Iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq tahdidlar global miqyosda tobora ortib bormoqda. Yog‘ingarchilikning o‘zgarishi, suv toshqinlari, qurg‘oqchilik va boshqa ekstremal ob-havo hodisalarining ko‘payayotgani qishloq xo‘jaligi sohasiga ham bevosita ta’sir o‘tkazmoqda. Kornell universiteti olimlari tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot natijalariгаko‘ra, iqlim o‘zgarishi oqibatida qishloq xo‘jaligining umumiy milliy mahsuldorligi 1960 yillardan buyon 21 foizga pasaygan. Olimlar bunday pasayish so‘nggi yetti yil ichidagi mahsuldorlikning o‘sishini yo‘qotish bilan teng, deb hisoblamoqda. Yevropa Ittifoqining Qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlash va soha bilimlarini oshirish (Agriculture Support and Knowledge facility) dasturi ham 2022 yili iqlim o‘zgarishining O‘zbekiston agrar sektoriga ta’sirini o‘rgandi. «Gazeta.uz» muxbiri mamlakatning uch hududida o‘tkazilgan tadqiqot jarayoni va natijalari xususida ASK dasturi rahbari Adrian Nil bilan suhbatlashdi.

— Suhbatimiz boshida siz rahbarlik qilayotgan ASK (Agriculture Support and Knowledge facility) dasturi haqida ma’lumot olsam degandim. Bu qanday loyiha?

— ASK — Yevropa Ittifoqining texnik ko‘mak dasturi. Asosiy vazifamiz 2020−2030-yillarga mo‘ljallangan qishloq xo‘jaligini rivojlantirish strategiyasini amalga oshirishda O‘zbekiston hukumatiga texnik ko‘mak ko‘rsatishdan iborat. Ctrategiyadagi 9 ta ustuvor yo‘nalish vazifalari ijrosida xalqaro maqbul tajribalarni qo‘llaymiz, e’tibordan chetda qolayotgan masalalarni kun tartibiga qayta qo‘yishga ahamiyat qaratamiz.

— O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sektori bilan qay darajada tanishsiz? Qaysi muammo va yutuqlar e’tiboringizni tortdi?

— 2019 yildan beri shu yerda agrar soha bo‘yicha ishlayapman. To‘rt yildan buyon ko‘ryapman: mamlakat qishloq xo‘jaligida sobiq Sovet Ittifoqidan meros qolgan markaziy rejalashtirish siyosati muayyan darajada mavjud. Masalan, fermer va dehqonga qanday ekin ekish, qanday o‘stirish, qachon va qayerda sotish kerakligi haligacha yuqoridan buyuriladi. Bozor iqtisodiyoti esa hamma jarayonning ochiq, erkin va tanlov imkoniyati bo‘lishini talab qiladi. Davlat fermerga maslahat va ko‘mak berishi zarur, buyruq va ko‘rsatma emas.

Ammo, tan olish kerak, sohada ijobiy o‘zgarishlar ham yo‘q emas. Masalan, bitta ekinga asoslangan dehqonchilikdan asta-sekin diversifikatsiyaga o‘tilyapti. Oldinlari asosiy e’tibor paxta va bug‘doy yetishtirishga qaratilgan bo‘lsa, endi yerdan turli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari olinyapti. To‘g‘ri, bunda ijobiy o‘zgarishlar ko‘p emas, ammo davlat mazkur sohada ham islohotlar qilishga intilyapti.

Bundan tashqari, yaqin-yaqingacha mamlakatda qishloq xo‘jaligiga butun sektor emas, bitta tashkilot sifatida qarab kelingan edi. Sifatli, raqobatbardosh qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish nafaqat yerga, balki suv, ob-havo, organik va mineral resurslar singari omillarga ham bog‘liqligini ko‘pchilik biladi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishga aloqador tashkilotlarning yakka tartibda ishlashi, muammolarga alohida chora qidirishi dehqon va fermerlarga ma’lum qiyinchiliklarni tug‘diradi. Lekin 2022 yil dekabrida O‘zbekiston prezidenti qabul qilgan institutsional islohotlarga oid farmon sabab agrar sohaga taalluqli tashkilotlar birlashtirilyapti. Bu qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sektori tarqoqligiga barham berish yo‘lidagi ijobiy qadam, deb o‘ylayman. Natijani esa vaqt ko‘rsatadi.

agrar soha, адриан нил, iqlim o‘zgarishi

Adrian Nil. Foto: Ma’murjon Obrahmatov / «Gazeta.uz»

— Iqlim o‘zgarishining O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sohasiga ta’sirini qanday baholaysiz?

