Bir yilda nechta kitob o‘qiysiz? Kuningizning qancha qismini mutolaaga sarflaysiz? Xohlaganingizdan ko‘ra kam, to‘g‘rimi? Ish-tashvishning tugamasligi yoki shunchaki hafsala, xohish yo‘qligi bahona bunga. “Gazeta.uz” kitobxonlikni targ‘ib etish, o‘quvchini ko‘p va xo‘b o‘qishga undash niyatida “Nima o‘qiymiz?” savoli bilan olim, tadqiqotchi, jamoat faoli, yozuvchi-shoir, tarjimon va boshqalarga yuzlanadi, ularning yil davomida o‘qigan yo o‘qilishi shart deb sanagan kitoblari tavsiyasini sizga yetkazadi. Maqsad juda oddiy — kitobxon bo‘laylik!

“Nima o‘qiymiz?” loyihasining navbatdagi mehmoni — London universiteti (UCL) bitiruvchisi, ta’lim bo‘yicha ekspert Komil Jalilov.

Yaqin orada o‘qilgan kitoblardan tavsiyalar

Men uchun kitobni qanday shaklda mutolaa qilishning ahamiyati yo‘q: qog‘oz kitob, rider, audiokitob. Masalan, ertalab ishga ketayotganda yoki kechki payt uyga qaytayotganda audiokitob yo‘ldagi vaqtdan unumli foydalanish imkonini beradi. Tahlil qilib ko‘rsam, oxirgi paytlarda badiiy asarlarning bir qismini aynan audiokitob variantida eshitgan ekanman. Sohaga oid, ilmiy asarlarni esa ko‘proq riderda o‘qiyman — menga kerakli kitoblarning aksariyati bizda tarjima qilinmagan va nashr etilmagan.

Nabijon Boqiy. “Qatlnoma”. To‘ldirilgan, ikkinchi nashri. “Muharrir” nashriyoti. 2020-yil. 396 sahifa

kitobxonlik, komil jalilov, mutolaa, nima o‘qiymiz, tavsiyalar, kitob, mutolaa

Qodiriyni, Qodiriylarni qanday qilib, nima uchun sotdik, otdik? Ko‘krak kerib “Qodiriy avlodlarimiz” deyishga qanchalik haqlimiz? Keling, taqriz bermay bu kitobga. O‘qiganlar o‘zlari uchun xulosalar chiqarsin. Faqat bir narsani aytishim mumkin: men uchun bu kitob, afsuski, faqat o‘tmish haqida emas. Endi muallifning Hamza haqidagi “Qizil toshbo‘ron” kitobini o‘qimoqchiman.

Go‘zal Yaxina. “Samarqandga eshelon”. ACT nashriyoti. 2021-yil. 512 sahifa

kitobxonlik, komil jalilov, mutolaa, nima o‘qiymiz, tavsiyalar, kitob, mutolaa

Turli poyezdlardan ajratib olingan vagonlardan iborat “girlyanda” eshelon. Ocharchilik hukm surayotgan Tatariston va jannatday serob tuyulayotgan Turkiston. Yumshoqko‘ngil eshelon boshlig‘i va qahri qattiq, tutgan joyidan kesadigan bolalar komissari. Mashaqqatli, olis yo‘l va 500 nimjon bola. Bulardan qanchasi afsonaviy Samarqandga yetib oladiyu, qanchasi mitti, nomsiz qabrlarga dafn qilinadi? Og‘ir o‘qiladigan, “davr ruhi” ufurib turgan asar.

Vladimir Voynovich. “Moskva 2042”. AST nashriyoti. 2021-yil. 544 sahifa

kitobxonlik, komil jalilov, mutolaa, nima o‘qiymiz, tavsiyalar, kitob, mutolaa

Antiutopiya (distopiya) janri nimaligini ko‘pchiligimiz bilamiz, bu janrdagi “1984” (Jorj Oruell), “Biz” (Yevgeniy Zamyatin), “Farengeyt bo‘yicha 451 daraja” (Rey Bredberi) singari asarlarni o‘qiganmiz. Voynovichning “Moskva 2042” asari esa satirik antiutopiya. Tasavvur qiling: SSSR tarqalib ketmagan, poytaxt Moskva esa — alohida, mamlakatning boshqa qismlaridan ihota qilingan makon. Unda yashash uchun alohida ruxsat kerak. Unda dono Genialissimus boshchiligida “kommunizm” qurilgan, to‘kin-sochinlik. Lekin Moskorep (Moskva kommunistik respublikasi)dagi hayotning ichiga chuqurroq kirib borar ekansiz, to‘kin-sochinlik ham faqat “tanlanganlar” uchun ekanining, yolg‘on ustiga yolg‘on qurilganining guvohi bo‘lasiz. Yolg‘onning yolg‘onligini hamma biladi, lekin… shunisi qulay. Asar satirik ohangda yozilgan bo‘lsa-da, uni kulgili emas, qayg‘uli va ogohlantiruvchi asar degan bo‘lardim.

