2023 yil 1 apreldan boshlab, O‘zbekistonda davlat bog‘chalari ko‘p qavatli uylarda tashkil etilishi mumkin. Bu haqida joriy yilgi Davlat dasturi loyihasida keltirib o‘tilgan.

Qayd etilishicha, bu bilan maktabgacha ta’lim muassasalarini tashkil etishda bino va inshootlar tanqisligi bartaraf etish imkoni yaratiladi. Masalan, bitta 150 o‘rinli davlat bog‘chasini yaratish uchun o‘rtacha 6 milliard so‘m mablag‘ talab etiladi. Bundan tashqari, yangi bog‘chani ko‘rish uchun yer masalasi og‘irligicha qolmoqda. Shu bilan birga, bitta 3 xonali kvartirada 25 nafar bola uchun bog‘cha tashkil etish mumkin. 150 nafar bola uchun 6 ta kvartirani xarid qilish va jihozlashga o‘rtacha 4 milliard so‘m talab etiladi.

Bundan tashqari, davlat-xususiy sheriklik loyihasi doirasida ijaraga berilgan yer uchastkasida nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti binosini qurgan xususiy sherikka ushbu binoni mazkur loyiha uchun bank kreditlari bo‘yicha garovga qo‘yishga oid cheklovlar bekor qilinadi.

Natijada, maktabgacha ta’lim bilan qamrovni oshirishda xizmat qilayotgan va zarur moliyaviy resurslarga muhtoj bo‘lgan 594 ta tadbirkorga qo‘shimcha imkoniyat yaratiladi.