17 fevral kuni Toshkent xalqaro aeroportida o‘tkazilgan matbuot anjumanida Uzbekistan Airports aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Ra’no Jo‘rayeva 2022 yil yakunlarini sarhisob qildi va 2023 yilga mo‘ljallangan rejalar haqida so‘z yuritdi.

Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti (ICAO) ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yil oxiriga kelib global yo‘lovchi tashish hajmi pandemiyadan oldingi 2019 yilga nisbatan 70 foizga tiklangan. O‘zbekistonda yo‘lovchi tashish hajmi esa pandemiyadan oldingi yilga nisbatan 22 foizga oshib, 7,9 million yo‘lovchini tashkil qildi. 2022 yilda o‘sish 2021 yilga nisbatan 46 foizga oshgan.

2022 yilda Uzbekistan Airways parvozlar chastotasi va yo‘nalishlar soni ko‘payishi hisobiga ichki reyslarda 2019 yilga nisbatan 30 foizga — 1,7 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatildi. 2021 yilga nisbatan esa ichki yo‘lovchi tashish hajmining o‘sishi 82 foizni tashkil etdi.

«2023 yilda yo‘lovchi tashish hajmini 9,29 million kishiga yetkazish (2022 yilga kelib 18 foizga o‘sish) rejalashtirilgan. Bunday ko‘rsatkichlar yangi rezident aviakompaniyalar (Panorama Airways, Centrum Air, Air Samarkand, Sayohat Air, Semurg, Silk Avia) tashkil etilishi va ularning parkini 34 ta samolyotga ko‘paytirish, shuningdek, yangi 20 ta xorijiy aviakompaniyani jalb etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar natijasida kutilmoqda», — dedi kompaniya rahbari.

2022 yilda O‘zbekiston aeroportlariga 28 ta yangi aviakompaniya jalb qilindi, parvozlar tarmog‘i esa 73 ta yo‘nalishga kengaytirildi. 2022 yilda yo‘nalishlar quyidagicha taqsimlandi: 47 foiz — MDH mamlakatlariga, 31 foiz — Yaqin Sharq mamlakatlari, 15% foiz — Osiyo va 7 foiz — Yevropa mamlakatlari.

Ra’no Jo‘rayevaning so‘zlariga ko‘ra, yuk tashuvi bo‘yicha ham ko‘rsatkichlarning o‘sishi kuzatilmoqda. 2022 yilda O‘zbekiston aeroportlarida 80,1 ming tonna yuk va pochta jo‘natmalariga xizmat ko‘rsatildi, bu esa 2019 yilga nisbatan 62 foizga ko‘pdir. 2023 yilda yuk tashish hajmini 95,3 ming tonnaga (2022 yilga borib 19 foizga o‘sish) yetkazish rejalashtirilgan.

uzbekistan airports, раъно жўраеva, тошкент xalqaro аэропорти

Yangi aviakompaniyalarni jalb etish va yo‘nalishlar tarmog‘ini kengaytirish hisobiga 2022 yilda kompaniyaning daromadlari 2021 yilga nisbatan 44 foizga, eksport tushumlari esa 35 foizga oshdi. Kompaniya tahlilchilariga ko‘ra, 2023 yilda daromadlar 32 foizga, eksport tushumlari 8 foizga o‘sishi kutilmoqda.

2022 yil uchun budjetga soliq to‘lovlari 2021 yilga nisbatan 159 foizga oshib, 560,7 milliard so‘mni tashkil etdi. 2023 yilda budjet tushumlarini 590,8 milliard so‘mga yetkazish rejalashtirilgan.