YUNESKOning 2011 yil oktabrida o‘tkazilgan Bosh konferensiyasida 13 fevral Butunjahon radio kuni deb e’lon qilingan — 1946 yilning xuddi shu kunida BMT radiosiga asos solingan edi. Bu bayram 2013 yildan beri radiochilar kuni sifatida butun dunyoda nishonlab kelinadi. «Gazeta.uz» muxbiri Mirolim Isajonov mazkur sana munosabati bilan O‘zbekistondagi radio eshittirishlar tarixini o‘rgandi va radio sohasi bo‘yicha tadqiqot olib borgan mutaxassislar bilan suhbatlashdi.

Birinchi radiostansiya

«O‘zbekiston teleradiosi taraqqiyot solnomasi» nomli kitobda qayd etilishicha, 1915 yili Toshkentda Markaziy Osiyodagi birinchi kuchli qabul qiluvchi va uzatuvchi radiostansiya ishga tushirilgan.

Toshkent shahrining hozirgi Farg‘ona yo‘li ko‘chasida joylashgan 1-son radiostansiyaning 1915 yilgi va bugungi kundagi ko‘rinishi. Fotosurat «O‘zbekiston teleradiosi taraqqiyot solnomasi» kitobidan olindi.Toshkent shahrining hozirgi Farg‘ona yo‘li ko‘chasida joylashgan 1-son radiostansiyaning 1915 yilgi va bugungi kundagi ko‘rinishi. Fotosurat «O‘zbekiston teleradiosi taraqqiyot solnomasi» kitobidan olindi.

«Mazkur 1-sonli radiostansiyaning qurilishi 1911 yilda boshlanib, to‘rt yilda bitkazilgan. Rombli-antennalar majmuasini o‘rnatish uchun balandligi 90 metrdan bo‘lgan 6 dona antenna minoralar kompleksi Germaniyaning „Siemens“ kompaniyasi tomonidan loyihalashtirilgan va qurilgan. Radiostansiya hozirgi Yashnobod tumani Farg‘ona yo‘li ko‘chasi 15-uy manzilida („O‘zbum“ yaqinida) 60 gektar joyda bunyod etilgan. Undagi uchqunli razryad ulkan elektromagnit bilan ta’minlangan. Quvvat bazasi har biri 160 kVt quvvatga ega batareyalar va ikkita dizel generatoridan iborat edi», — deyiladi kitobda.

Bu radiostansiya yordamida birinchi radiogramma 1915 yili olingan bo‘lib, u Moskvadan Toshkentga poyezd yo‘lga chiqqani haqidagi xabar edi. Aynan shu inshoot O‘zbekistonda simli tarmoqning yaratilish manbaiga aylangan. U keyinchalik yer usti radioeshittirish va teleko‘rsatuvlar bilan ta’minlangan ilk radioaloqa inshooti bo‘lib hisoblangan.

Birinchi radio eshittirish

1920 yili Samarqand, Buxoro, Xiva va Farg‘ona shaharlarida radioaloqa vositalari ishga tushirilgan. 1925 yilda radioeshittirishlarni tashkil etish maqsadida tajriba-sinovlar o‘tkazila boshlangan. Sohaga tegishli muhandislik inshootlari va ikki radiominorali uzatuvchi antenna qurilgan.

«Radiostansiyada birinchi bo‘lib o‘rta to‘lqin (526 metr)da ishlaydigan RA-12 rusumli radioeshittirish uzatgichi o‘rnatilgan. Bu stansiya Oloy bozori yonida qurilgan. 1927 yil 11 fevral kuni ushbu inshootlar majmuasi ishga tushirilgan va bu kun O‘zbekistonda radioeshittirishlar efirga chiqqan sana sifatida tarix sahifalaridan joy olgan. Aynan shu kuni Toshkent radioeshittirish radiostansiyasining tantanali ochilishi marosimi o‘tkazilgan. Radioeshittirish signallarini 30 dan ziyod radiokarnaylar va bir necha yuzdan ortiq xonadonlardagi radioqabulqilgichlar orqali eshitish mumkin edi», — deya bayon qilingan «O‘zbekiston teleradiosi taraqqiyot solnomasi»da.

