17 fevral kuni Toshkent xalqaro aeroportida yangi aviatsiya xavfsizligi nazorati zonasi ochildi. Bu haqda unda ishtirok etgan «Gazeta.uz» muxbiri xabar qildi.

Poytaxt aeroportida joriy etigan yangiliklardan biri — bu chegara (bojxona) postida yo‘lovchilarning inson omilisiz pasport nazoratdan o‘tishi. Ushbu jarayonda yo‘lovchi pasportni skanerlaydi, yo‘lak o‘tishga ruxsat berganidan keyin kamera oqrali shaxsini tasdiqlaydi. So‘ngra aviatsiya xavfsizligi nazorati zonasiga o‘tadi.

раъно жўраеva, steril зона, тошкент xalqaro aeroportи

Umumiy maydoni 935 kvadrat metr bo‘lgan aviatsiya xavfsizligi uchun tekshirish zonasida 9 ta tekshiruv yo‘lagi tig‘iz vaqtda 2400 nafargacha yo‘lovchini o‘tkazish imkonini beradi. Muxim yangiliklardan biri endilikda yo‘lovchilar poyabzallarni yechmasdan maxsus qurilma orqali tekshiruvdan o‘tishlari mumkin.

Shuningdek, yonuvchan va portlovchi moddalarni, metall buyumlarni aniqlash imkonini beruvchi Italiya kompaniyasga tegishli CEIA skanerlari orqali suyuqlik idishlarini ochmasdan o‘tish imkoni yaratildi.

Zalda qo‘l yuki va katta o‘lchamdagi yuklarni ko‘rish uchun Smiths Detection (Germaniya) rentgen jihozi o‘rnatildi. Kengaytirilgan xavfsizlik choralarini ta’minlash uchun Leidos (AQSh) kompaniyasining ProVision2 bodiskanerlar ham o‘rnatildi. Ular yo‘lovchilarni tez va kontaktsiz tekshirish imkoniyatiga ega. Bodiskanerlar kiyim ostidagi va inson tanasi bo‘shlig‘idagi yashirin narsalarni avtomatik aniqlash uchun millimetrli to‘lqin texnologiyasidan foydalanadi. Bu metall va boshqa temir buyumlarni, qurilishi, portlovchi moddalarni, suyuqliklarni, plastmassalar, kukunlar va boshqa man etilgan buyumlarni topish imkonini beradi.

«Xalqaro sertifikatlari mavjud ushbu tizim O‘rta Osiyo davlatlari orasida birinchi bo‘lib Toshkent va Samarqand aeroportlarida ishga tushirildi. Bu degani ko‘rikdan o‘tgan yo‘lovchini boshqa har qanday xalqaro aeroportlar qo‘shimcha tekshiruv standartlari qo‘llamagan holda qabul qila oladi. Eslasangiz, 5−6 yil oldin Nyu-Yorkka va boshqa Yevropa mamlakatlariga uchish uchun boshqa davlatlarga qo‘nib, qaytadan tekshiruvdan o‘tishga majbur edik. Hozir unday emas», — dedi aeroport xavfsizlik qurilmalari bo‘yicha mutaxassis, ITV Soft kompaniyasi ta’sischisi Jamshid Razzoqov.

Uning aytishicha, oldin bir soat ichida 60−70 yo‘lovchi tekshiruvdan o‘tkazilgan, hozirgi tizim bilan bu ko‘rsatkich 180−200 nafarga yetadi.

Shu kuni aerortda rekonstruksiya qilingan steril zonaning chap qismi ham foydalanishga topshirildi. Yangi hududda yana bir Duty Free do‘koni va Art Bazaar savdo paviloni ochildi. Bu yerda hunarmandlar, milliy gastronomiya, gadjetlar va xalqaro sim-kartalar, zargarlik buyumlari, bolalar ovqatlari, shirinliklar, dorixona va kafe-bar mavjud.

Steril zonada elektron qurilmalarni quvvatlantirish imkoniyatiga ega birinchi kovorking burchagi ham tashkil etildi. Yaqin kelajakda terminalning turli joylarida yana bir nechta shunday burchaklar tashkil etish rejalashtirilgan.

«Mart oyi oxiriga qadar steril zonadagi yana bir blok foydalanishga topshiriladi, unda kichik mehmonxona, hammom, tahorat olish va namoz o‘qish xonalari hamda Anjir biznes zali ishga tushiriladi. Bu mutlaqo yangi qurilish bo‘lib, aeroport majmuasini yana 875 kvadrat metrga kengaytirish imkoniyatini beradi, bu esa xalqaro va transfer yo‘lovchilari uchun qulay sharoitlar yaratadi», — dedi Uzbekistan Airports boshqaruvi raisi Ra’no Jo‘rayeva.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Toshkent aeroportidagi aerodrom majmuasining ikkinchi uchish-qo‘nish yo‘lagini rekonstruksiya qilish va zamonaviy yoritish moslamalarini o‘rnatish jarayoni yakunlanmoqda. Samolyotlar uchun 35 ta turar joy — 3 ta yangi, 32 ta joyni rekonstruksiya qilishni loyihalash esa davom etmoqda.