Har yilning 14 fevralida eslanadigan, ko‘pincha faqat shu kuni eslanib, turli tadbirlarda g‘azallari o‘qilib, ertasiga deyarli unutiladigan Zahiriddin Muhammad Bobur hayot yo‘li, shoh va shoirligi bizdan ko‘ra xorijda mufassal o‘rganilgan. «Boburnoma» asarini o‘qiganlar ham bizdan ko‘ra chet elda ko‘proq. Bu kitob bir shaxsning iqror, afsus, xulosa va ko‘rgan-kechirganlari jamlangan noyob durdona. Garchi ozchilik tanish bo‘lsa-da, oramizda memuar asarga mehri bo‘lak, undan zavq va naf olganlar bor. «Gazeta.uz»ning suhbatdoshlari ana shundaylardan: «Boburnoma» va Boburga mehri baland kitobxonlar.

бобuр, бобuрнома, ориф толиб, ҳuсан niшонов

Jurnalist va muharrir Orif Tolib. Foto: Ma’murjon Obrahmatov / «Gazeta.uz».

Orif Tolib: Bundan 10−12 yil avval kitob bilan tanishgan ekanman. Kecha varaqlab ko‘rsam, 2009 yili sotib olgan ekanman 90-yillarda chiqqan nashrini. Bundan keyin sifatli chop etilgan nashrini uchratmadim.

«Boburnoma»ni o‘qisangiz, muallifning shaxs, inson sifatida kimligiga guvoh bo‘lasiz eng avval. Jo‘mardligi, mardonaligi yaqqol ko‘rinadi. Asarning o‘zidan ham mardonalik yog‘ilib turadi. To‘g‘ri, Boburning ham qusuri, ayblari bor. Lekin eng muhimi, u o‘zining oldida adolatli, xatolaridan xulosalar chiqara oladi.

Qaniydi, Boburning ko‘p xususiyatlari o‘zimda, boshqalarda ham bo‘lsa! Hukmdor uchun adolat, jasorat, himmat eng muhimi.

Kimdir nima kitob o‘qisam ekan deb so‘rasa, hech ikkilanmay, Bobur memuarini tavsiya qilgan bo‘lardim. Naf va zavq berolgan kamyob kitoblardan biri. To‘g‘ri, til to‘sig‘i bor, lekin 25−30 betdan keyin qiyinchilik kamayadi.

бобuр, бобuрнома, ориф толиб, ҳuсан niшонов

«Ma’rifat» gazetasi bosh muharriri Husan Nishonov. Foto: Ma’murjon Obrahmatov / «Gazeta.uz».

Husan Nishonov: O‘quvchi paytimiz el qatori darsliklarda o‘qiganmiz «Boburnoma»ni. Keyin «Bobur» videofilmini ham ko‘rganmiz. Bu kitobning ilk jalb etadigan jihati — uning tili. O‘sha davr asarlari tilidan tubdan farq qiladi. Jimjimadordan yiroq, asosiy maqsadni o‘zimizning tilda, dangal-dangal ifodalagan. Qayta-qayta o‘qishimiga sabablarning asosiysi shu. Uning shaxsi va hayot yo‘li esa ikkinchi turtkidir. Bobur bilan «Boburnoma»ning ichida yashashga harakat qilaman.

Orif Tolib: Bundan tashqari, u o‘ta qiziquvchan odam bo‘lgan. Qayergadir borsa, o‘sha yerning o‘simligi, tabiati, aholisi, geografiyasi, turmush tarzini sinchkovlik bilan o‘rgangan. Meni hayratlantirgani, Bobur o‘ta kechirimli shaxs bo‘lgan. Yaqinlaridan keladigan xiyonatlarga ham o‘ta bag‘rikenglik qilgan. Qavm-qarindoshining xiyonatiga ham ko‘z yumadi, kechiradi.

Bugungi til nutqai nazaridan ham «Boburnoma» eng katta, muhim manbalardan. Asarni diqqat bilan o‘qish kerak. Qiynalsangiz, mayli, tabdilini ko‘rsa ham bo‘ladi. Lekin originalini o‘qigan afzalroq. Uslubi zavq beradi. Bu pand-nasihat jamlangan kitob emas.

Husan Nishonov: Bolaligimizda o‘qituvchilar aytardi: «Bobur Andijondan keltirilgan qovunni so‘yib, yeb yig‘ladi. Vatan sog‘inchi… Andijonni ko‘p sog‘ingan, qaytishni xohlagan», deyishardi «Vatan tuyg‘usi» darslarida. Biz ishonganmiz. Vaholanki, birinchi va ikkinchi o‘qiganlarimda e’tibor bermagan ekanman, keyin diqqat qilsam, tarixiy fakt boshqa ekan. Bobur Andijondan emas, Kobuldan keltirilgan qovunni yeb, shunday ta’sirlangan ekan. «O‘shal yoqlar», deb Andijon, Samarqand yo Movarounnahrni emas, Kobulni nazarda tutgan. Tarixda soxtaliklar ko‘p. Biz ko‘pincha bugungi kun nazari bilan yondashamiz. Bobur 17−18 yoshlarida Movarounnahrni tark etgan bo‘lsa, yigitlik, yetuklik davri Kobulda o‘tgan. Hindistonda yashagan yillari ham xastalanib qolsa, havosi yoqmay, holi og‘irlashsa, Kobulni qo‘msagan. Aytmoqchi bo‘lganim, Vatan degan qarashga hozirgi zamon qarashi bilan qaramasligimiz kerak. Afg‘oniston demayapman, Kobul podsholigini nazarda tutyapman.

Orif Tolib: Bobur shoir sifatida bog‘da qo‘lini iyagiga qo‘yib, o‘y surib o‘tirib, ijod qilgan shoir emas. Ot ustida turib ijod qilgan. Bundan keyin biror badiiy asar yozilsa, uning shaxsiga alohida e’tibor berish shart.

Husan Nishonov: Zahiriddin Muhammad Boburdek boshqa ham shoh, ham shoirlar hayot yo‘li xorijda ko‘p va xo‘b o‘rganilmagan. Buning sabablari juda ko‘p. Eng asosiy sabablaridan biri, Boburning hech kimni ayamaganligi. Muvaffaqiyat, mag‘lubiyatlari, hatto otasi, yaqinlarini ayamagani, qon-qarindoshlarini ham tanqid qilgani bilan diqqatga sazovor. O‘zining qusurlarini ham yashirmay sanagan.

Boburga mehrim balandligidan qizlarimga Gulbadanbegim, Gulrangbegim, o‘g‘limga Muhamad Bobur deb ism qo‘yganman. O‘rtanchamning ismi Nilufar. Uch bolamning ismi menga har kuni Bobur Mirzoni eslatib turadi.

Boburni ko‘pincha ijodkor sifatida ko‘z oldimizga keltiramiz. Lekin u birinchi navbatda siyosatchi va haqiqiy lider. U hamma sohada har tomonlama yaqinlariga, qo‘l ostidagilarga o‘rnak bo‘la oladigan shaxs.

Qunt qilgan odam «Boburnoma»ni o‘qib, tushuna oladi. Ma’nosi o‘zgargan so‘zlarni esa alohida lug‘at qilib chiqarish mumkin.

Suhbatning to‘liq shaklini «Gazeta.uz»ning YouTube’dagi sahifasida ko‘rishingiz mumkin.

Charos Nizomiddinova suhbatlashdi.

Tasvirchi va montajchi Ma’murjon Obrahmatov.