Shavkat Mirziyoyev 10 fevraldagi farmoni bilan elektr va issiqlik energiyasi, shuningdek, elektr energiyasini taqsimlash va sotish xizmatlari tariflarini tartibga soluvchi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Idoralararo tarif komissiyasi tarkibiga o‘zgartirish kiritdi.

Iqtisodiyot va moliya vaziri Sherzod Kudbiyev komissiya raisi, energetika vazirining birinchi o‘rinbosari Azim Axmedxadjayev esa rais o‘rinbosari etib tayinlandi.

Komissiyaning boshqa a’zolari: qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Sherzod Hidoyatov, transport vaziri o‘rinbosari Abdusamat Mo‘minov, adliya vaziri o‘rinbosari Alisher Karimov, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi raisi Shaxruh Sharahmetov hamda Iqtisodiyot va moliya vazirining o‘rinbosari (hozircha lavozim bo‘sh qolmoqda).

Bungacha komissiya rahbari sifatida bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov, sobiq moliya vaziri Timur Ishmetov esa uning o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan edi.

Tartibga solinadigan tariflarga quyidagilar kiradi:

  • ishlab chiqaruvchi tashkilotlar tomonidan ishlab chiqarilgan elektr va issiqlik energiyasiga tariflar;
  • taqsimlovchi tashkilotlar tomonidan qo‘llaniladigan elektr energiyasini taqsimlash va sotish uchun ustama;
  • iste’molchilarning turli guruhlari uchun elektr energiyasidan foydalanish qoidalariga muvofiq belgilanadigan elektr energiyasi tariflari.

Erkin (tartibga solinmagan) elektr energiyasi tariflariga xalqaro shartnomalar bo‘yicha sotib olingan va sotilgan elektr energiyasi, shu jumladan, milliy tarmoqlar orqali davlatlararo tranzit uchun tariflar kiradi.

Elektr energiyasi tariflari uni ishlab chiqarish, uzatish, taqsimlash va sotish uchun oqilona xarajatlar asosida, operatsion va kapital xarajatlarni to‘liq qoplash va rentabellikni kamida 10% va 20% dan ortiq bo‘lmagan diapazonda saqlashni hisobga olgan holda shakllantiriladi. Rentabellik sof foyda miqdorini elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish, taqsimlash va sotish bo‘yicha faoliyatni amalga oshirish bilan bog‘liq barcha xarajatlar yig‘indisiga bo‘lish yo‘li bilan aniqlanadi.

Komissiyani tashkil etgan hukumatning 2019 yil 15 apreldagi qarorida ilg‘or xalqaro tajribani hisobga olgan holda 2023 yilgacha tariflarni belgilash metodologiyasiga bosqichma-bosqich o‘tish ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, 2023 yildan boshlab belgilangan tartibda tasdiqlangan elektr energiyasi tariflari kamida uch yil muddatga amal qilishi rejalashtirilgan edi.