Radio va televideniye ravnaqiga katta hissa qo‘shgan olim, jurnalist B.Rixsiyevning «To‘lqinlar qanotida» kitobida keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, birinchi kungi radio eshittirishning dasturi (programmasi) quyidagicha edi:

1. Tabriklar (soat 06:00 dan):

a) VKP (b) Markaziy komitetning O‘rta Osiyo byurosi va Iqtisodiy kengash nomidan — 15 minut;

v) O‘rta Osiyo harbiy okrugidan o‘rtoq Kuzmin — 5 minut;

g) VLKSM Markaziy komitetning O‘rta Osiyo byurosidan o‘rtoq Sorokin — 5 minut;

d) O‘zbekiston SSR huqumati nomidan o‘rtoq Mo‘minxo‘jayev — 10 minut;

ye) Matbuot vakili o‘rtoq Nodel — 5 minut;

j) Ilmiy jamiyat vakili o‘rtoq Shlegel — 5 minut;

z) O‘rta Osiyo «Radio do‘stlari jamiyati» nomidan o‘rtoq Pereyashkin — 5 munut.

2. Konsert bo‘limi.

Shu tariqa radio tarixidagi birinchi kun efir dasturi o‘z nihoyasiga yetkazilgan.

Qayd etish joiz, O‘zbekistonda radioning ilk faoliyatidan boshlab konsert dasturlariga alohida o‘rin ajratilgan. Radioning ilk efirlaridanoq Mulla To‘ychi Toshmuhammedov, Safo Mug‘anniy, domla Halim Ibodov, Qori Yoqubov, Hoji Abdulaziz Rasulov, Tamaraxonim, Halima Nosirova, Imomjon Ikromov singari mashhur hofizlar, usta sozandalar radioeshittirishlarda doimiy ishtirok etib borishgan.

Birinchi suxandon

Shuhrat Hayitovning «Radio va televideniye» kitobida qayd etilishicha, 1930−1934 yillar oralig‘ida avval Urganchda, so‘ng Nukus shaharlarida ham radiouzellar ishga tushirilgan. Bu paytga kelib radio jamiyat hayotidan shunday muhim joy olib ulgura boshladiki, barchaning e’tibori va diqqati bu mo‘’jizadan taralayotgan eshittirishlarga qaratilardi.

«Radiojurnalistika tarixiga doir ayrim manbalarda ilk bor Abduqodir ismli suxandon o‘zbek tilida „Allo, diqqat, allo, Toshkentdan gapiramiz!“ degan so‘zlar bilan eshittirish boshlagani aytiladi. Yana boshqa ilmiy materiallarda keltirilishicha, o‘zbek radiosining birinchi diktori Nazirxon Kamolov ekanligi qayd etiladi. Xususan, olim va jurnalist B.Rixsiyevning o‘sha paytda respublika radioeshittirish ishlarini tashkil etish tashabbuskorlaridan bo‘lgan Hojimurod Avazxo‘jayev va Fotima Yunusxo‘jayeva bilan qilgan suhbatlari asosida radioning birinchi diktori kim bo‘lganligi o‘zining isbotiga ega bo‘ladi. B.Rixsiyev 1965 yilda radioning birinchi suxandonini axtarib topishga va uning radio haqidagi xotiralarini yozib olishga erishadi», — deyiladi kitobda.

Nazirxon Kamolovning xotiralariga ko‘ra, u 1928 yili O‘rta Osiyo Davlat universitetining melioratsiya fakultetida o‘qib yurgan chog‘lari o‘sha payt Toshkent radioeshittirish stansiyasining rus bo‘limi boshlig‘i Sumbatovning taklifiga binoan radioda diktorlik faoliyatini boshlagan va shu tariqa radio faoliyatida birinchi diktor nomiga ega bo‘lgan.

