«Yoshlik» kinostudiyasi va Xorazmcinema hamkorligida XX asrning 20 yillarida Germaniyada o‘qigan o‘zbek talabalaridan Maryam Sultonmurodovaga bag‘ishlangan «Matonatli Maryam» filmi suratga olinmoqda. Bu haqida Kinematografiya agentligi axborot xizmati xabar berdi.

Ushbu film to‘liq metrajli, drama janridagi badiiy film bo‘lib, ssenariy muallifi Ro‘ziboy Kulmatov, postanovkachi rejissyor Umrbek Ro‘zimov, badiiy rahbar Mansur Vasati hisoblanadi.

Ma’lum qilinishicha, filmda 1922 yilda turkistonlik jadidlar tashabbusi bilan Germaniyaga o‘qishga yuborilgan xorazmlik Maryamxon Sultonmurodovaning taqdiri haqida hikoya qilinadi. Maryamxon otasi — «Yosh xivaliklar» harakatining yo‘lboshchilaridan bo‘lgan Xorazm Xalq Respublikasi muvaqqat rahbari Jumaniyoz Sultonmurodovning taraqqiyparvarlik g‘oyalari ta’sirida ulg‘ayadi. Shu sabab to‘siqlarga qaramay, Germaniyaga borib o‘qishga intiladi va buning uddasidan chiqadi.

Ayni paytda mazkur tarixiy-badiiy filmni suratga olish bo‘yicha lokatsiyalar o‘rganilmoqda.