Xalq deputatlari Toshkent shahri kengashi mahalliy budjetning 2023 yildagi qo‘shimcha manbalarini xarajatlarga yo‘naltirish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Iqtisodchi Otabek Bakirov qo‘shimcha daromadlarni taqsimlash boshlangani va undagi ayrim xarajatlarga e’tibor qaratdi.

“Raqamli poytaxtga 5 mlrd so‘m. Kurashga 7,2 mlrd so‘m. Zararlarni qoplashga 50 mlrd so‘m. Qimmatlagan rekonstruksiya” sarlavhali postda dastlab Raqamli rivojlantirish departamenti va “Raqamli poytaxt” markaziga 5 mlrd so‘m ajratish ko‘zda tutilgani keltirib o‘tilgan.

“Muammo shundaki, mazkur departament va markaz budjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan emas, Toshkent shahri mahalliy budjeti parametrlarida aks ettirilgan xarajatlar hisobidan moliyalashtirilishi kerak. Bu bo‘yicha prezident qarorida shunday talab aks etgan”, — deb yozadi bloger.

Uning ta’kidlashicha, shahar budjetidan kurashga pul ajratilishi davom etmoqda. Kurash instituti va Kurash federatsiyasi oylik ish haqi va saqlash xarajatlari uchun jami 7,2 mlrd so‘m yo‘naltiriladi.

“Qiziq tarafi, “kurash"chilarning ishtahalari tobora ochilib bormoqda. Masalan, o‘tgan yili ikkinchi qismi uchun 3,1 mlrd so‘m ajratilgan edi. Butun dunyoda turli federatsiya va balo-badtar pul o‘zlashtirar institutlar o‘zlari pul topadi, kanadek davlat budjetiga yopishib olmaydi. Lekin O‘zbekistonda sport va sport federatsiyalari budjetga xuddi giyohvanddek o‘tirib qolgan. Jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplashga 50 mlrd so‘m yo‘naltiriladi. Demak, poytaxtda buzish va yer uchastkalarining olinishi davom etmoqda. Eslatib o‘tamiz, Respublika budjetida ham zararlarni qoplashga 517 mlrd so‘m mablag‘ ko‘zda tutilgan”, — deya qayd etdi iqtisodchi.

Mazkur qarorda ayrim poliklinikalar va maktablarni ta’mirlash uchun xarajatlar ham keskin qimmatlashishni boshlaganini ko‘rish mumkin. Masalan, Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 8- sonli poliklinika rekonstruksiyasiga 13,2 mlrd so‘m ajratilgan. Solishtirish uchun, xuddi shu tumandagi 26- poliklinikani mukammal ta’mirlashga 2 mlrd so‘m yo‘naltiriladi.

Yunusoboddagi 1098 o‘rinli 265-maktab rekonstruksiyasiga 12,3 mlrd so‘m ajratiladi. Shayxontohurdagi 320 o‘rinli 113 — maktab rekonstruksiyasiga esa 1,1 mlrd so‘m yo‘naltiriladi. Nisbatan hisoblanganda ham, smetada 4 barobariga katta farq bor.

Umuman olganda, poliklinika, SES, maktab va bog‘chalar ta’miridagi ta’mirlash xarajatlarida katta farqliklar yaqqol ko‘zga tashlanadi. Qiymatni shishirish predmetiga nisbatan chuqurroq o‘rganish kerak bo‘ladi, — deyiladi postda.

Iqtisodchi budjet taqsimotida yana ayrim jihatlarga e’tibor qaratdi. Jumladan, Toshkent budjetining ilk ortiqcha daromadlaridan 214 mlrd so‘m poliklinika va maktab, bog‘cha va SESlarni ta’mirlashga yo‘naltirilgan.

“Bu yuqoridagi [„Qaysi biri muhim: ta’mirlash yoki yangilarini qurish?“] savolni o‘rtaga chiqaradi. Bu hozircha pochin xolos. Poytaxtning avvalgi hokimi ham hech kimdan so‘ramay budjetni taqsimlardi, hozir muvaqqat rahbar bo‘lib turgani ham shu. Nima muhimligini, nima kerakliroqligini ular belgilashadi. Garchi bilishmasa ham. Toshkentda maktab yetishmaydi. Yangilarini qurish kerak. Lekin ular mavjud maktablarni ta’mirlash zarurroq deb hisoblashadi. Toshkentda poliklinikalar yetishmaydi. Lekin ular bor poliklinikalarni ta’mirlagan afzalroq deb o‘ylashadi”, — deydi Otabek Bakirov.

Iqtisodchi fikrini “Lekin o‘ta og‘ir kelgan va hozircha yarq etgan yorug‘lik ko‘rinmayotgan 2023 yilda ham avvalgi 6 yildagidek ish tutamizmi? budjetni osmonga sovurishda davom etamizmi? Yo o‘zimiz uchun nima muhimligini, muhimroq ekanini aniqlab olishga kirishamizmi?” degan savol bilan yakunlagan.