Radioning jasorati

«O‘zbekiston teleradiosi taraqqiyot solnomasi»da keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 1932 yil 1 dekabrga kelib O‘zbekistonda radioqurilmalar soni 1900 taga, jumladan, klub va choyxonalarda 176 ta, kolxozlarda 583 ta, davlat xo‘jaliklari va mashina-traktor stansiyalarida 15 ta, maktablarda 15 taga yetgan. Shaxsiy qurilmalar soni 655 ta edi. «Radio asta-sekin madaniyatning asosiy elementlaridan biriga aylandi… 1940 yilning oxiriga kelib O‘zbekistonda radio qabul qilish maskanlari soni 72 mingtaga yetdi», — deyiladi kitobda.

Radiospektaklni yozib olish jarayoni. 1931 yil. Foto: O‘zbekiston Kinofotofono hujjatlar milliy arxivi (suratdan foydalanish huquqi «Gazeta.uz» tomonidan sotib olingan).Radiospektaklni yozib olish jarayoni. 1931 yil. Foto: O‘zbekiston Kinofotofono hujjatlar milliy arxivi (suratdan foydalanish huquqi «Gazeta.uz» tomonidan sotib olingan).

1934 yilning oxirida O‘zbekiston aholisi radio orqali 7,5 soatlik kundalik dasturlarni tinglash imkoniga ega edi. Radioeshittirishlarning salkam 50 foizini musiqiy dasturlar tashkil etsa, 13,7 foizi axborotga, 6,6 foizi ta’limga, 4,4 foizi adabiy-dramatik dasturlarga, qolgan 26 foizi esa bolalarga bag‘ishlangan dasturlar edi. Ammo 1941 yilga kelib, vaziyat butunlay o‘zgargan, eshittirishlar dasturi tubdan o‘zgartirilib, «radio front ortining eng jangovor, hozirjavob ommaviy axborot vositasiga aylangan edi».

Tarix fanlari doktori, professor Sanobar Shodmonova va Qo‘qon davlat pedagogika instituti o‘qituvchisi Mashhura Temirovaning «O‘zbekiston radiosining Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaga qo‘shgan hissasi» nomli maqolasida ta’kidlanishicha, urush boshlangani haqidagi shumxabarni ham, urush yakunlangani haqidagi xushxabarni ham o‘zbekistonliklarga eng birinchi bo‘lib radio yetkazgan.

Foto: Shuhrat Hayitovning «Radio va televideniye» kitobidan.Foto: Shuhrat Hayitovning «Radio va televideniye» kitobidan.

«1941 yil 22 iyunda „So‘nggi axborot“ dasturida frontdan olingan birinchi xabar o‘qib eshittirilgan. 1941 yil 3 iyul kuni erta tongda Moskva vaqti bilan soat 08:00 da radio orqali xalq ommaviy safarbarlikka chaqirilgan… Respublika aholisi urushning yakunlanishi to‘g‘risidagi xabarni intiq bo‘lib kutishardi. Dastlab bu xabarni ham xalqqa respublika radiosi suxandoni Hamid G‘ulomov e’lon qildi», — deyiladi maqolada.

Radio xalqning jang maydonidagi voqealardan muttasil xabardor qilib turuvchi eng tezkor aloqa vositasi edi. Urushning o‘zbekistonlik ilk qahramonlari — Qo‘chqor Turdiyev, To‘ychi Eryigitov, Vladimir Karpov, general Sobir Rahimovning jasoratlari ham dastlab radio orqali e’lon qilingan. «Frontdan xatlar» va «Frontga xatlar» nomli eshittirishlari frontdagilar va front ortidagilarning muloqot maydonchasiga aylangan. «So‘nggi soatda» informatsion dasturida esa yuzlab xabarlar o‘qib eshittirilgan.

Foto: Shuhrat Hayitovning «Radio va televideniye» kitobidan.Foto: Shuhrat Hayitovning «Radio va televideniye» kitobidan.

Ayni vaqtda, radio faqat urush xronikasi bilan cheklanib qolmagan — uning xabar yetkazishdan boshqa, «xalqning ovunchog‘iga aylanib, umid bag‘ishlash» funksiyasi ham bor edi. «Oybek, Hamid Olimjon, Zulfiya, G‘afur G‘ulom, Shayxzoda, Abdulla Qahhor, Mirtemir, Uyg‘un singari adabiyot vakillari o‘z asarlarini radio orqali o‘qib borgan. To‘xtasin Jalilov, Yunus Rajabiy, Risqi Rajabiy, Jo‘raxon Sultonov, Ma’murjon Uzoqov, Karim Mo‘minov, Berta Davidovalar kechqurun soat 21:00 dan 22:00 gacha bo‘ladigan konsertga tayyorgarlik ko‘rardi», — deb yozadi tadqiqotchilar.