— Iqlim o‘zgarishi bugun dunyoning barcha nuqtasida kuzatilmoqda, xususan, O‘zbekistonda ham. Fermer, dehqonlarning ob-havo, iqlim o‘zgarishi tufayli zarar ko‘rishi kelgusida aholining oziq-ovqat xavfsizligi, sog‘lom oziqlanish, eksport va import, migratsiya, qishloq xududlarini rivojlantirish, bandlik darajasi, qo‘yingki, agrar va iqtisodiy taraqqiyotning ko‘plab indikatorlariga ta’sir ko‘rsatadi. Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sektorida iqlim o‘zgarishiga moslashish hamda uning oqibatlarini yumshatish rivojlanishning muhim omili. Shuning uchun, agrar soha rivojlangan mamlakatlarda iqlim o‘zgarishi bo‘yicha tahlillarga asoslangan tadqiqotlar tez-tez o‘tkaziladi. Hukumat esa o‘z siyosat dasturlari, chora-tadbirlarini shu tadqiqot xulosalariga asoslagan holda ishlab chiqadi.

O‘zbekiston agrar sektorida iqlim o‘zgarishi oqibatlariga oid bizga ma’lum bo‘lgan oxirgi xalqaro tadqiqot 2011 yili Jahon banki tomonidan o‘tkazilgan ekan. Bilishimizcha, o‘sha tadqiqot xulosalari nima uchundir keyingi siyosiy harakatlarga sabab bo‘lmagan, qanday bo‘lsa, shundayligicha qog‘ozda qolib ketgan. Buning sabablari bizga qorong‘i, balki tadqiqot natijalari yetarlicha targ‘ib qilinmagan yoki kerakli shaxslar qo‘liga yetib bormagandir. Hukumatning agrar sektorda iqlim o‘zgarishining ta’sirlariga qarshi kurashishi uchun dalillarga asoslangan tahlillarga ehtiyoji mavjudligini inobatga olib, jamoamiz bilan 2022 yilda tadqiqot ishiga kirishdik.

Buning uchun ekspertlarimiz mamlakatdagi iqlim ko‘rsatkichlari turlicha bo‘lgan 3 ta hudud: Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qashqadaryo va Farg‘ona viloyatlarini tanladi. AquaCrop, SPHY va WEAP modellaridan foydalanib, 2059 yilga qadar 4 ta ssenariy — o‘rta, issiq-quruq, iliq-nam va quruq iqlim o‘zgarishi mazkur hududlardagi asosiy ekinlar, bog‘dorchilik, chorvachilik va qishloq xo‘jaligini sug‘orish suvlariga ta’siri prognozlarni ishlab chiqdik.

— Tadqiqotning umumiy xulosalari qanday bo‘ldi? Bizni qanday tahdidlar kutmoqda?

— Raqamlar haqida gapiradigan bo‘lsam, belgilangan hududlarda 2050 yilga kelib, harorat 1 dan 2,5 darajagacha oshishi, yog‘ingarchilik +/-20 foiz o‘zgarishi va oylik sug‘orish uchun suv 20−35 foizga kamayish ehtimolini ko‘rsatdi. Iqlim o‘zgarishidan kelib chiqadigan inson faoliyati va ekotizimlarni baholash orqali kartoshkaning hosildorligi 50 foizgacha pasayishi mumkinligi aniqlandi.

Biz tahlil qilgan paxta, bug‘doy, olma, kartoshka va pomidor ekinlarining hosildorligi Qashqadaryo va Qoraqalpog‘istonda issiq-quruq ssenariy bo‘yicha 12−50 foizgacha pasayishi kutilmoqda. Farg‘ona viloyatida kuzgi bug‘doyning o‘zi shu darajada zarar ko‘radi. Iliq-nam ssenariyning ta’siri yumshoqroq, lekin ekinlar va mintaqalar kombinatsiyasi hosilning 10 foizga pasayishini ko‘rsatdi. Yaylov va beda hosildorligi ko‘p hollarda yuqori bo‘lishi kutilmoqda, ayniqsa, beda hosili iqlimga chidamli chiqdi. Shunga qaramay, Qashqadaryodagi lalmi yaylovlar hosildorligi issiq-quruq ssenariyda 50 foizdan oshadi. Ko‘rib turganingizdek, qishloq xo‘jaligi va oziq ovqat sektori iqlimga nihoyatda bog‘langan.

Ayni paytda qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat tarmog‘ining O‘zbekiston iqtisodiyotidagi hissasi 30 foizga teng. Agrar sektordagi bu kabi ssenariylar mahsulotlar narxi, miqdori, sifati, savdo va logistika modellari, oziq-ovqat xavfsizligi nuqtai nazaridan ta’sir qiladi. Natijada nafaqat dehqonlar, tomorqa yer egalari, qishloq joylaridagi zaif guruhlar, umuman, mamlakatdagi oddiy aholi zarar ko‘radi. E’tiborlisi shuki, bu ssenariylar «harakatsizlik sikli», ya’ni vaziyatni o‘zgartirish uchun hech qanday choralar ko‘rilmagan taqdirda yuz beradi. Bizda esa hali imkon bor. Vaqt ko‘p emas, lekin barcha birlashsa, salbiy ehtimollarni qisqartirishning iloji topiladi.

