20 fevral kuni Surxondaryo viloyati Termiz davlat universitetining 4-kurs talabasi amaliyot o‘tayotgan bankda mijozning bank kartasidan 75,7 mln so‘m pul yechib olgani aytilmoqda. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi «Gazeta.uz»ga ma’lumot berdi.

Aniqlanishicha, 17 fevral kuni Termiz shahrida yashovchi fuqaro uning bank kartasidan 75,7 mln so‘m yechib olinganini aytib, IIBga ariza bilan murojaat qilgan. Ushbu jinoyatni 1997 yilda tug‘ilgan 4-kurs talabasi sodir etgan bo‘lishi mumkin. U bank filiallaridan birida amaliyot o‘tayotgan vaqtida reja tuzib, bank tizimi orqali notanish shaxs nomidagi kartani faollashtirgani gumon qilinmoqda. Keyinchalik pullarni turli bankomatlar orqali naqdlashtirib olgani aytilgan.

Hozirda 26 yoshli fuqaroga Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi (O‘g‘rilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Agar uning aybi tasdiqlansa, fuqaro BHMning 300 baravarigacha miqdorda jarima to‘lashi yoki 3−5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.