Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov o‘tgan shanba, 18 fevral kuni mamlakatning barcha sobiq prezidentlarini bir stol atrofida yig‘di. Uchrashuvda Asqar Akayev, Qurmanbek Bakiyev, Roza Otunboyeva, Almazbek Atambayev va Sooronbay Jeenbekov ishtirok etdi. Uchrashuv «neytral hududda bo‘lib o‘tdi», dedi prezident. OAV xabariga ko‘ra, uchrashuv Dubayda o‘tkazilgan.

Akipress iqtibos keltirishicha, Sadir Japarov o‘z murojaatida hozir globallashuv davrida ichki barqarorlik va milliy birlikka intilayotgan davlatlargina rivojlanib, qudratli davlatlarga aylanib borayotganini qayd etgan.

«Birdamlik yo‘qligi, hokimiyat uchun kurash tufayli biz qadimiy imperiyamizdan ayrilib, Markaziy Osiyoning bir burchagida qolib ketayotganga o‘xshaymiz», — dedi u.

«Bizda nafaqat shimol-janubga, balki yetti viloyatga bo‘linish yuz beryapti, ularning har biri o‘zini o‘ylaydi, afsuski, hozir Qirg‘iziston aholisi u yoki bu prezident tarafdori hisoblanadi, shu orqali yana yetti tomonga bo‘linib ketmoqda. Ammo Qirg‘izistonning kelajagi biz uchun muhim bo‘lsa, „Akayev“, „Bakiyev“, „Atambayev“, „Otunbayeva“, „Jeenbekov“, „umrbod prezident“ va hokazo tushunchalarni yo‘q qilishimiz, hammani birlashtirgan holda xalq kelajagi haqida o‘ylashimiz kerak (rahbarlar birligisiz tarafdorlar birlasha olmaydi)», — deb yozdi Qirg‘iziston prezidenti.

«Agar dastlab xalq tomonidan saylangan va ayanchli yakunga ega bo‘lgan barcha prezidentlarni yig‘olsak, balki bir mushtdek birlashgan yagona xalq bo‘larmiz, degan fikr meni uzoq vaqtdan beri qiynayotgandi… Nihoyat bu g‘oyani amalga oshirib, mamlakatimiz boshida turgan barcha prezidentlarni bir joyga to‘pladim», — dedi Sadir Japarov.

«Sobiq prezidentlar o‘z xafaliklarini aytishdi va kamchiliklarini tan olishdi. Eng muhimi, ular bir-birlarini kechira olishdi. Aynan shu mening maqsadim edi. Har bir prezidentning tarafdorlari, yetti viloyat aholisi bir yo‘nalishda to‘planib, siyosatni chetga surib, millat, iqtisod rivoji haqida o‘ylashi — mening o‘y-hayolimdagi yagona fikr edi», — deya qo‘shimcha qildi u.