— Yuqorida tadqiqot davomida sug‘orish tizimi ham o‘rganildi, dedingiz. Bu boradagi prognozlar qanday?

— Iqlim o‘zgarishi va suv ta’minoti o‘zaro bog‘liq. Shuning uchun tadqiqot jarayonida iqlim o‘zgarishining qishloq xo‘jaligi ekinlarining sug‘orilishiga qanday ta’sir ko‘rsatishini alohida o‘rgandik va natija ancha xavotirli chiqdi. Prognozga ko‘ra, 2059 yilga borib O‘zbekistonda irmoqlar qisqarishi yoki yo‘qolib ketishi mumkin.

Umumiy xulosaga ko‘ra, iqlim o‘zgarishining ekinlardan ko‘ra suvga nisbatan ta’siri xavotirliroq. Chunki suvsizlik oqibatida ekin ham, xosil ham bo‘lmaydi. Mazkur tadqiqot natijasidan ko‘pchilik yoki ayrimlar xavotirga tushmasligi, bunga ishonmasligi mumkin. Lekin bu tadqiqot dalillarga asoslangan va kelajakda kutilayotgan prognozlar ekanini unutmaslik zarur.

— Mamlakatdagi fermer va dehqonlar iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish yoki moslashishga qay darajada harakat qilmoqda? Bu boradagi fikrlaringiz qanday?

— Bilishimizcha, ayrim fermerlar iqlim o‘zgarishiga jiddiy qarayapti, turli texnologiyalarni joriy qilishga harakat qilyapti yoki bu borada bosh qotiryapti. Lekin yer o‘ziniki bo‘lmagan dehqon faqat bu yilgi hosilni ko‘p olib, maksimal daromad topishni ko‘zlaydi. Buning uchun qo‘llaydigan metodlari kelgusi yillarda iqlimga, yerga, suvga qanchalik salbiy ta’sir ko‘rsatishini doim ham o‘ylab o‘tirmaydi. Shu bois fermer va dehqonlar iqlim o‘zgarishiga qarshi chora ko‘rishdan oldin, yerdan foydalanish huquqini amalda his qilishi, o‘zi xohlaganidek ishlashi judayam muhim. Nimani istasa o‘shani eksin, daromad topsin, yerga ham o‘zi javob bersin. Odam o‘ziga tegishli, deb bilgan narsa uchun qattiq jon kuydiradi, uni ehtiyot qiladi, asraydi. Nima qilishni, qayerga borishni va kimdan maslahat so‘rashni bilmagan dehqonga yuqoridan ko‘rsatma emas, ilmga asoslangan maslahat berilishi shart.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi AKIS markazining asosiy maqsadlaridan biri ham fermer va dehqonlarga to‘g‘ri maslahatlar berib, bilimini oshirish hisoblanadi. Masala yuzasidan fermer, dehqonlarning xabardorligini oshirishda OAVning o‘rni ham juda katta. Sizlar bu muammolarga e’tibor qaratsangiz, odamlar xabardorligini oshirsangiz, albatta, qandaydir o‘zgarish bo‘ladi.

— 2022 yilning dekabrida Toshkentda O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sektorida iqlim o‘zgarishi tahdidlariga qarshi kurash mavzusida tadbir bo‘lib o‘tgandi. Unda siz mamlakat agrar sektorida iqlim o‘zgarishiga qarshi muvofiqlashgan milliy kurash yo‘qligini ta’kidlagan edingiz. Bunday xulosani aytishingizga sabab nima?

— Sabablardan birini suhbatimiz davomida aytdim: bitta davlat tashkiloti bitta sektorga mas’ul sifatida ko‘riladi va o‘z doirasida faoliyat yuritadi. Misol uchun, O‘zbekistonda iqlim o‘zgarishining qishloq xo‘jaligiga tahdidlarining oldini olish bo‘yicha tadqiqot natijalarini Qishloq xo‘jaligi vazirligiga ko‘rsatadigan bo‘lsak, yer unumdorligini oshirish, fermerlarni o‘qitish bo‘yicha ishlar qilinadi. Lekin suv masalasini hal qilish bu vazirlik vakolatiga kirmaydi. Agar Suv xo‘jaligi vazirligiga taqdim etsak, sug‘orish tizimini rivojlantirishga e’tibor qaratilishi mumkin. Ammo iqlim o‘zgarishiga chidamli ekin navlarni yaratish, atrof-muhit muhofazasi uchun kimyoviy vositalarni qo‘llashni kamaytirish masalasi chetda qolib ketadi.