Ilya Ilf va Yevgeniy Petrov. “O‘n ikki stul”. ACT nashriyoti. 2017-yil. 720 sahifa

kitobxonlik, komil jalilov, mutolaa, nima o‘qiymiz, tavsiyalar, kitob, mutolaa

Ikki hamroh — sobiq dvoryan va tovlamachi-retsidivistning 1917-yillardagi talotumlar paytida 12 stuldan biriga yashirilgan javohirlarni qidirishi haqidagi bu asarni ko‘plar o‘qigan, u asosidagi filmlarni ko‘rgan bo‘lsa kerak. Asarning to‘liq (senzura qilinmagan, qisqartirilmagan), izohlar bilan chop etilgan nashrini o‘qiganimdan keyin unga boshqacharoq qaray boshladim. Mualliflar stul izidan turfa joylarga borishga majbur bo‘lgan hamrohlar sarguzashtlarini tasvirlar ekan, eski va yangi tuzum o‘rtasida arosatda qolganlarni ham, yangi hokimiyat bergan “imkoniyat"lardan “unumli” foydalanayotganlarni ham, xullas, o‘sha davrning turfa qiyofalarini chizadi. Qizig‘i, asarni o‘qir ekansiz, “SSSRday ulkan, qudratli ko‘ringan davlat avval-boshdanoq inqirozga mahkum edimi?” degan savol miyangizda charx uradi. “Ishchi va dehqonlar hokimiyati” deb atalgan tuzumning illatlarini goh ochiq, goh “qog‘ozga o‘rab” fosh qilgan asar nima uchun taqiqlanmagan, qayta-qayta nashr qilingan (qisqartirilgan holda bo‘lsa ham) — hayron qolaman.

Stiven King. “11/22/63”. ACT nashriyoti. 2013-yil. 800 sahifa

kitobxonlik, komil jalilov, mutolaa, nima o‘qiymiz, tavsiyalar, kitob, mutolaa

Tasavvur qiling: o‘tmishga qaytib, tarixdagi bitta voqeani o‘zgartirish imkoni berilsa, qaysi voqeani o‘zgartirgan bo‘lardingiz? Asar bosh qahramoni — oddiy o‘qituvchi Eppingga shunday imkoniyat beriladi va u 1963-yil 22-noyabrda sodir bo‘lgan voqea — AQSh prezidenti Kennediga suiqasdning oldini olishga qaror qiladi. Ungacha u bir necha marta o‘tmishga qaytib, yarim asr ilgari sodir bo‘lgan boshqa voqealarga aralashishiga to‘g‘ri keladi, kimlarningdir hayotidagi mudhish voqealarning oldini oladi, kimlargadir yordam beradi. So‘ngra Li Osvaldning iziga tushadi, uning har bir harakatini diqqat bilan o‘rganadi, oxiri maqsadiga erishadi — Kennedi omon qoladi. Lekin “kapalak effekti” degan tushuncha bor — o‘tmishdagi bitta voqeaning boshqacha yo‘ldan ketishi kelajakda kutilmagan oqibatlarga olib kelishi mumkin. Kennedi tirik qoldi, keyin-chi? Bu Epping o‘ylaganchalik xayrli oqibatlarga olib keladimi? Asarning yana bir men uchun qiziq jihati: nazarimda, inson psixologiyasi, uning xatti-harakatlari motivlari yaxshi ochib berilgan va 1960-yillardagi Amerika manzaralari ancha batafsil tasvirlangan.

Yoshlarga tavsiyalar

Yoshlarga o‘z sohalari bo‘yicha ilmiy adabiyotlarni, maqolalarni ko‘proq o‘qib borishni tavsiya qilaman. Sohasining yetuk mutaxassisi bo‘lish, kasbi ortidan yaxshi yashash, o‘ziga, oilasiga, jamiyatga foyda keltirish uchun ko‘p o‘qish, izlanish kerak. Afsuski, bizda turli sohalar bo‘yicha sifatli ilmiy adabiyotlar deyarli yo‘q hisobi — masalan, o‘z soham (pedagogika, pedagogik psixologiya, metodika, baholash) bo‘yicha oxirgi yillarda nashr qilingan va men ko‘rgan o‘zbek tilidagi adabiyotlar soha rivojidan, oxirgi tendensiyalardan kamida 30−40 yil ortda qolib ketgan. Shuning uchun xorijiy tillarni bilish, adabiyotlarni asliyatda o‘qiy olish uchun juda muhim. Adabiyotlarni qayerdan olishga kelsak — har oyga obuna haqi evaziga katta kutubxonalardan, kitoblar omboridan foydalanish imkoniyatini beradigan xalqaro servislar bor, ulardan foydalanish mumkin. Har safar kitoblarni alohida sotib olishdan ko‘ra, bunday servislardan foydalanish arzonroq tushishi mumkin.

