O‘zbekiston prezidentining 2022 yil 28 yanvardagi «2022−2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida»gi farmonida maktab o‘quvchilarini kasbga yo‘naltirish, ta’lim muassasalarida bepul to‘garaklar faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha zarur topshiriqlar belgilangan, deya xabar qilmoqda Maktabgacha va maktab vazirligi.

Vazirlik qayd etishicha, o‘quvchilarda kasb-hunar ko‘nikmalarini shakllantirish maqsadida umumta’lim muassasalarida 100 mingta to‘garak tashkil etish bo‘yicha zarur ishlar boshlangan.

Ushbu maqsadlar uchun davlat budjetidan 79,5 mlrd so‘m ajratilgan bo‘lib, to‘garaklar yo‘nalishini aniqlash bo‘yicha o‘quvchilar va ota-onalar o‘rtasida so‘rovnomalar o‘tkazilmoqda.

Bunda o‘quvchilarga axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, IT injiniring, tarjimonlik kabi yo‘nalishlar bo‘yicha to‘garaklar tashkil etishga ustuvorlik berilmoqda, deyiladi xabarda.