O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan ko‘plab xalqaro tashkilotlar filiallari ham iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashishda turli loyihalarni qo‘llab-quvvatlamoqda, amalga oshirmoqda. Biroq xalqaro rivojlanish hamkorlari ham aksar hollarda tarqoq ish ko‘radi, yakdil tadbirlarni amalga oshirish mushkul. Chunki ularni ham birlashtiradigan nuqta mavjud emas. Ko‘ryapsizmi, bu masala xalqaro tajribani o‘z ichiga olgan tashkilotlararo tizimli dastur ishlab chiqishni va amalga oshirishni talab qiladi, tarqoq loyihalarni emas.

agrar soha, адриан нил, iqlim o‘zgarishi

Foto: Qishloq xo‘jaligi vazirligi axborot xizmati.

Biz shuni taklif qilyapmizki, barcha hamkorlar bitta yo‘ldan borsa — qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sektorida iqlim tahdidlariga qarshi kurashda o‘zaro muvofiqlik hamda muloqot ta’minlansa, muammolarga yechim topish osonlashadi. Boshqa davlatlarda shunday qilingan. O‘zbekistonda ham buni qilish mumkin.

— Nima deb o‘ylaysiz, O‘zbekiston hukumati iqlim o‘zgarishining agrar sektorga ta’siri va kutilayotgan tahdidlardan qay darajada xavotirda?

— Mamlakatingizda agrar sektorda iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashilmayapti, deyish noto‘g‘ri. Aksincha, hukumat tomonidan bu borada turli loyihalar ishlab chiqilib, amalga oshirilgan va bu davom etmoqda. O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi zararkunandalarga qarshi kurash olib borayotganini bilaman. Suv xo‘jaligi vazirligi tomchilatib, yomg‘irlatib sug‘orish kabi suv tejovchi texnologiyalarni targ‘ib qilayotganidan xabarim bor. Buni qishloq xo‘jaligi vazirligi ham targ‘ib qilmoqda. Bu kabi loyihalarning amalga oshirilayotgani juda ham yaxshi. Ammo ular bir-biri bilan qanchalik uzviy, qanchalik aloqador? Ular bir-birini to‘ldiradimi, takrorlaydimi yo inkor qiladimi? Bu loyihalarning hammasini muvofiqlashtirib, yagona maqsadga yo‘naltirish nuqtasi mavjudmi? Bilishimcha, yo‘q. Shuning uchun ham natijalar kutilgandek sezilarli emas.

agrar soha, адриан нил, iqlim o‘zgarishi

O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat tarmog‘ida iqlim o‘zgarishi muammolariga qarshi ko‘rilishi mumkin bo‘lgan javob choralari
Infografika: Agriculture Support and Knowledge facility

— Janob Adrian, siz iqtisodchi sifatida qishloq xo‘jaligi sohasida o‘ttiz yillik tajribaga ega mutaxassissiz. Ukraina, Serbiya, Albaniya, Makedoniya kabi o‘nlab davlatlarda qishloq xo‘jaligi vazirlarining maslahatchisi bo‘lgansiz. Bugun esa O‘zbekistonda faoliyatingizni davom ettiryapsiz. Mas’ullarimiz iqlim o‘zgarishini yengillashtirish uchun nimalarga ahamiyat qaratishi zarur, deb o‘ylaysiz? Ijrochilarga qanday maslahatlar bera olasiz?

— Eng avvalo, agrar sektorda iqlim o‘zgarishi bo‘yicha doimiy ishlaydigan muvofiqlashtiruvchi tuzilma bo‘lishi kerak. Hozir O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligi shu guruhni tashkil etish bo‘yicha ish olib boryapti. Umid qilamizki, bu guruhda barcha mas’ul davlat tashkilotlari va xalqaro rivojlanish hamkorlari muvofiqlashgan holda birgalikda ishlaymiz, agrar sektorda iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash olib boramiz.

Bundan tashqari, agrar maslahat xizmatlarini rivojlantirish zarur. Agriculture knowledge and innovation system (AKIS) va boshqa loyihalar orqali fermer, dehqonlarga o‘z yo‘nalishi bo‘yicha eng yangi, mahalliy sharoitga mos bilimlarni yetkazish kerak. Iqlim xatarlariga qarshi kurash usullari shu maslahat xizmatlarining tarkibiy qismi sanaladi. Bu ishlar ham albatta, tarqoqlikda emas, o‘zaro muvofiqlikda bajarilsa, natija beradi. Agrar sektorga kuchli mutaxassislarni jalb etib, ularga xalqaro tajribani o‘rgatish, kadrlar bilimini oshirish kerak. Aslida barcha muammolarning ildizi xabardorlik va bilim yetishmasligiga borib taqaladi.

Mirolim Isajonov suhbatlashdi.