaytirishni rejalashtirganmiz», — deya qayd etdi Behzod Musayev.

Bloger Saydullo Ximmatov bandlik vazirining bayonotiga ishonchsizlik bildirdi.

«Statistika agentligi ma’lumotlariga e’tibor qaratadigan bo‘lsak 2021 yil 3 choragi va 2022 yil 3 choragi oralig‘ida ish bilan band aholi soni 13,6 mln kishidan 13,8 mlnga yetgan. Ijobiy farq 226 mingta, bu esa vazir aytoyotgan raqamlardan 10 barobar kamroq», — dedi u.

Shuningdek, Statistika agentligi hisobotlarida 2010 yildan keyin deyarli (pandemiya yilidan tashqari) har yili ish bilan band bo‘lganlar soni 200−300 ming kishiga muttasil o‘sib kelgan ya’ni 10 mingdan ortiq hokim yordamchilari aslida ish bilan band bo‘lganlar sonining ortish tendensiyasiga xech qanday ijobiy tasir ko‘rsatmagan.

«Vazirning mehnatga layoqatli aholining 1,3 millioni ishsiz qolmoqda, degan ma’lumotlari ham haqiqatdan yiroq rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, mehnatga layoqatli aholi soni (2021 yil holatiga) 19,3 mln kishi, ish bilan band bo‘lganlar soni esa (2022- yil 3 chorak holatiga) 13,7 mln kishini tashkil etadi», — deb yozadi u.

Uning fikricha, Musayev aytgan 1,3 mln kishilik farq aslida 5,5 mlndan ko‘proqni tashkil qilayapti.

Iqtisodchi Mirkomil Xolboyev esa ishsizlik qanday kamaytirilayotganiga e’tibor qaratgan.

«Statistika qo‘mitasining ma’lumotlariga ko‘ra hozirgi kunda mamlakatimizda iqtisodiy faol aholi soni 15 mln kishini tashkil etadi. Qiziq jihati iqtisodiy faol aholi soni 2021 yilga nisbatan bor yo‘g‘i 90,6 ming kishiga ko‘paygan, xolos. Taqqoslash uchun, pandemiyadan oldingi so‘ngi 10 yillikda iqtisodiy faol aholining yillik o‘rtacha o‘sish ko‘rsatgichi 285 ming kishini tashkil etgan. 2020 yilgi inqirozdan keyin iqtisodiy o‘sish yana qayta tiklanganligiga qaramasdan iqtisodiy faol aholining o‘sishi yildan-yilga sekinlashib borayotganligi qiziq», — deb yozadi u.

Uning fikricha, aslida iqtisodiy o‘sish qayta tiklanishni boshlashi bilan iqtisodiy faol aholi soni ham yuqori suratlarda o‘sishi hamda inqiroz davrida yo‘qotilgan aholi qatlami iqtisodiy faol aholi tarkibiga qaytishi kutiladi.

«Natijada inqirozdan keyin iqtisodiy faol aholi soninining o‘sishi oldingi davrga nisbatan tezroq bo‘lishi kerak. Albatta so‘ngi yillarda talabalar sonining keskin o‘sayotganligi kuzatilmoqda, tabiiyki talabalar iqtisodiy faol aholi tarkibiga kirmaydi. Lekin birgina talabalar soninining yuqori suratlarda o‘sayotganligi iqtisodiy faol aholi soni o‘sishining bunday jiddiy sekinlashishini tushuntirib berolmasa kerak. Qo‘shimchasiga aholi soni uzoq yillardan buyon o‘sib kelayotganligini hisobga olsak, har yangi avlodning soni oldingisidan ko‘ra ko‘proq bo‘ladi. Bunday holatda esa iqtisodiy faol aholi soni doimiy o‘sib borishi kerak», — deya ta’kidladi iqtisodchi.

«Agar iqtisodiy faol aholi soni 2019 yilgi darajada o‘sganda hozirgi kunga kelib iqtisodiy faol aholi soni 15 mln emas balki 15,6 mln atrofida bo‘lishi kerak edi. Hamda ishsizlik darajaasi, hozirgi kabi 8,9% emas balki 11,9% ni tashkil etayotgan bo‘lardi. Agar talabalar soni o‘sishini chiqarib tashlagan taqdirimizda ham ishsizlik darajasi hozirgi kunda 10,2% atrofida shaklanayotgan bo‘lishi kerak edi. Lekin rasmiy statistika yuqoridagi raqamlardan 1,3% bandga pastroq», — dedi Mirkomil Xolboyev.

«Ko‘rinib turganidek, ishsizlik qarshi juda samarali kurashilmoqda. Bu jarayonda hokim yordamchilarining o‘rni beqiyosligini alohida ta’kidlab o‘tish kerak. Axir ular 10 mingdan ortiq ishchi o‘rinlari paydo bo‘lishiga asosiy sababchiku», — deya kinoya qildi mutaxassis.