O‘zbekistonning 5 ta hududda elektr energiyasi tarmoqlariga noqonuniy ulanish holatlari aniqlanib jami 618 mln so‘m zarar yetkazildi, deya xabar berdi Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti.

Xususan, Departamentning Zangiota tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvlarda, «T.-B.», «T.A.» MCHJ rahbarlari va «O‘rtaovul» MFYda yashovchi Yu.B. maishiy xizmat ko‘rsatish binolarini elektr ta’minoti korxonasi bilan shartnoma tuzmasdan, tarmoqqa noqonuniy ulab, jami 476,6 ming kVt/s elektr energiyasidan foydalangan.

Qarshi shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvda esa «K.g.» MCHJ rahbari va boshqalar korxonaga qarashli issiqxonani elektr tarmog‘iga ulab, 348,1 ming kVt/s elektr energiyasidan foydalangani ma’lum bo‘ldi.

Narpay tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvda yesa, «N.b.» fermer xo‘jaligi rahbari A.T. va boshqalar xo‘jalik transformatorini hech qanday hujjatsiz yuqori kuchlanishli elektr tarmog‘iga noqonuniy ulab, 212,9 ming kVt/s elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan.

Bunndan tashqari, Urganch tumanida «Z.Q.» MCHJ va «J.N.» xususiy korxonasi rahbarlari umumiy ovqatlanish hamda qurilish obyektini umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga hisoblagichdan tashqari ulanib, 122,3 ming kVt/s elektr energiyasidan noqonuniy foydalangani aniqlangan.

Shu kabi, Departamentning Xonobod shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda bo‘sa, «N.O.» oilaviy korxonasi rahbari korxona binosini umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga hisoblagichdan tashqari o‘zboshimchalik bilan ulab, 120 ming kVt/s elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgani aniqlangan.

Holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 185−2-moddasi (Elektr, issiqlik energiyasi, gaz, vodoprovoddan foydalanish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.