Jonli translyatsiyalar, 16 tilda efirga chiquvchi xalqaro radio

Yillar o‘tishi bilan, bir tomondan, O‘zbekistonni to‘liq radiolashtirish harakati olib borilgan bo‘lsa, boshqa tomondan radioeshittirishlar markazi texnik va texnologik jihatdan takomillashishda davom etdi. 1966 yilning kuzida O‘zbekiston radiosi uchun 12 ta studiya apparatxona va montajxonalardan iborat besh qavatli bino qurib bitkazilib, o‘sha davr uchun eng zamonaviy hisoblangan texnika bilan ta’minlangan.

Farg‘ona viloyatidagi kolxoz radiouzellarining birida. 1954 yil. Foto: O‘zbekiston Kinofotofono hujjatlar milliy arxivi (suratdan foydalanish huquqi «Gazeta.uz» tomonidan sotib olingan).Farg‘ona viloyatidagi kolxoz radiouzellarining birida. 1954 yil. Foto: O‘zbekiston Kinofotofono hujjatlar milliy arxivi (suratdan foydalanish huquqi «Gazeta.uz» tomonidan sotib olingan).

Biroz vaqt o‘tib, eski ikki qavatli bino qayta tiklangach studiyalar soni 17 taga yetkazilgan. 1967 yilda O‘zbekiston radiosining Respublika radio eshittirish va ovoz yozish uyi tashkil etilgan. 1982 yilda qo‘shimcha uch qavatli yangi bino ishga tushirilgan. Bu bino yirik badiiy jamolarning dramatik eshittirishlari va radiospektakllarni yozib olishga mo‘ljallangan.

O‘z navbatida, turli yangiliklar tatbiq etilgan. Masalan, 1960 yilda O‘zbekiston radiosi tomonidan birinchi marta futbol reportaji stadiondan bevosita translyatsiya qilingan bo‘lsa, 1962 yilda stereoda ovoz yozib olish yo‘lga qo‘yilgan.

Shuhrat Hayitovning «Radio va televideniye» kitobida keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, urushdan keyingi davrda O‘zbekiston radiosi bilan bog‘liq eng muhim yangiliklardan biri — 1947 yil 1 sentabridan «Toshkentdan chet ellarga radio eshittirishlar» deb nomlangan Toshkent xalqaro radiokanalining ishga tushishi edi.

Dastlabki davrda kuniga umumiy hajmi 45 daqiqadan iborat ingliz, fors va uyg‘ur tillaridagi (15 daqiqadan) eshittirishlarni qisqa to‘lqinlar orqali efirga uzatish yo‘lga qo‘yilgan. Oradan bir yil o‘tgach, eshittirishlar hajmi kuniga bir soatga yetkazilgan. 1957 yil 1 martdan urdu va arab tillarida eshitirishlar tashkil etilgan.

1962 yil oktabrdan «Vatandosh» muharririyati O‘zbekistondan yiroqda yashovchi o‘zbeklar uchun har kuni ularning ona tilida eshittirishlar bera boshlagan. 1990 yillarga kelib Toshkent xalqaro radiosi dunyo xalqlarining 16 tilida kuniga 17,5 soat eshittirishlarini efirga uzatardi…


Radio yaqin-yaqingacha gazeta-jurnallar va televideniye bilan birgalikda an’anaviy ommaviy axborot vositalaridan biri edi. Albatta, radio hali ham bu maqomini yo‘qotgani yo‘q (xuddi gazeta va televideniye yo‘qotmaganidek), biroq ushbu uchala OAV fazilatlarini o‘zida jamlagan internet radioning-da ahamiyatini biroz pasaytirgandek. Ayni vaqtda, onlayn servislarda tobora ommalashib borayotgan podkastlarni qaysidir ma’noda radio eshittirishlarning internetdagi qayta tug‘ilishi sifatida talqin qilish mumkin.