O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burxonov Afg‘onistonda mashhur o‘zbek shoiri Alisher Navoiy yodgorligi buzib tashlangani haqida tarqalgan xabarlarga munosabat bildirdi.

Ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan fotosuratlarda Mozori Sharifdagi Alisher Navoiy haykali tushirilgan barelef o‘rnida hozir oq devor borligini, shuningdek, shoirning graffiti uslubidagi portreti parchalanganini ko‘rish mumkin.

Ayrim xabarlarda yodgorlikning buzilishi shoirning 9 fevralda nishonlanadigan tavallud kuni arafasida sodir bo‘lgani va «Tolibon» avvalroq butun mamlakat bo‘ylab tarixiy shaxslarning devoriy suratlari va graffitilarni olib tashlagani qayd etilgan.

алишер навоий, афғонистон, тив
Foto: Ijtimoiy tarmoqlar / Sputnik Afg‘oniston

«Afg‘onistonda buyuk shoirimiz Alisher Navoiy yodgorliklariga zarar yetkazilgani haqidagi xabarlarni qayg‘u bilan qabul qildik», — deb yozadi Ahror Burxonov.

TIV vakilining so‘zlariga ko‘ra, vazirlik ushbu masala yuzasidan Afg‘oniston vakillari bilan bog‘langan. Ularning ta’kidlashicha, ushbu vandalizm holati qardosh O‘zbekiston bilan ko‘p asrlik do‘stona munosabatlarni mustahkamlash tarafdori bo‘lgan muvaqqat hukumat rasmiy siyosatini aks ettirmaydi.

Uning aytishicha, bu holat noma’lum shaxslarning o‘zboshimchalik va o‘ylamasdan qilgan harakati natijasi bo‘lib, umumiy tarixiy va madaniy merosga zarar yetkazadi.

«Afg‘oniston vakillari yodgorliklarni tiklash va umumiy merosimizga hurmat bilan munosabatda bo‘lish choralarini ko‘rishini ma’lum qildilar», — dedi TIV matbuot kotibi.