Qashqadaryoda yigit gaplashib yurgan qizining suratlarini tarqatmaslik uchun 5 000 AQSh dollar talab qildi, deya xabar berdi Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti.

Departament hamda IIBning Shahrisabz shahar bo‘limlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazildi. Tekshiruvda O.I. ismli fuqaro A. ismli qiz bilan gaplashib yurib, uning shaxsiy suratlarini qo‘lga kiritgani ma’lum bo‘ldi.

Keyin yigit ushbu suratlarni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatib yuborish bilan qizni qo‘rqitib, evaziga undan 5000 dollar talab qildi va shundan 1 000 AQSh dollarini olgan vaqtida dalillar bilan ushlandi.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 165-moddasi (Tovlamachilik) va 141−1-moddasi (Shaxsiy hayot daxlsizligini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergovga tegishliligi bo‘yicha yuborildi.