Badiiy adabiyotga kelsak, qanday asarlarni tanlab o‘qish shaxsiy did bilan, kishining ma’lum paytdagi emotsional holati, ehtiyojlari bilan bog‘liq bo‘lsa kerak. O‘zingizga o‘zingiz qanday savollar berayotganingiz, nimalar izlayotganingizga qarab tanlaysiz. Ba’zan esa oldinroq o‘qigan asaringizga qaytib, unga boshqacharoq ko‘z bilan qaraysiz, boshqacharoq savollar qo‘ya boshlaysiz. Masalan, hozirgi kunlarda meni o‘ylantirayotgan narsalardan kelib chiqib, “O‘tkan kunlar"ni o‘qisam “Bizning idoramiz bu kungi tartibsizligi bilan ketabersa, holimizning nima bo‘lishig‘a aqlim yetmay qoldi” deya kuyingan ziyoli nega hayotning maishiy muammolari bilan o‘ralashib qoldi, Kumush vafot etmasa ikki xotin o‘rtasida shunday yashayverarmidi, degan savollarni bersam kerak.

Umumiy tavsiya sifatida shuni aytishim mumkin: imkon qadar turfa adabiyotlarni o‘qing. Faqat o‘zimizning adabiyot bilan, faqat ma’lum bir janrlar bilan cheklanmang. Badiiy adabiyot turfa olamlarga sho‘ng‘ish, turfa madaniyatlarni his qilish imkonini beradi — shundan unumli foydalaning. Quvonarlisi, o‘zbek adabiyotida yangi nomlar, yangi uslublar paydo bo‘lyapti, jahon adabiyotining sara asarlari o‘zbek tiliga tarjima qilinyapti. Biroq hali bu yo‘nalishda qiladigan ishlar ko‘p. Masalan, qog‘oz kitoblar O‘zbekiston aholisiga nisbatan olganda juda kam nusxada chiqadi. Yirik nashriyotlar birlashib, o‘zlarining yangi nashrlarini elektron va audio kitob shaklida qonuniy sotib olsa bo‘ladigan platforma yaratishsa — bu ham kitobxonlikni targ‘ib qilish uchun yaxshi vosita, ham kitob biznesining kengayishi bo‘lardi.

Xullas, yoshlar o‘qishi kerak bo‘lgan kitoblar:

  • Abdulla Qodiriy. “O‘tkan kunlar”;
  • Abdulhamid Cho‘lpon. “Kecha va kunduz” — qayta-qayta o‘qilishi kerak bo‘lgan asarlar. Afsuski, Qodiriy, Cho‘lponlar qo‘ygan savollarga, ko‘targan masalalarga jamiyat o‘laroq hali ham javob topa olganimiz yo‘q;
  • Murod Muhammad Do‘st. “Lolazor” — ba’zan yong‘in televizor murvatini vaqtida buraydigan odam yo‘qligidan ham kelib chiqishi mumkin. Qizig‘i, shu asarni o‘qiganimda, muallif “yashirgan” obrazlar, joylar, voqea-hodisalar menga juda-juda tanish, degan o‘y meni tark etmagan;
  • Nazar Eshonqul. “Go‘ro‘g‘li” — qo‘rqinchli, lekin dolzarb asar. Fikrdan mahrum qilingan jamiyat qanday bo‘lishini ko‘ring va fikrlang;
  • Uilyam Shekspir. “Makbet” — nega inson ba’zan yuqoriga chiqqan sari tubanlikka sho‘ng‘ib boraveradi?;
  • Jonatan Svift. “Gulliverning sayohatlari” — bolalar uchun soddalashtirilgan variantini emas, to‘liq 4 qismdan iborat nashrini o‘qishni tavsiya qilaman. Bu asar shunchaki bir dengizning turli g‘aroyib mamlakatlarga sayohati haqidagi ertak emas;
  • Fyodor Dostoyevskiy. “Jinoyat va jazo” — o‘zlikni taftish qilish, inson qalbining ovloq, ko‘zdan yashirin qirralari haqida mushohada yuritishga turtki beradi;
  • Mixail Bulgakov. “Usta va Margarita” — ma’lum bir tayyorgarlikni talab qiladigan asar. Imkoni bo‘lsa, asliyatda o‘qishni maslahat beraman;
  • Erix Mariya Remark. “G‘arbiy frontda o‘zgarish yo‘q” — yo‘qotilgan avlod iqrori. Urushning faqat jismonan o‘ldirmasligi yoki majruh qilmasligi, balki bir necha avlodni kelajakdan mahrum qilishi haqida. Ayniqsa hozirgi kunimizda juda ham kerak;
  • Jorj Oruell. “Hayvonlar fermasi” — o‘zbek tiliga “Hayvonlar xo‘jaligi haqida qissa” va “Molxona” deb tarjima qilingan. Har birimizni hushyorlikka chorlovchi, dolzarb asar;
  • Antuan de Sent-Ekyuzperi. “Kichkina shahzoda” — yolg‘izlik, do‘stlik, sadoqat, beg‘ubor orzular. Hech qachon ahamiyatini yo‘qotmaydigan falsafa.

Albatta, ro‘yxatni uzoq davom ettirish mumkin. Insoniyat tamaddunlari tarixida yaratilgan, shu kunlarda yozilgan qanchadan-qancha o‘qilishi shart bo‘lgan, o‘qishga arziydigan kitoblar bor. Asosiysi, mutolaa qiling va fikrlang. Miya fikrlash uchun, qalb his qilish uchun berilgan.