Qozog‘istonda Moliya vazirligi 2024 yildan boshlab «Bolalarni qo‘llab-quvvatlash» milliy jamg‘armasi loyihasini ishga tushirish bo‘yicha yondashuvlarni ishlab chiqdi. Bunda yangi tug‘ilgan bolalarga hisob varag‘i ochiladi va u voyaga yetgunga qadar pul o‘tkazib turiladi, deya xabar berdi Tengrinews.kz.

Moliya vaziri o‘rinbosari Dauren Temirbekovning ma’lum qilishcha, Milliy bank investitsion daromadning 50 foizini Milliy jamg‘armaning o‘tgan yillardagi o‘rtacha rentabelligini hisobga olgan holda hisoblab chiqadi. Investitsion daromad stavkasini hisobot davriga qadar oldingi 18 yil uchun o‘rtacha yillik qiymat darajasida aniqlash taklif etiladi. Bunda bolaning jamg‘armalarining taxminiy miqdori 2500 AQSh dollarni tashkil qilishi mumkin.

Bank hisobi bola tug‘ilganda avtomatik ravishda ochiladi va har yili tabiiy resurslarni qazib olishdan olingan mablag‘lar hisobidan to‘ldiriladi. Bunda avtomatik hisob varaq ochish uchun Adliya vazirligining ma’lumotlar bazasidan foydalaniladi. Hisobni to‘ldirish har yili 1 yanvarda, bola 18 yoshga to‘lgunga qadar amalga oshiriladi.

Hisobdan pul mablag‘larini faqat voyaga etganidan keyin ishlatish mumkin. Hisobdagi mablag‘lar yesa soliqdan ozod qilinadi. Shu bilan birga, 18 yoshga to‘lgandan keyin hisob varaqlardan to‘lovlarni dollarda amalga oshirish taklif qilingan.

18 yoshga to‘lganidan keyin mablag‘lar bolaning mulki bo‘ladi va undan qanday foydalanishni mustaqil hal qiladi ta’lim uchun sarflashi yoki uy-joy sotib olish mumkin.

Shu bilan birga, xorijiy ta’lim muassasasida o‘qish uchun to‘lovni amalga oshirish uchun mablag‘lardan foydalanishni cheklamaslik ham ko‘zda tutilgan. O‘z navbatida, uy-joy sotib olish uchun mablag‘lardan foydalanishga faqat Qozog‘iston hududida ruxsat beriladi. Bu mablag‘larga sotib olingan uy-joylarni qayta sotish bo‘yicha cheklovlar quyilmaydi.

Agar 18 yoshgacha bo‘lgan bola mamlakatni tark yetsa va fuqaroligini o‘zgartsa, u holda to‘lovlarni talab qilish huquqi yo‘qoladi. Agar 18 yoshgacha bo‘lgan bola fuqaroligini o‘zgartirmasdan mamlakatni tark etsa, to‘lovlarni talab qilish huquqi saqlanib qoladi. 18 yoshga to‘lganida hisobdagi mablag‘lar 5−10 yil davomida saqlanadi. Agar mablag‘lar 5−10 yil ichida talab qilinmasa, hisob varaqdagi mablag‘larni pensiya hisob varag‘iga o‘tkazish taklif etiladi.

Bundan tashqari, bu mablag‘lar meros qilib qoldirilishi ham mumkin. Bola muomalaga layoqatsiz bo‘lgan taqdirda, ota-onalarga vasiylarga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda mablag‘lardan foydalanish huquqi beriladi.