Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi matbuot xizmati ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ayol kishi yosh bolani urayotgani aks etgan video yuzasidan munosabat bildirdi.

Chilonzor tumanida yashovchi 1995 yilda tug‘ilgan I.X. o‘zining nogironligi bor farzandiga enagalik qilish uchun 2002 yilda tug‘ilgan S.T.ni ishga yollagan. Biroq, enaganing xizmatidan shubhalangan uy egasi farzandining yotoqxonasiga kuzatuv kamerasini o‘rnatgan.

11 fevral kuni enaga 2017 yilda tug‘ilgan K.Z.ga qo‘pol munosabatda bo‘lib, urib kaltaklagan holati kuzatuv kamerasida qayd etilgan. Xonadon egasi I.X. shu kuni S.T.ni ishdan bo‘shatgan hamda fuqarolarni ogohlikka chaqirish maqsadida videotasvirni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatgan.

Mazkur holat yuzasidan Chilonzor tumani IIO FMB tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda. Uning yakuni bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi, deyiladi boshqarma xabarida.